Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning Angor tuman prokurori Sirojiddin Ramazonovni haqoratlagan audiosi tarqaldi.

Huquqshunos Zafar Solijonov e’lon qilgan audioda viloyat rahbari taxminan Angor tuman hokimiga qarata uni to‘g‘ri tushunishi, prokurori tomosha qilib o‘tirganini ta’kidlagan. Mazkur suhbat telefonda bo‘lgan bo‘lishi mumkin, sababi To‘ra Bobolov tuman prokurori eshitayotgan yoki yo‘qligini so‘rab, «trubka»ni berishni buyurgan.

Sirojiddin Ramazonov hokimga salom bergan, Bobolov esa alik olmasdan uning ishini tanqid qilishga o‘tgan.

«Tumanga nima yordam berayapsan, qani? Sen ham prokurormisan? Sen qonuniylikni ta’minlashing kerak. Sektor rahbarisan, birorta ishga yordam bermagansan. Birorta yordam berayotganing yo‘q», — dedi To‘ra Bobolov.

Ikkinchi tomondan esa taxminan prokurorning ovozi viloyat rahbarini gapini bo‘lib, shunday degani eshitildi: «Hamma soha bo‘yicha yordam berayapman».

Hokim esa uni tashkilotlarni chaqirib, bezovta qilayotgani, noqonuniy harakat qilayotgani uchun koyib bergan. Prokuror esa «tashkilotlarni u chaqirmagani», balki ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini aytgan. «Davlatni pulini yegani uchun chaqirganman uni. Topshiriq bo‘ldi, qayta tekshirayapmiz To‘ra Abdiyevich», — dedi Angor prokurori. Biroq audiodan aynan qaysi tashkilot yoki shaxs haqida gap ketayotganini anglash qiyin.

Shundan so‘ng, prokuror uning gapini qayta va qayta bo‘lgani uchun viloyat hokimining jaxli yanada chiqib, shaxsiyatga o‘ta boshlagan: «Davlatni pulini yegan bo‘lsa, qamab tashla tushundingmi? Yemagan bo‘lsa, javob ber (taxminan qo‘yib yuborish nazarda tutilmoqda — tahr.). Tilingni bir qarich qilma, vallomat bo‘lsang ham. Tilingni bir qarich qilasan menga, kimsan o‘zi sen? Menga g‘o‘ddayma, yoqmayotgan bo‘lsa ket *****. Sen nima demoqchisan menga? Senga o‘xshaganlarni ****. Sen meni sovunimga kir yuvmabsan. Shoshmay tur, *********».

«Savolimga javob ber, texnikani kiritdingmi? Eksport qildingmi? Javob ber deyapman senga», — deya o‘dag‘aylagan hokim. Shundan so‘ng, audioda suhbat boshqa birov bilan davom etgani eshitilgan. Ikkinchi tomonda kimligi noma’lum.

«Angorni prokurorini tili bir qarich-ku. Nima meni qo‘rqadi deb o‘ylayapsizlarmi? Hozir masalasini qo‘yaman, bu ahmoqni. Birorta ishni qilmagan, na eksport, na qishloq xo‘jaligi… hammasini tashlab qo‘ygan», — dedi To‘ra Bobolov. Audio sifati juda pastligi sabab suhbatning davomida aynan nimalar nazarda tutilayotganini anglash mushkul.

Mazkur audio yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati dastlabki munosabatni bildirdi.

«Audiomaterial joriy yilning fevral oyida hokimlik soatida bo‘lib o‘tgan muhokamadan kesib olinib, boshqacha talqin qilingan. Asl holatda yig‘ilishda kun tartibiga qo‘yilgan masalalar muhokamasi jarayonida viloyat rahbari Angor tumani sektor rahbarlaridan tumanning investitsiya, eksport va soliq tushumlari bo‘yicha yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarini tanqidiy muhokama qilib, tanbeh bergan. Shu jumladan, tuman prokuroriga ham», — deyiladi xabarda. Biroq, audiodan suhbat yig‘ilishda emas, balki qo‘ng‘iroq orqali bo‘lganini anglash mumkin.

Ta’kidlanishicha, «mazkur yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tganligi sababli viloyat hokimi asabiy holatda gapirishga majbur bo‘lgan».

«Agar ushbu yig‘ilish jarayonidan kesib olinib montaj qilingan va turlicha talqin etilayotgan audiomaterialdagi holatlar o‘rganish natijasida qonunga xilof deb topilsa, qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishiga tayyorligini ma’lum qilamiz», — deyiladi hokimlik bayonotida.

Holat yuzasidan Bosh prokuratura ham o‘zining munosabatini e’lon qildi. «Tarqatilgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda», — deyiladi xabarda.