«Gazeta.uz» «Zamonaviy kasb egalari» loyihasini boshlamoqda. Mazkur loyiha doirasida bugungi kundagi aktual kasblar hisoblangan IT sohasida faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonliklar bilan suhbatlar uyushtiriladi. Bunda qahramonlarning yoshligi, sohaga kirib kelishlariga nima turtki bo‘lgani, kasblarining buguni va ertasi, ularning boshidan o‘tkazgan sinovli hayot yo‘llari va muvaffaqiyatlarining sirlari haqida fikr almashiladi.

Loyihaning dastlabki mehmoni — Lazizbek Hamidov. U 1989 yili Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 2006−2010 yillar davomida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetida ta’lim olgan. O‘qishni bitirgach, dastlab, «Soliq info» gazetasida, keyinchalik «XXI asr» gazetasida, undan so‘ng, O‘zA (O‘zbekiston Milliy axborot agentligi)da faoliyat yuritgan. 2014 yilda esa jurnalistika faoliyatini tark etib, dizayn sohasini o‘rganishni boshlagan. U bugungi kunga kelib kompyuter grafikasi xizmatlarini ko‘rsatuvchi «Tasnif» dizayn studiyasi hamda «Tasnif» maktabi rahbari hisoblanadi. Qolaversa, Lazizbekni ko‘pchilik Youtube`dagi Ular loyihasining muallifi va boshlovchisi sifatida yaxshi taniydi.

— Jurnalist qanday qilib kompyuter grafikasiga o‘tib ketdi?

— 2010 yillari jurnalist qandaydir qiziq narsa yozib, non topishi juda ham qiyin bo‘lgan. Umuman, davlat hamda xususiy matbuotda sizning ma’lum chegaralar bo‘lgan. Xohlasangiz ham ushbu chegaradan tashqariga chiqa olmagansiz va bu sizga qandaydir qo‘shimcha daromad manbaini bermagan. Vaqt o‘tgan sari juda ham qiyin vaziyatga tushishni boshlaganman. Ya’ni, O‘zbekistonda jurnalistika bir odamni boqishi, uning birlamchi ehtiyojlarini qondirishi, oilasini ta’minlashi uchun yetarli bo‘lmagan. Shunda men jurnalistika orqali bu narsalarni topish qiyin ekanligini va sohani o‘zgartirish kerakligini tushunganman.

O‘sha paytda internet va unga aloqador sohalar hozirgidek bo‘lmagan. 12 yil oldin faqatgina O‘zbekiston markazlari, deylik, poytaxt va viloyat markazlarida internetga imkoniyat bo‘lgan. Internet auditoriyasi ham hozirgiga nisbatan yuz marta kichkina edi. Shuning uchun internetdan pul topish manbai sifatida foydalanilmagan. Shu bilan jurnalistikadan butunlay ketib, faqat yangi sohani o‘rganishga harakat qilganman.

Yangi sohani aniqlashda o‘zim uchun bir nechta mezonlar tuzib chiqqanman. Bulardan biri — soha judayam zamonaviy bo‘lishi kerak edi. Ya’ni, 2, 4, 6, 8 yillar o‘tgan sari bu sohaga talab ortib borishi kerak bo‘lgan. Mana shu mezonlarni o‘zimga qattiq qo‘yganman. Ularning ro‘yhatini tuzgan holda kompyuter grafikasiga talab oshib borayotganini tushunganman. Shunday qilib, 2014 yili jurnalistikani tashlab kompyuter grafikasiga kirib kelganman.


— Nega aynan kompyuter grafikasi? Ko‘z ostingizda boshqa sohalar ham bormidi?

— Men biror joyga borsam, qaysi kasbni tanlash kerakligi haqida so‘rashadi. Agarda odam o‘ziga-o‘zi murojaat qiladigan bo‘lsa, ba’zi savollarga aniq javob topa oladi. Masalan, siz, o‘zingizga «men kosibchilik bilan shug‘ullana olamanmi? Men etikdo‘zlik qila olamanmi? Yoki men duradgorchilik qila olamanmi?», deb savol berishingiz mumkin. Va shu savollarga javob berib ko‘rishingiz kerak.

