Jizzax viloyati Paxtakor tumanida 3 yoshli qizaloq qarindoshi tomonidan tan jarohatlari yetkazilishi oqibatida shifoxonada vafot etdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qizchaning onasi A.Q. 2020 yilda Turkiya davlatiga chiqib ketgan va farzandini qarindoshi D.Yu.ning qaramog‘iga hujjatlarsiz tashlab ketgan.

Ayol 2019 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan Sh.Q ga qasddan og‘ir tan jarohati yetkazganligi oqibatida u o‘ziga kelmasdan, 13 avgust kuni shifoxonada vafot etgan.

«Qizcha shunchalik xo‘rlaganki, ko‘karmagan joyi qolmagan. O‘ng qo‘li singan, yuz ko‘zlari ko‘karib, shishib ketgan. Hamma joyida shilingan, ko‘karishlar bor, og‘iz bo‘shlig‘i — milklari yiringlab ketgan», — deb yozmoqda Daryo.

Holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sud ajrimiga ko‘ra unga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergovning borishi ustidan viloyat prokurori tomonidan alohida nazorat o‘rnatilgan.