Hukumatning 16 avgustdagi [451-son] qarori bilan “Oilaviy bolalar uylari to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Hujjatga ko‘ra, oilaviy bolalar uyi tuman (shahar) hokimi qarori bilan tashkil etiladi. Bolalarni oilaviy tarbiyaga olish istagida bo‘lganlar hokimlikka ariza beradi. Bunda nikohdan o‘tgan, 35 yoshdan 60 yoshgacha fuqarolar tutingan ota-ona bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, oilaviy tarbiyalash uchun tug‘ilganidan boshlab 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar beriladi. 10 yoshga to‘lgan va undan yuqori yoshdagi bolalarni oilaviy bolalar uyiga faqat ularning roziligi bilan berish mumkin.

Oilaviy bolalar uyiga tarbiyalash uchun 3 yoshdan kamida 3 nafar, lekin ko‘pi bilan 5 nafar bola beriladi. Oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarning yashash xarajatlari Davlat budjetidan qoplanadi.

Nizomga muvofiq, tutingan ota-onalarga har bir tarbiyalanuvchi bolaning yashash xarajatlari uchun har oyda 7 yoshgacha bolalarga BHMning 5 baravari (1,5 mln so‘m), 8−18 yoshdagilar uchun BHMning 7 baravari (2,1 mln so‘m) miqdorida pul ajratiladi.

Qo‘shimcha ravishda, Prezidentning 5 avgustdagi [PQ-345-son] qarori bilan oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga Davlat budjetidan mablag‘ ajratilishi belgilab berildi.

Shuningdek, Milliy Gvardiya hamda Xalq ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda oilaviy bolalar uylarini tashkil qilmoqchi bo‘lgan fuqarolar uchun tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari tashkil etiladi.