«Toshkent» Respublika fond birjasi Gruziya fuqarosi Giorgiy Paresishvilini birja boshqaruvi raisi lavozimiga jalb qildi, deb xabar qildi birja matbuot xizmati.

Giorgiy Paresishvili 2014 yildan buyon Gruziya fond birjasi rahbari, ayni paytda Gruziya Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi Kuzatuv kengashi raisi lavozimida ham ishlab kelmoqda.

Uning asosiy vazifalari mahalliy fond bozorini kapital bozorining xalqaro infratuzilmasiga integratsiyalashuvi, shuningdek, mahalliy aksiyadorlik jamiyatlariga IPO va SPO o‘tkazishga ko‘maklashishdan iborat bo‘ladi. Shuningdek, yangi raisning vazifalari qatoriga quyidagilar kiradi: ish samaradorligini oshirish, ilg‘or xalqaro tajribalar asosida listing va savdo qoidalariga tavsiyalar berish, listingga kiritilgan kompaniyalar sonini ko‘paytirish, IT kompleksi va boshqa infratuzilmalarni takomillashtirish bo‘yicha tegishli bozor ishtirokchilari bilan yaqindan hamkorlik qilish va boshqalar.

Giorgiy Paresishvili bank va kapital bozorlarida 27 yillik tajribaga ega. 1995 yilda Tbilisi Davlat universiteti iqtisod fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Tbilisidagi «Absolyut Bank»da boshlagan. 2000−2002 yillarda u Michigan universiteti qoshidagi Stiven Ross biznes maktabida tahsil olgan va Biznes boshqaruvi magistri (MBA) darajasini olgan. 2000−2005 yillarda London va Nyu-Yorkda Shveysariyaning eng yirik moliyaviy konglomerati Credit Suisse investitsiya bankining bo‘limi hisoblangan Credit Suisse First Boston`da ishlagan.

2005 yildan beri Giorgi Paresishvili Gruziyaning Bank Republic (Societe Generale Group) Liberty Bank, Bank of Georgia va boshqa kabi yetakchi banklarida yuqori lavozimlarda ishlagan, shuningdek, Gruziyaning Galt and Taggart Securities investitsiya bankining boshqaruvchi direktori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.