Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yunusobod tuman IIB xodimi, profilaktika inspektori 26 yoshli H. O. qashqadaryolik 20 yoshli qiz — U. X.ning nomusiga tekkani aytilmoqda. Bu haqda «Daryo»ga murojaat qilgan jabrdiyda U.X. ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea 2021 yilning avgust oyida qizning Toshkentda vaqtincha yashab kelgan xonadonida sodir bo‘lgan.

U. X. Toshkentga o‘qishga kirish niyatida kelganini ma’lum qildi. O‘qishga kirolmagach, oilaviy sharoitini inobatga olib, ishlashga qaror qilgan va 2021 yilning avgust oyidan Yashnobod tumanidagi kafeda ish boshlagan.

«Ish davomida kafe xo‘jaynining „uchastkavoy“ bo‘lib ishlovchi o‘g‘li bilan tanishib qoldim. Kafe ularniki bo‘lgani uchun deyarli har kuni H. O. bilan uchrashardik. Shunday kunlarning birida yigit menga sevgi izhor qilib, ishonchimga kirdi. Shu-shu yaqin tanish bo‘lib qoldik», — deydi U. X.

Qizning ma’lumot berishicha, 2021 yil avgust oyida ijarada birga yashovchi qizlar uyda yo‘q bo‘lgan paytda tanishi, profilaktika inspektori uning yoniga kelgan.

«26 yoshli „uchastkavoy“ tanishim uyda hech kim yo‘qligidan foydalanib, meni zo‘rladi. Qarshilik ko‘rsatishimga qaramay, kuch ishlatib, nomusimga tegdi. Voqeadan so‘ng bu haqda prokuraturaga murojaat qilaman deganimda, menga uylanishini aytdi. Va barcha javobgarlikni zimmasiga oldi», — deydi voqea haqida gapirgan murojaatchi.

U. X.ning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda uning homilasi yetti oylik.

«Homilam yetti oylik bo‘lgan bo‘lishiga qaramasdan mening murojaatlarim asossiz yopib yuborilmoqda. Mening arz-dodimga hech kim e’tibor bermayapti», — deydi nomusi toptalganini aytgan qiz.

Murojaatchi qarindoshlaridan birining aytishicha, 26 yoshli profilaktika inspektori qizning ijarada yashovchi uyiga kelib, uyning xohishiga qarshi zo‘ravonlik ishlatgan.

«Qarindosh singlim bir kuni menga qo‘ng‘iroq qilib, maslahatli gapi borligini aytib, uchrashaylik dedi. Ko‘rishdik, u o‘sha paytda juda yomon holatda edi. Singlimning ko‘zlarida yosh bor edi. Nima bo‘ldi desam, Yashnobod tumanidagi kafeda ishlayotganini, kafe egasining o‘g‘li uni zo‘rlaganini aytdi. Eng yomoni zo‘ravonlik qilgan yigit Yunusobod tumanida profilaktika inspektori bo‘lib ishlaydi. Unga chora ko‘rilmayapti, barcha murojaatlarimiz yopib yuborilgan», — deydi murojaatchining qarindoshi.

Profilaktika inspektori murojaatchi qiz gapini rad etmoqda.

«Tan olaman, haqiqatan ham o‘rtamizda yaqinlik bo‘lgan. Faqat u va mening xohishim bilan. Men unga kuch ishlatib, zo‘ravonlik qilganim yo‘q. Qolaversa, men o‘sha kungi voqeani videoga olganman. Va bu haqda prokuratura surishtira boshlagach, ularga shu videoni taqdim qildim. Videoda holat har ikki tomon xohishiga ko‘ra bo‘lgani ko‘ringan. Shu bois ham uning murojaatlari qanoatlantirilmadi», — deydi IIB xodimi.

Profilaktika inspektorining qo‘shimcha qilishicha, qizning dunyoga keltirishi kutilayotgan farzandi unga begona.

«Bu qiz mendan avval ham mendan keyin ham boshqalar bilan yaqin munosabatda bo‘lganini yetti nafar guvohim bilan isbotlab berdim. Shu sabab u dunyoga keltirishi kutilayotgan farzand meniki ekanligiga ishonmayman», — deydi 26 yoshli IIB xodimi.

Har ikki tomonning qo‘shimcha qilishicha, nomusi toptalganini aytgan qizning prokuraturaga qilingan murojaati 2022 yilning may oyida yopilgan.