«Gazeta.uz» 2022 yil 1 avgustdan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy etiladi

Prezidentning 20 apreldagi [PF-113-son] farmoniga muvofiq, davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qo‘shimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy etiladi.

Mobil-ID tizimi «Elektron hukumat» tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash bo‘yicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi.

Shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga ko‘ra DXM yoki notarial idora tomonidan yoxud YAIDXPning mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.


2. Davlat organlari va tashkilotlarida Ochiqlik indeksi yuritiladi

Prezidentning 14 iyundagi [PF-154-son] farmoniga ko‘ra, 1 avgustdan boshlab:

  • Davlat budjeti, shuningdek, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar, shu jumladan istiqbolli investitsiya va infratuzilma loyihalari bo‘yicha ularning asosiy texnik ko‘rsatkichlari va boshqa loyiha hujjatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritiladi;
  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalarida (keyingi o‘rinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etiladi. Uning mezonlari haqida avvalroq xabar bergandik.

3. Nogironligi bo‘lgan yoshlarga 15 mln so‘mdan subsidiya ajratishga arizalar qabuli boshlanadi

Vazirlar Mahkamasining 21 iyundagi [341-son] qarori bilan nogironligi bo‘lgan yoshlarga subsidiya ajratishning ma’muriy reglamentlari tasdiqlangandi.

Reglamentga ko‘ra, nogiron yoshlarga nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasb-hunar, dasturlash, umumta’lim fanlari va xorijiy tillarni o‘rgatish, zarur hollarda yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun BHMning 50 baravarigacha (15 mln so‘mgacha) subsidiya ajratiladi.

Subsidiya olish uchun arizalar joriy yil uchun — 2022 yil 1 avgustdan, 2023 yildan boshlab har yili — 10 yanvardan qabul qilinadi.


4. «UzGasTrade» jamiyati «O‘ztransgaz» kompaniyasining huquqiy vorisiga aylanadi

Prezidentning 15 iyundagi [PQ-280-son] qaroriga asosan «O‘ztransgaz» AJning tabiiy gazni xarid qilish va sotish shartnomalari hamda bitimlari, shu jumladan mahsulot taqsimotiga oid bitimlar bo‘yicha huquq va majburiyatlari «UzGasTrade» AJga o‘tadi.

Kompaniya quyidagi funksiyalarga ega bo‘lmoqda:

  • tabiiy gazni davlatning yagona operatori sifatida respublikadagi ishlab chiqaruvchilardan Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan narxlarda va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish;
  • «Hududgazta’minot» AJga va magistral gaz uzatish tizimiga ulangan iste’molchilarga tabiiy gazni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotish.

5. Kinoteatrlar maxsus axborot tizimiga ulanishi majburiy bo‘ladi

Prezidentning 2021 yil 7 apreldagi [PF-6202-son] farmoniga ko‘ra, filmlarga nisbatan mualliflik huquqini himoya qilish va sotilgan har bir chiptaga doir haqqoniy ma’lumot bilan tezkor ta’minlovchi respublikada faoliyat yuritayotgan kinoteatrlar faoliyatini avtomatlashtirishga qaratilgan axborot tizimi ishlab chiqilishi reja qilingandi. O‘shanda 2022 yilning 1 mayiga qadar axborot tizimining to‘liq sinovdan o‘tkazilishi bo‘yicha topshiriq berilgandi.

1 avgustdan esa mazkur axborot tizimiga ulanmagan holda kinoteatr (kinozal)larda filmlar namoyish etish chakana savdo qilish qoidalarini buzish sifatida baholanishi belgilangan.


6. Haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha hujjatlar faqat YAIDXP orqali qabul qilinadi

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 maydagi [271-son] qaroriga muvofiq, avtomototransportlar va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning o‘quv guruhlarini ro‘yxatga olish, shuningdek, haydovchilikka nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha tegishli hujjatlar faqat YAIDXP (my.gov.uz) orqali taqdim etiladi.

Tadbirkorlik subyektlarining o‘quv kurslarini tugatgan haydovchilikka nomzodlardan imtihon qabul qilish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish bundan mustasno.


7. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hisobga olish uchun maxsus elektron tizimi ishga tushadi

Prezidentning 2021 yil 27 noyabrdagi [PQ-22-son] qarori bilan 2022 yil 1 avgustdan boshlab, dastlab Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida hisobga olish va ko‘rikdan o‘tkazishning yangi «Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza» elektron axborot tizimi joriy etiladi.

Bunda, fuqarolarga nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanadigan (tibbiy yo‘llanma, kasallik tarixi va ambulator kartadan ko‘chirmalar va boshqa) ma’lumotlar axborot tizimiga elektron tarzda kiritilishi ta’minlanadi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab axborot tizimi respublikaning boshqa barcha hududlarida to‘liq joriy etiladi.


8. Mahalliy innovatsion tovarlarni sotish bo‘yicha davlat tashkilotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga ruxsat beriladi

Prezidentning 6 iyuldagi farmoniga asosan «Tubdan yangilovchi» innovatsiyalar yaratishni rag‘batlantirishning quyidagi tizimi joriy etiladi:

  • mahalliy ilmiy tashkilotlar va korxonalarga innovatsion tovarlar bo‘yicha davlat organlari bilan shartnomalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri imzolash huquqi beriladi;
  • ustav fondida 50 va undan ko‘p foiz davlat ulushi bor xo‘jalik jamiyatlarida foyda solig‘ini to‘lagungacha uning 10 foizgacha ajratmalaridan Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.

Bunda mablag‘lar «tubdan yangilovchi» innovatsiyalarni yaratishga va joriy qilishga yo‘naltiriladi. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar portfeli Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishiladi.


9. Yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tuman davlat tashkilotlari ro‘yxati kengaytiriladi

Prezidentning 28 martdagi [PQ-173-son] qaroriga ko‘ra, bosqichma-bosqich Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan tuman darajasidagi quyidagi idoralarga yuridik xizmat ko‘rsatiladi:

  • mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi;
  • qishloq xo‘jaligi bo‘limi;
  • turizm va madaniy meros bo‘limi;
  • sportni rivojlantirish bo‘limi;
  • oila va xotin-qizlar bo‘limi;
  • davlat soliq inspeksiyasi;
  • aholi bandligiga ko‘maklashish markazi;
  • davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablari;
  • davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
  • davlat ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalar.

10. Intellektual mulk obyektlariga oid ayrim tekshiruvlar «Sanoat mulki muhofazasi portali» orqali amalga oshiriladi

Prezidentning 26 apreldagi [PQ-221-son] qaroriga muvofiq, quyidagi tekshirish va o‘rganishlar Adliya vazirligining «Sanoat mulki muhofazasi portali»dan foydalangan holda amalga oshiriladi:

sertifikatsiyalash organlari tomonidan sertifikatlashtirish jarayonidagi qo‘llanilgan nom, qadoqlar va boshqa rekvizitlarda intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni o‘rganish va tekshirish;

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan dorilar, tibbiy buyumlarni ro‘yxatidan o‘tkazishda intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarga rioya etilganligini tekshirish.


11. Oilaviy poliklinikalarning ish samaradorligini baholash uchun yangi reyting joriy etiladi

Prezidentning 25 apreldagi [PQ-215-son] qarori bilan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarning ish samaradorligini baholash bo‘yicha yangi reyting tizimi joriy qilinadi. Bunda:

  • hududda ortiqcha vazndan xalos bo‘lish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga rioya etish, jismoniy faollikni oshirish, infarkt, insult, qandli diabet, onkologiya kabi kasalliklarning oldini olish bo‘yicha ko‘rsatkichlar asosiy mezonlar bo‘ladi;
  • har 6 oyda ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan tibbiyot xodimlari rag‘batlantiriladi hamda eng yaxshi natija ko‘rsatgan tibbiyot muassasasi mukofot va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

«Gazeta.uz» 2022 yilning boshidan beri kuchga kirgan qonunchilikdagi o‘zgarishlar yuzasidan e’lon qilgan tahlillari quyida keltirilgan.