Men matematikani yaxshi bilmayman. Demak, hech qachon yaxshi dasturchi bo‘la olmayman. Nimaga? Chunki dasturlash bu matematika, algoritm bilan bog‘liq soha. Yoki men kimyo, fizika, ulardagi formulalarni bilmayman. Demak, fizika, kimyo, matematika bilan bog‘liq kasblar men uchun og‘ir kechishini tushunganman. Lekin jurnalistikaga yaqin bo‘lgan holda, kompyuter grafikasi ko‘proq g‘oyaga, ya’ni qarashlaringiz, fantaziyalaringizga asoslangan soha. Fantaziyam yomon emas. Ya’ni nimadirni o‘ylab topish, kadrlarni ko‘ra olish yaxshi rivojlangan. Shundagina ushbu soha meniki ekanligini tushunganman.

Avval boshida dasturlash bilan ham shug‘ullanib ko‘rganman. Dasturlashga birinchi marta borsangiz HTML va CCC degan yo‘nalish bor. HTML, CCC`ni juda yaxshi tugatganman, dasturiy tilga o‘tganimizda ko‘p qiynalganman. Shunda dasturlash sohasi men uchun emasligini anglaganman. Fotograflik ham qilib ko‘rganman. Biroq unda ham ulkan kelajakni ko‘rmaganman. Fotograflik tor doirali yo‘nalish, uni bitta mutaxassis qiladi. Kompyuter grafikasi esa keng, chegaralanmagan soha. U yerda siz qarashlaringiz, fantaziyalaringizni bemalol yarata olasiz. Men bu sohada ham boshlagan ishim o‘xshamay qolishini tushunardim. Lekin o‘zimning bir haqiqatim bor — ba’zi sohalarni qo‘llab ko‘rmaguningizcha sizniki yoki sizniki emasligini tushunmaysiz. Men kompyuter grafikasi qo‘limdan kelayotgani va u yerda qandaydir natijaga erishishimni sezdim. Shundan keyin kompyuter grafikasi bilan qattiqroq shug‘ullanishni va unga umrimni sarflashni boshladim. Vaqt o‘tgan sari esa bu o‘z mevasini bera boshladi. Hozirda mazkur bozorda anchagina o‘rnimizga ega bo‘lib qoldik.

— Siz mazkur sohaga kirib ketganingizda uning jamiyatdagi o‘rni qanday edi? Va hozir qanday?

— Siz bilan hozir 2022 yilda turibmiz. Bugun ba’zi sohalarda inson omili ancha kamayib ketgan. Agar e’tibor bersangiz, qishloq xo‘jaligida qachondir yuzlab odam qilgan ishni hozir bitta texnika qilyapti. Siz tushunasiz, jismoniy kuch talab qiladigan sohalarda inson omili kamayib, kundan-kun avtomatlashib boraveradi. Ya’ni, biz ikkita narsani ortidan ketyapmiz: birinchisi -avtomatlashtirish, ikkinchisi — sun’iy intellekt. Mana shu kelajak. Siz buni inkor qilmaysiz. Sizga vaqti kelib juda ko‘p narsa texnologiyalashtiriladi, avtomatlashtiriladi, sun’iy intellektga keladigan bo‘lsak, ko‘plab qarorlarni texnikalarning o‘zi qabul qiladi desak, «ha to‘g‘ri, XXI asrda yashayapmiz, shuning uchun ham gapingizda jon bor», — deb aytishingiz mumkin.

8 yil orqaga qaytadigan bo‘lsam, hozirgi qarashlarim o‘sha paytda ham bo‘lgan. Vaqti kelib Digital (raqamlashtirish) bizni hayotimizga kirib keladi, deb o‘ylaganman. Yoshligimizda ko‘p kino ko‘rganmiz. Masalan, 30, 40, 50, 60 yil ilgari suratga olingan fantastik kinolarga e’tibor beradigan bo‘lsak, hozir hayotda o‘sha narsalar bajarilyapti. Kinodagilarning ko‘pi fantaziya asosiga qurilgan. Hozir ham Mars yoki qanaqadir galaktikalarni zabt etish haqidagi kinolarni ko‘rasiz. Bu ayni damda sizga fantastikadek ko‘rinar, lekin 50 yildan keyin fantastika bo‘lmay qoladi. Shuning uchun ham o‘tirib o‘ylaganimda, kelajak texnologiyalar qo‘lida ekanligini tushunib yetganman va buni inkor qilib bo‘lmaydi. Bu qarorga hamma odam kela oladi, faqat biroz mulohoza kerak.

Hozir ko‘p yoshlar oldimga keladi. Ular o‘yinqaroq, hech narsani o‘ylashni xohlamaydi — ishini bajaradi, ketadi. Lekin inson o‘tirib o‘ylasa, mulohaza qilsa, ko‘p savollariga o‘zi javob topa oladi. Hozir O‘zbekistonda ommaviy bilimsizlik juda yuqori. Viloyatlarga borsangiz, bilim darajasi ancha past. Lekin hech bo‘lmasa odam o‘ziga-o‘zi savol berishi mumkin. Biror savolni oldingizga qo‘yib turib, unga javob qidirishga xolis yondashsangiz, xolis javob topa olasiz.


— Mana, oradan 10 yil o‘tdi. Siz o‘zingizni bozorda yetakchilardan biri sifatida his qila olasiz. 10 yil avval shu darajaga erishishingizni kutganmisiz? Yoki biror aniq strategiya ustida mehnat qilganmisiz?

— Men hozirgi muvaffaqiyatim yoki 5 yildan keyingi bo‘ladigan mavaffaqiyatimni aniq-tiniq ko‘rolmaganman. Lekin biz baribir nimagadir umid qilamiz-ku, to‘g‘rimi? Hozir jurnalistikada bitta joyda ishlayotgan bo‘lsangiz, 5 yildan keyin 5 ta joyda konsultant bo‘lib ishlashingiz mumkin. Har biri 10 milliondan oylik to‘lagan taqdirda ham 50 million so‘m topishingiz mumkin. Shuning uchun ham oldindan o‘zimda katta o‘zgarish bo‘lib ketadi, deb o‘ylamaganman. Lekin hech bo‘lmasa, men o‘zimni shu soha orqali boqa olishimni tushunib yetganman.

Hamma narsa og‘ir mehnat, uzoq vaqt hisobiga quriladi, deb biroz adashgan ekanman. Aslida bu ham to‘g‘ri, lekin biroz adashgan ekanman. Nimaga? Ozgina iqtidor bo‘lsa ham juda yaxshi ekan. Bu sizni bir necha barobar yuqoriroqqa sakrashingizga yordam berar ekan. Hozir shunaqa xulosaga keldimki, birinchi navbatda O‘zbekiston yoshlari o‘zi uchun yaratilgan sohani topib olishi kerak ekan. «Shu soha menikimi?», degan savolni avvalambor o‘ziga berishi kerak. O‘ng minglab yoshlar qaysidir sohalarda faoliyat olib boryapti, lekin uni iqtidori boshqa sohada tezroq va yaxshiroq rivojlanishi mumkin edi. Masalan, bir bola qaysidir davlat tashkilotida ishlaydi. U qo‘liga qog‘oz olib, zo‘r rasm chizib qo‘yishi mumkin. Deylik, o‘zi oddiy hisobchi. Agar unga borib, «siz zo‘r chizarkansiz», desangiz, «ha, men maktabda zo‘r chizardim, rassomchilikka o‘qiganman», deydi. Agar u o‘sha sohadan ketib, rassomchilikni yuqori darajaga olib chiqqanida hozirgi daromadidan 10 marta ko‘proq topishi mumkin edi.

— Biror kishi sizning sohangizda o‘z o‘rnini topib keta olishi uchun oliy ma’lumotli bo‘lishi kerakmi?

— Bizning sohamizda oliy ma’lumot shart emas. Radikal tarzda shart emas, deyishim ham noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Bo‘lsa, yaxshi, bo‘lmasa ham yomonmas degani. Chunki sohamiz san’atga juda yaqin. Ozgina iqtidor bo‘lsa ham yaxshiroq va tezroq rivojlanasiz. Keling, tan olaylik, huquqshunos, o‘qituvchi, tibbiyot, bank sohasida ishlayotganlar uchun oliy ma’lumot muhim. Lekin she’r yozish, haykaltaroshlik, fotograflik, rejissyorlikda odamning fiziologiyasi ko‘proq rol o‘ynab qo‘yadi. Qandaydir kadr ko‘ra olishi — uni mavaffaqiyatga olib boradi. Shuning uchun ham bu savolingizga javobim shunaqa bo‘ladiki, qaysi sohadan ketayotganingizga qarab oliy ta’lim kerakmi yoki kerak emasmi, degan savolga javob bersak to‘g‘riroq bo‘ladi. Hozir bizda ishlayotgan yoki shogirdlikka kelayotganlarning aksar qismi 18 yosh atrofida. Ular hali maktab o‘quvchilari. Lekin sohani boshlab qo‘yishgan. Universitetda 1-kurs bo‘lganda pul topayotgan bo‘ladi. Ularga oliy ma’lumoti yo‘qligi ushbu ishni egallashiga xalaqit bergani yo‘q.

— Sizning ishingiz jamiyat uchun qanchalik foydali? Masalan, oddiy odamlar uchun qanday qiymati bor?

— Bu savolingizga ham javob berish qiyin. Cohamizning biror chekka hududdagi bolaga ko‘pgina ijobiy ta’siri bor, desam sizni aldagan bo‘laman. Biz hozir bu sohani jamiyatga foydasini emas, o‘zimizga bo‘lgan foydasini gaplashayapmiz-ku, to‘g‘rimi? Agar biz tibbiyot haqida gaplashadigan bo‘lsak, men oliy toifali shifokor bo‘lganimda «yurak parogi bilan tug‘ilgan bolani tuzalishiga ozgina hissamni qo‘shaman», degan bo‘lardim. Lekin men san’atdagi odamman, nimadirni yaratishim mumkin, u chekka hududdagi odamga yetib boradimi, yo‘qmi, buni bilmayman.

Maqtana oladigan taraflarim ham bor. 2022 yilga kelib O‘zbekistonda IT sohasi rivojlanib ketdi. Hamma bolalar hamma o‘zini kompyuter grafikasi, dasturlash sohalariga urmoqda. Agar biz yoshlarning hammasini shu sohaga o‘rgatib, ularni chet elga chiqarishni boshlasak, o‘zlari katta-katta studiyalarda ishga ketishsa, Rossiyaga 500 kishini migrant sifatida yuborgandan ko‘ra foydaliroq bo‘ladi. Masalan, migrantlar 100−200 dollar oylik olishadi. Dizayner Amerikada ishlasa, oilasiga oyiga 1000 dollar yuboradi.

— Bugungi kunda oylik daromadingiz qancha?

— Kompaniyamizning daromadi, masalan, 300 million so‘m bo‘lishi mumkin, 400 million so‘m bo‘lgan paytlar ham bor, lekin bu sof foydamas. Ya’ni, bu mening foydam emas. Kompaniyamizda 15−20 nafar bola bor, bu kompyuter grafikasi studiyasi uchun juda ko‘p degani. 20 nafar odam ishlayotgan kompyuter grafikasi sohasidagi studiyani Toshkentda deyarli topa olmaysiz. Buni ushlab turish, har kunlik xarajatlar juda katta. Bolalar charchaydi, zerikadi, bezib qolishadi, ijodiy inqiroz degan narsa bor. Shunday holatlarda ularning ko‘nglini olib, ushlab turishingizga to‘g‘ri keladi. Bularning hammasi siz uchun xarajat hisoblanadi.

Shaxsan o‘zimning daromadim hozir O‘zbekistonda istalgan yaxshi oylik olishi mumkin bo‘lgan dizaynernikidan yuqoriroq — 3 ming dollardan ortadi. O‘ylaymanki, biz ayni damda narvonning birinchi pog‘onasida turibmiz. Hali beshinchi, o‘ninchi pog‘onalarni ham ko‘rmoqchimiz. Bu davrda studiyamizda 50, 100 nafar odam ishlayotgan bo‘ladi va bizning barcha buyurtmalarimiz xalqaro darajada bo‘ladi. Ana shundagina daromadimizni aytib, bemalol maqtansak bo‘ladi. Umuman olganda, sohaning holati hozir o‘rtacha shunday: 3−4 milliondan, 40−50 million so‘mgacha.

— Siz o‘zingizni qachon «men muvaffaqiyatli insonman» deb ayta olasiz?

— Iqtisodiy erkinlikka erishishim kerak, iqtisodiy erkinlik degani: men hech narsani o‘ylamasligim kerak. Masalan, bunga nima kiradi? Deylik, men ertalab turdim, yuz-qo‘limni yuvib sport zalga bordim, ozgina shug‘ullandim, chiqdim, kofe ichib, tushdan so‘ng Yevropaga uchib ketdim. U yerga bordim, o‘tirib biror ko‘chasida ovqatlandim, mehmonxonada tunab qoldim, ertasi kuni esa mashinani ijaraga olib, chegaradan boshqa davlatga o‘tib ketdim. 15−18 kun aylanib, masalan, 10 ming dollarni sarfladim.

Men hozir yaxta sotib olish yoki Parijdan besh xonali uy xarid qilish haqida gapirmayapman. Agarda men hozirgi vaqtda oylik daromadim 80−100 million so‘m atrofida bo‘lsa, o‘zimni muvaffaqiyatga erishgan deb hisoblay olaman.

— Sizning sohangizda ishlab turib O‘zbekistonda milliarder bo‘lish mumkinmi?

— Ha. Co‘mda milliarder bo‘la oladi. Dizayner — bitta yaxshi jamoaga ega mutaxassis rahbar sifatida oyiga 30 ming dollar topsa, yiligi 360 ming dollar bo‘ladi. Bu 3−4 mlrd so‘m degani

— Agarda sizni qoniqtiradigan moash bilan davlat ishiga taklif qilishsa, o‘tib ketasizmi?

— Yo‘q, bormas edim. Sababini tushuntiraman. Ijodkor odam juda injiq bo‘ladi, degan gap bor. Siz agar maqom, rassomchilik yo‘nalishida katta tajribaga ega inson bilan suhbat qilmochi bo‘lsangiz u juda injiq bo‘ladi. Uning injiqliklarini ko‘tarishingiz kerak, san’at vakillari shunaqa. Ular aniq bir narsa topib emas, ilhom bilan ishlashadi.

Davlat ishida talab kuchli va bitta inson bir narsani hal qila olmaydi. U yerda rahbarlar ko‘p. 10 yillik tajribamda ko‘p rahbarlar bilan ishlaganman va qiynalganman. Bu men uchun travma. Agarda hozir davlat ishiga joylashsam, o‘zimning salohiyatimni 100 foiz ochib, o‘zim to‘g‘ri deb bilgan yo‘lga qo‘ya olmayman. Menga yo‘l berishmaydi.

— Ish jarayonida eng ko‘p sizni nima stressga tushirib qo‘yadi?

