Countrymeters loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, 15 avgust kuni dunyo aholisining soni 8 mlrddan oshdi. Ularning 4,04 mlrd nafari erkak, 3,96 mlrd nafari ayollardir. Bu bilan erkaklar va ayollar soni o‘rtasidagi tafovut 1,018 ni tashkil etmoqda.

Qayd etilishicha, Yer sayyorasida yashovchi aholi sonining 1 mlrd kishiga yetishi uchun 200 ming yildan ko‘proq vaqt ketgan. «Ushbu raqam 7 mlrdga yetishi uchun esa 200 yil kerak bo‘ldi, xolos», — deyiladi loyiha saytida.

Ikki davlatda 1 mlrddan ortiq aholi yashaydi: Xitoy va Hindiston. Xitoy aholisi eng ko‘p bo‘lgan davlat bo‘lsa-da, taxminan 2023 yilga kelib, Hindiston aholisi soni eng ko‘p mamlakatga aylanishi mumkin.

Quyidagi 20 davlatda esa dunyo aholisining 70 foizdan ko‘prog‘i yashaydi — 5,6 mlrd.


BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi hisob-kitoblariga ko‘ra, keyingi yillarda Yer aholisi quyidagi bosqichda o‘sib bordi:

  • 1 mlrd — 1804;
  • 2 mlrd — 1927 (123 yildan keyin);
  • 3 mlrd — 1960 (33 yildan keyin);
  • 4 mlrd — 1974 (14 yildan keyin);
  • 5 mlrd — 1987 (13 yildan keyin);
  • 6 mlrd — 1999 yil 12 oktabr (12 yildan keyin);
  • 7 mlrd — 2011 yil 31 oktabr (12 yildan keyin).

Qayd etilishicha, 2022 yilda Yer aholisining o‘sishi davom etib, 8,04 mlrdga yetadi. Tabiiy o‘sish esa 98,4 mln kishini tashkil qiladi.

Dunyo aholisi soni qit’alar bo‘yicha quyidagicha hisoblanmoqda:

  • Osiyo — 4 mlrd 752 mln;
  • Afrika — 1 mlrd 415 mln;
  • Yevropa — 751 mln;
  • Shimoliy Amerika — 604 mln;
  • Janubiy Amerika — 440 mln;
  • Okeaniya — 44 mln.

Quyidagi grafikda esa so‘nggi 60 yil ichida qit’alarda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining o‘zgarishi ko‘rsatilgan.

Dunyo aholisining o‘rtacha yoshi 2018 yilda 30,4 yoshni tashkil qildi. Insonlarning o‘limiga eng ko‘p yurak (miokard) ishemiyasi, insult, pastki nafas yo‘llarining infeksiyalari, surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi, o‘pka saratoni kabi kasalliklar sabab qilib ko‘rsatilgan sayt ma’lumotlarida.

Countrymeters aholi soni to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shu jumladan dunyoning aksariyat mamlakatlari uchun aholi hisob-kitoblarini yurituvchi loyiha hisoblanadi. «Ushbu raqamlar turli xil ochiq statistik ma’lumotlar bazalariga asoslanadi. Loyiha internetda mavjud bo‘lgan eng aniq va ishonchli ma’lumotlarni topishga harakat qiladi. Biroq Countrymeters o‘zi foydalanadigan ma’lumotlarning haqiqiyligiga kafolat bermaydi», — deyiladi loyiha saytida.

O‘z navbatida, Countrymeters to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita hech qanday davlat tashkiloti, BMT yoki jamoat xayriya, notijorat yoki xususiy jamg‘armaga tegishli emasligi yoki boshqarilmasligi ta’kidlanadi. Countrymeters BMT yoki boshqa biron bir rasmiy tashkilot bilan bog‘lanmagani yoki biron-bir rasmiy maqomga ega emasligi qayd etilgan.