DXX tomonidan O‘zbekistonning 6 ta viloyatida katta miqdordagi narkotik moddalar musodara qilindi. Bu DXXning viloyat boshqarmalari, Chegara qo‘shinlari, qolaversa Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda aniqlandi.


Samarqand viloyatidagi holatda Paxtachi tumanidagi «Samarqand muntazam» YPX maskanida Spark avtomashinasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Transport vositasidagi ikki fuqaro yonidan 10 kg «opiy» giyohvand moddasi chiqqan. Urgut va Oqdaryo tumanlarida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan bu ikki shaxs moddalarni Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelgani va Xorazm viloyatida sotishni rejalashtirishgani aytilmoqda.


Surxondaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa termizlik 1983 va 1986 yillarda tug‘ilgan ikki fuqaro 2 kg 60 gr «opiy»ni 40 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Ular Tojikistondan keltirilgan narkotikni Termizda yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan fuqarodan 28 ming AQSh dollariga sotib olgani ma’lum bo‘ldi.


Sirdaryoda esa «Bekobod-Guliston» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Neksiya» Boyovut tumanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Undagi 58 yoshli tojikistonlik fuqaro yonida 1 kg «opiy» giyohvandlik vositasini Qozog‘istonga o‘tkazishni rejalashtirgani aniqlandi.


Farg‘onada kuzatilgan holatda 1988 yilda tug‘ilgan yana bir tojikistonlik shaxs o‘zining shar’iy nikohidagi 30 yoshli turmush o‘rtog‘i bilan 976 gr «opiy» va 994 gr «gashish» giyohvand moddalarini olib ketayotgani aniqlandi. Ular moddalarni Surxondaryo viloyatining Denov tumaniga borib, Tojikistondagi narkosavdogardan 11 ming AQSh dollariga sotib olgani aytilmoqda.


Boshqa holatda esa Yozyovon tumanidan Marg‘ilon shahri tomon harakatlanayotgan «Lacetti» rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada, undagi Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1979 va 1983 yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan ikki nafar yo‘lovchi yonida Qirg‘izistondan olib kelingan 698 gr «opiy» giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi, deyiladi xabarda.


Toshkent viloyatiniнг Bekobod shahrida esa Tojikistonning So‘g‘d viloyati Mastchoh tumanida yashovchi 1977 yilda tug‘ilgan shaxs 1 kg 961 gr «gashish» moddasini shartli xaridorga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.


Yana bir narkotik moddalar savdosi Namanganda fosh etildi. Yangiqo‘rg‘on tumanida harakatlanayotgan «Cobalt» to‘xtatilib, tekshiruvdan o‘tkazilganda, mashinadagi yo‘lovchi sifatida ketayotgan 56 yoshli namanganlik fuqaroning yonidan 968 gr «gashish» moddasi topildi.

Aniqlanishicha, u narkotik moddani Qirg‘izistondagi tanishidan 7 ming AQSh dollariga sotib olib, uchinchi shaxslar imkoniyatlari orqali Yangiqo‘rg‘on tumani hududiga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazgan.

Tezkor tadbirlar natijasida jami 14 kg 734 gr «opiy» va 3 kg 923 gr «gashish» moddalari musodara qilingan va barcha holatlar yuzasidan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.