Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida yosh qizaloq prezidentga murojaat yo‘llab, qarindoshlari qamalgani, o‘zi esa chorasiz qolganligini aytgan video tarqaldi.

«Assalomu aleykum hurmatli prezidentim. Men sizni Iroda qizingizman. Andijondagi ichki ishlar xodimlaringiz qo‘llari ishlamaydigan ayam, buvam, tog‘am, opam, 5 kishini qamab qo‘yishdi. Meni hech kimim yo‘q. Bir yarim oydan beri qattiq non yeyapman, ovqat yeyayotganim yo‘q. Menga yordam bering, buvam, ayam hech nima qilishgani yo‘q. Dadam ham yo‘q. Bir yarim oydan beri ayam bilan ko‘rishmayapman. O‘zingiz yordam bering, men ham sizni qizingizman-ku», — dedi qizaloq yig‘lab.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov mazkur videoga munosabat bildirib, boshidan «bu oilaning jinoiy harakatlari haqida ma’lumot tarqatish niyati» bo‘lmaganini aytib o‘tdi.

«Lekin o‘zlarining qabih niyatlarini amalga oshirish ilinjida jajji qizaloqdan foydalangan odamlarni harakatlariga jamoatchilikni o‘zi xulosa beradi degan umiddamiz», — dedi u.

IIV matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, 15 iyul kuni Asaka tumanida yashovchilar, videotasvirdagi qizaloqning qarindoshlari (1972 y.t.) M.M., (1975 y.t.) M.S. Asaka tumani hokimiyatiga murojaat qilib borishgan. Ular (2004 y.t.) S.I. uchun VMning 2020 yil 23 iyun kungi [402-son] qaroriga asosan OTMga imtiyozli o‘qishga kirishga tavsiyanoma olish maqsadida, hokimiyat hududida janjal ko‘tarishgan.

«Asaka tuman hokimining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari D.Aliyevani jamoat joyida boshqa tashkilot va muassasalar rahbarlari ko‘z oldida hech bir sababsiz uyatli so‘zlar bilan haqoratlab, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitib, sochlari va kiyimlaridan tortib, urib-do‘pposlashgan», — deyiladi xabarda.

O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining 2022 yil 20 iyun kungi [786-sonli] xulosasiga ko‘ra D.Aliyevaga «qisqa muddatga sog‘lig‘ini buzilishiga sabab bo‘lgan yengil tan jarohati yetkazilgan».

Qolaversa, fuqaro M.M. 20 iyun kuni soat 15:40 da o‘g‘li A.I., qizi Z.G‘. hamda jiyani S.I.lar bilan Asaka tumanlararo iqtisodiy sudiga borishgan. Sudda «Asakabank» AJ filialidan A.I.ga tegishli bo‘lgan «Asaka Bread Svit» MCHJga 500 mln so‘m kredit ajratish bo‘yicha qilgan murojaati rad etilganligi sababli sud zalida «Asakabank» AJ Bobur filiali rahbari B.Haydarovni haqoratlagan.

«Uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitib, urib-do‘pposlab, o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining 21 iyun kungi [805-sonli] xulosasiga ko‘ra, „qisqa muddatga sog‘lig‘ini buzilishiga sabab bo‘lgan yengil“ tan jarohati yetkazishib, ularni bezorilik harakatlarini to‘htatmoqchi bo‘lgan Milliy Gvardiya xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatishgan», — deyiladi IIV munosabatida.

Bundan tashqari, IIV rasmiy xabarida ma’lumot o‘rnida mazkur oila 2017 yildan buyon amaldagi qonun hujjatlarini ochiqdan-ochiq buzib kelayotganini iddao qilmoqda.

«Jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasligi, fuqarolar va davlat idoralarining vakillari bilan deyarli har kuni turli janjallar uyushtirib yurishi, banklardan bir necha marotaba kredit mablag‘larini olishga erishib, so‘ng bank va boshqa xodimlar bilan aynan kredit qarzdorligini to‘lamaslik uchun janjallashib, ularning ustidan turli idora va tashkilotlarga tinimsiz murojaatlar yo‘llab (2020−2022 yillar mobaynida viloyat IIBning o‘ziga 64 marotaba murojaat qilgan), o‘tkazilayotgan sayyor va ommaviy qabullarga borib, notinchliklar tashkil qilib kelishi, doimiy ravishda norozi kayfiyatda yurishi bilan aholi hamda davlat idoralarining e’tiboriga tushgan», — deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, vazirlik ushbu shaxslarning muqaddam bir necha marotaba sudlangani, jinoiy va ma’muriy jazolarga tortilganini ham misol tariqasida keltirib o‘tgan. Ayblanuvchi M.M. muqaddam 2016 yil 22 yanvar kuni JKning 168-moddasi 2-qismi «b» bandi va 211-moddasi 1-qismi bilan sudlanib, 1 yil 10 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Shuningdek, M.M. MJtKning 183-moddasi bilan 3 marta, 194-moddasi bilan 1 marta, 40-moddasi bilan 1 marta, 41-moddasi bilan 3 marta, 211-moddasi bilan 1 marta ma’muriy javobgarlikka tortilgan, deyiladi xabarda.

«Hozirda, fuqaro M.M. Andijon viloyatidagi banklardan jami 738 mln 210 ming so‘m miqdorida kredit mablag‘larini qo‘lga kiritib, ularni qasddan to‘lamasdan kelmoqda. Uning singlisi (internet tarmoqlarida chiqishi uyushtirilgan qizchaning onasi) M.S., muqaddam 2006 yil 19 dekabr kuni JKning 109-moddasi 2-qismi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan sudlangan», — deya qayd etdi IIV.

Jinoyat ishi bo‘yicha 22 iyun kuni quyidagicha choralar qo‘llanilgan:

  • M.M.ga nisbatan JKning 127-moddasi 3-qismi, 140-moddasi 3-qismi «a» bandi, 277-moddasi 3-qismi «a,g» bandlari bilan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish;
  • Z.G‘.ga nisbatan JKning 127-moddasi 3-qismi va 277-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish;
  • A.I.ga nisbatan JKning 127-moddasi 3-qismi va 277-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish;
  • S.M.ga (qizchaning onasi) nisbatan JKning 127-moddasi 3-qismi, 140-moddasi 3-qismi «a» bandi, 277-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish;
  • S.I.ga nisbatan JKning 140-moddasi 3-qismi «a» bandi va 277-moddasi 3-qismi «a, g» bandlari bilan ayblov e’lon qilinib,uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.

Ayblanuvchilarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash borasida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, fuqaro M.M. va uning jinoiy sheriklari bo‘lgan oila a’zolari tomonidan boshqa bir qator g‘ayriqonuniy hatti-harakatlar sodir etilganligi aniqlangan, deyiladi xabarda.

IIV ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olingan ayblanuvchi M.S.ning ijtimoiy tarmoqlar orqali videomurojaat qilgan voyaga yetmagan qizi I.I. ayni vaqtda yaqin qarindoshlari opasi, holasi va uning turmush o‘rtog‘i qaramog‘iga topshirilganini qo‘shimcha qildi.