O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni «O‘zbekiston — Ozarbayjon — Turkiya» formatidagi birinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etish uchun Toshkentda bo‘lib turgan Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavushog‘li hamda Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramovni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Turkiya delegatsiyasi bilan uchrashuvda savdo vaziri Mehmet Mush hamda transport va infratuzilma vaziri Odil Qoraismoilo‘g‘li ham qatnashdi.


Uchrashuv avvalida vazir Mavlut Chavushog‘li O‘zbekiston yetakchisiga Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Turkiya tomoni Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va siyosiy yangilanishlar dasturini, shuningdek, mamlakatning, eng avvalo, mintaqada do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonch munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan tashqi siyosatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani alohida ta’kidlandi.

Tomonlar savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, turizm va sog‘liqni saqlash sohalarida qo‘shma kooperatsiya loyihalari va dasturlarini tezlashtirish muhimligini qayd etdi.


Davlat rahbari yuqori martabali mehmonlarni O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya tashqi ishlar, savdo va transport vazirlarining birinchi uchrashuvi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

Mintaqaviy kun tartibi, shu jumladan Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik ta’minlanishiga ko‘maklashish hamda joriy yilning kuzida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Ozarbayjon delegatsiyasi bilan muzokalarda esa iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov hamda raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashad Nabiyev qatnashdi.


Uchrashuv avvalida Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston rahbariga Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Tomonlar yaqinda o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvdan so‘ng sezilarli muvaffaqiyatlarga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan oyda neft-gaz va kimyo tarmoqlarida, ipakchilik va qishloq xo‘jaligining boshqa sohalarida, shuningdek, milliy industriallashtirish dasturlari doirasidagi loyihalarni ilgari surish uchun delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari faol davom ettirildi.

Davlat rahbari o‘zaro manfaatli hamkorlikka doir loyiha va dasturlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va jadallashtirish, shu jumladan O‘zbekiston-Ozarbayjon investitsiya fondini tashkil etish, ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantirish, birinchi Hududlar forumi va sanoat ko‘rgazmasini o‘tkazish, erkin iqtisodiy zonalar negizida kooperatsiya uchun sharoitlar yaratish muhim ekanini alohida ta’kidladi.

Joriy yil noyabr oyida O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi.