Toshkent viloyatida 31 iyul soat 21:00 lar atrofida 2006 yilda tug‘ilgan bola yashash xonadonida o‘zining onasini oilaviy kelishmovchilik sababli qasddan o‘ldirib qo‘ydi. Mazkur xabarni Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov tasdiqladi.

Bola ikki nafar voyaga yetmagan tanishlarini uyiga yordamlashish uchun chaqirgan, deb yozmoqda Daryo. Bola onasining murdasini uyning yerto‘lasiga ko‘mib qo‘ygani aytilmoqda.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlangan.

Uch nafar ayblanuvchining jinoyati sud majlisida o‘z isbotini topsa, ular 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.