Toshkent xalqaro aeroportining uchib ketish terminalida 1 iyuldan beri «Masofaviy bojxona nazorati — bojxonachisiz bojxona» tizimi ishga tushirildi.

Ilgari aeroport chegara bojxona postida xodimlarning xizmat faoliyati 4 smenada tashkil etilgan. Bojxonachilar yo‘lovchilarni bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazgan. Post orqali 1 kunda o‘rtacha 6−7 ming nafar yo‘lovchi harakatlangan.

Postdagi yana bir guruh xodimlar yo‘lovchilarning o‘zlari bilan olib o‘tayotgan yuklarini bojxona tekshirgan hamda aeroport binosida joylashgan boj olinmaydigan savdo do‘konlari ustidan nazorat olib borgan.

Endi esa aeroportda uchib ketadigan yo‘lovchilar haqidagi ma’lumotlar situatsion markazda ular aeroportga kirib kelgunga qadar tahlil qilinadi. Nazorat kameralari va parvoz haqidagi oldindan olingan ma’lumotlar asosida yo‘lovchilar va ularning yuklari bodi skaner qurilmasi orqali bilvosita bojxona nazoratidan o‘tkaziladi.

Terminalning butun perimetri bo‘ylab o‘rnatilgan kameralar sabab bojxonachilar ularni masofadan turib kuzatadi. Faqat zarur hollarda, xususan shubhali ko‘ringan yo‘lovchilar uchrasa, bojxona ko‘rigidan o‘tkazadi. Biroq, bu bilan nazorat susaytirilmaydi, tizimda inson omili kamaytirilib, avtomatlashtiriladi.


Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari v.b. Husan Tangriyevning so‘zlariga ko‘ra, bodi skaner inson sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmaydi. Skaner shubhali ko‘ringan shaxslar, xususan o‘zidan jonli konteyner yasab, tilla va boshqa qimmatbaho metallar, giyohvand moddalarni olib o‘tmoqchi bo‘lganlarni sezadi va fosh qiladi.

Bunday nazorat tizimi hozir Toshkent va Samarqand xalqaro aeropotida yo‘lga qo‘yilgan.

Ma’lumot uchun, 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida Toshkent xalqaro aeroporti chegara bojxona postidan 998 ta reysda 155 ming nafarga yaqin yo‘lovchi uchib ketgan. 98 ta fuqaro yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilib, shundan 2 ta yo‘lovchi bojxona qonunlarini buzgan.

Uchib ketish yo‘nalishi bilan harakatlanayotgan yo‘lovchilar jami 21 ta holatda 1 mlrd 250,6 mln so‘mlik tovar moddiy boyliklarni noqonuniy olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga o‘sgan. Natijada 1 ta jinoiy hamda 20 ta mamuriy huquqbuzarlik ishlari yuritilgan.