O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni Toshkentda tashrif bilan bo‘lib turgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissari Qayrat Abdurahmonovni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari hamda millatlararo totuvlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash sohasida qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

YeXHT institutlari bilan ustuvor yo‘nalishlarda — xavfsizlik, iqtisodiyot va ekologiya sohalarida, gumanitar yo‘nalishdagi konstruktiv muloqot va sermahsul hamkorlikning bugungi darajasi mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘rta muddatli istiqbolda qariyb 50 ta tadbirni o‘tkazish nazarda tutilgan “yo‘l xaritasi” birgalikda amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda Oliy komissar mamlakatimizda bag‘rikenglik va gumanizm madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va fuqarolararo anglashuv va totuvlikni ta’minlash, shu asosda yosh avlodni tarbiyalash bo‘yicha olib borilayotgan siyosatga yuksak baho berdi.

Ta’kidlanishicha, ko‘p tilli ta’lim sohasida, shu jumladan Markaziy Osiyo ta’lim dasturi doirasida loyihalarni amalga oshirish ham ko‘zda tutilgan.

Oliy komissar “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvini “muzokara emas, balki samimiy suhbat” deya atadi.

Qayrat Abdurahmonov.

“Mendagi katta taasurot qoldiruvchi bir statistikaga ko‘ra, O‘zbekiston millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy komissiyasi, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari darajasida hokimiyat va xalq o‘rtasidagi munosabatni rivojlantirish maqsadida mamlakat o‘z aholisini qo‘llab-quvvatlashga katta mablag‘ ajratmoqda. Biz bu yerda O‘zbekiston hududlarida ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlashga oid qator loyihalarni amalga oshirmoqdamiz”, — dedi Qayrat Abdurahmonov.

U so‘zi davomida 2017−18 yillardagi tashrifidan so‘ng, mamlakatda 5 yil ichida madaniy-gumanitar sohaga katta e’tibor qaratilganiga guvoh bo‘lganini ta’kidladi. “Mamlakat rahbariyati tomonidan belgilangan barcha rejalar amalga oshishiga menda hech qanday shubha yo‘q”, — dedi Oliy komissar.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, Afg‘onistonning tinch rivojlanishi va iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish borasidagi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.

Qator qo‘shma tadbirlar — milliatlararo totuvlik masalalari bo‘yicha mintaqaviy seminar, xalqaro tajriba va YeXHT tavsiyalarining taqdimotini o‘tkazish, shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasining millatlararo munosabatlar muammosiga bag‘ishlangan davra suhbatida ishtirok etishi yuzasidan kelishuvlarga erishildi.