Konya (Turkiya) shahrida bo‘lib o‘tayotgan Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari yana 50 ta medalni qo‘lga kiritdi.

-89 kg vazn toifasida ishtirok etgan og‘ir atletikachi Sarvarbek Zafarjonov dast ko‘tarishda (167 kg) va siltab ko‘tarishda (199 kg) hamda ikki kurashda 366 kg natija bilan Islom birdamligi o‘yinlarida mutlaq chempionga aylandi.

20 yoshli og‘ir atletikachi Tursuna Jabborova (-87 kg) ham mutlaq chempion bo‘ldi. U barcha yo‘nalish bo‘yicha (dast ko‘tarishda — 109 kg, siltab ko‘tarishda — 126 kg, ikki kurashda — 235 kg) oltin medalni qo‘lga kiritganidan tashqari, Islom birdamligi o‘yinlari rekordchisiga ham aylandi.

Qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi vakili Muhammad Yusuf Asranov finalda turkiyalik sportchini mag‘lub etib, erkaklar o‘rtasidagi bahslarda ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Og‘ir atletikachi Adhamjon Ergashev -67 kg vazn toifasida dast ko‘tarishda 141 kg natija bilan, ikki kurashda 314 (141+173) kilogramm natija bilan oltin, siltab ko‘tarishda kumush medalga ega chiqdi.

-87 kg vazn toifasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik yunon-rum kurashchisi Jalgasbay Berdimuratov eronlik Ramin Soltanmurodni 11:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Olga Zabelinskaya velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha guruh poygasida (91 km) ham g‘olib bo‘lib, Islom birdamligi o‘yinlarida o‘zining uchinchi oltin medalini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Muhammadqodir Toshtemirov (-81 kg) dast ko‘tarishda 164 kg natija bilan birinchi o‘rinni egalladi va oltin medalga sazovor bo‘ldi. U ikki kurashda (354 kg) bronza medaliga ega bo‘ldi.


Bzyudo bahslarida Jahongir Mamatrahimov -90 kg vazn toifasidagi oltin medalni qo‘lga kiritdi.

38 yoshli yunon-rum kurashchisi Rustam Assakalov (-97 kg) finalda qirg‘izistonlik sportchi Uzur Jusupbekovni mag‘lub etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekistonlik yengil atletikachi Anvar Anvarov uzunlikka sakrashda 8,01 metr natija bilan birinchi o‘rinni egallab, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekistonlik tayekvondochilar terma jamoamiz hisobiga ikkita oltin medal keltirdi. Feruza Sodiqova finalda eronlik sportchini 2:0 hisobida mag‘lub etib, oltin medalga ega bo‘ldi. Svetlana Osipova (+73 kg) esa ikkinchi oltin medalni olib keldi.

Velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha guruh bosqichida (91 km) ikkinchi o‘rinni ham o‘zbekistonlik sportchi — Margarita Misyurina qo‘lga kiritdi va terma jamoa hisobiga yana bir kumush medal qo‘shildi.

Badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi vakili Tahmina Ikromova tasma bilan mashqda 33,650 ball to‘plagan holda oltin, to‘p bilan mashqda kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Shahzoda Ibragimova, Nargiza Jumaniyozov, Nilufar A’zamova, Mumtozabonu Isxoqzoda va Mariya Pak 34,750 ball to‘plab, birinchi o‘rinni egallab, «oltin»ga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekistonlik gimnastikachilar Taxmina Ikromova, Sabina Tashkenbayeva va Yasmina Rahimova 248,500 ball to‘plab, umumjamoa dasturida ikkinchi o‘rinni egallab, kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Guruh mashqlaridagi ikki kurash dasturida 62,550 ball va guruh mashqlarida (3 ta lenta, 2 ta to‘p) gimnastikachilar kumush medalni qo‘lga kiritdi.


Taxmina Ikromova bulava va tasma mashqlarida kumush, Sabina Tashkenbayeva bulava dasturida bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Erkaklar o‘rtasida 4×100 masofaga erkin usulda suzish bo‘yicha estafeta bahslarida o‘zbekistonlik suzuvchilar kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Terma jamoa hisobiga yana bir «kumush»ni o‘zbekistonlik sportchi Aleksey Tarasenko 200 metr masofaga erkin usulda suzish bo‘yicha 1:50,01 natija bilan qo‘shib qo‘ydi. Bu uning ushbu musobaqalardagi ikkinchi kumush medalidir.

Yana bir og‘ir atletikachi Doston Yoqubov -67 vazn toifasida ishtirok etib, ikki kurashda 305 (134+171) kg natija ko‘rsatib, ikkinchi o‘rinni egalladi.

O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Sunnatila O‘sarov (-96 kg) ikki kurashda ikkinchi o‘rinni egallab, kumush medalni qo‘lga kiritdi. U Siltab ko‘tarishda 164 kg natija qayd etdi hamda dast ko‘tarishda 190 kg natija bilan bronza medaliga ega bo‘ldi.

-55 vazn toifasida ishtirok etayotgan yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Jasur Ortiqboyev finalda ozarbayjonlik kurashchi — 2018 yilgi jahon chempioni Eldan Azizliga imkoniyatni boy berib, ikkinchi o‘rinni egalladi va kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Ayollar kurashida -55 kg vazn toifasida Shohida Ahmedova hal qiluvchi bahsda turkiyalik sportchiga imkoniyatni boy berib, kumush medalga ega bo‘ldi.

Yunon-rum kurashi bo‘yicha o‘zbekistonlik Muhammadqodir Yusupov (-60 kg) va Abror Otaboyev (-67 kg) terma jamoa hisobiga bronza medallarini qo‘shib qo‘ydi.

Kurash bahslarida Mirzobek Rahmatov (-72 kg) va Muhammadqodir Rasulov (-82 kg) terma jamoa hisobiga bronza medallarini olib keldi.

-74 kg vazn toifasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik taekvondochi Jasur Jaysunov uchinchi o‘rinni egallab, terma jamoa hisobiga bronza medalini keltirdi.

Suzish bahslarida o‘zbekistonlik Yegor Petryakov 400 metrga erkin usulda suzishda (4:01,06 daqiqa) uchinchi o‘rinni egalladi. Batterflyay usulida suzish bo‘yicha ham o‘zbekistonlik Eldorbek Usmonov 53,79 soniya natija bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekistonlik Afsona Niyazova, Alyona Vasileva, Sitora Odilova hamda Ulyana Nizmutdinova 4x200 metrga erkin usulda suzish bo‘yicha estafeta yo‘nalishida 9:09.67 daqiqa bilan bronza medalga sazovor bo‘ldi.

Og‘ir atletikachi Nigora Suvonova dast ko‘tarishda 93 kg, Rigina Adashbayeva esa 99 kg toshni dast ko‘tarishda bronza medallarini terma jamoamiz hisobiga qo‘shib qo‘ydi.

Qilichbozlar Ilyos Molina va Doniyor Sa’dullayev ham rapira bahslarida bronza medalini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekistonlik yana bir og‘ir atletikachi Sharofiddin Amriddinov (-102 kg) dast ko‘tarishda 172 kg tosh ko‘tarib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.