— Birinchi navbatda — rejim. Bizda umuman rejim yo‘q. Kompyuter bilan ishlaydigan odamlar kechasi 1:00 da ham, 2:00 ham kompyuterda o‘tirgan bo‘ladi. Hayotingiz ishdan iborat bo‘lib qolgandan keyin, bu sizni ma’lum stresslarga olib keladi. Chunki bir narsa har doim takrorlanaveradi, shuning quliga aylanib boraverasiz. Sog‘ligingizda qandaydir muammo chiqsa 100 kunlab vaqtingiz bir xil takrorlanib o‘tayotganini o‘ylaysiz va bu sizni depressiyaga tushiradi. Men hozir umumiy ruhiyat haqida gapiryapman. Shunaqa holatlar bo‘ladi, ba’zi ishingiz o‘tmaydi, qaytaveradi. Yoki kelishilgan pulingizni ololmaysiz. Bu narsa ham asabingizga tegadi. Umumiy olib qaraydigan bo‘lsak, normal odamlarga o‘xshab yashamayotganizni his qilasiz. Shu narsa stresslarga olib keladi. Bu, albatta, shaxsiy hayotingizga ham ta’sir qiladi.


— Sizning sohangizga kirib kelmoqchi bo‘lgan yoshlarga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?

— Birinchi navbatda o‘ziga savol bersin. Bu soha u uchunmi yoki unga to‘g‘ri kelmaydimi? Qanchalik darajada buni xohlayapti?. Agar soha uniki bo‘lmasa, sohani o‘ylab yonmayotgan bo‘lsa kirmasin. Chunki baribir bu sohada muvaffaqiyatga erisha olmaydi.

Ikkinchi maslahatim bu — mehnat. Juda ham cheksiz mehnat. Busiz iloji yo‘q. Ko‘p vaqtini sarflashi kerak. Kuniga 5 soat sarflab, professional bo‘laman deydigan bo‘lsa, chuchvarani xom sanabdi. Hech qachon unaqa bo‘lmaydi.

Uchinchisi — sohaga kirib kelganda darrov pulga qiziqmaslik. Deylik, kimdir shu sohaga kirib, 6 oydan keyin qo‘lidan nimadir kelib qoldi. Darrov o‘zini pulga urmasligi kerak. Pulning o‘zi keyin keladi. Ishini yaxshi ko‘rib qilishi kerak. Kuningiz o‘tib tursa, bo‘ldi. Keyin birdaniga hammasi kelishni boshlaydi. Mana shu uchta narsa yaxshigina muvaffaqiyatga olib boradi.

— 5 yildan keyin o‘zingizni qayerda va qay holatda ko‘rayapsiz?

— 5 yildan keyin O‘zbekistonda bo‘laman. To‘g‘ri, sayohat qilishni yaxshi ko‘raman va maslahat beraman. Agar qurbingiz yetmasa, O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling deyman. Ishim O‘zbekistonda bo‘ladi. Lekin juda tizimlashgan, o‘z binosi, texnikasi, ish tizimiga ega katta studiya sifatida ko‘raman. Katta ofis sotib olib, o‘zimiz xohlagandek ta’mirlagan bo‘lamiz. U yerda 50 nafarga yaqin mutaxassis ishlayotgan bo‘ladi. Mutaxassislar kompyuter grafikasi bo‘yicha yo‘nalishlarga bo‘linadi. Masalan, 10 nafari 2D grafika, 10 nafari 3D grafika, 10 nafari grafik dizayn, 10 nafari loyiha menejeri bo‘yicha. Doimiy shartnomalarga ega, nafaqat O‘zbekiston bozorida, balki chet eldan juda katta buyurtmalarni olib ishlayotgan va mening ishtirokimsiz, bemalol o‘zi faoliyat yuritayotgan kompaniyamiz bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar, «Gazeta.uz» O‘zbekistonning turli hududlaridagi IT sohasini o‘rganayotgan o‘smir qizlar bilan suhbatlar uyushtirgandi. Mazkur maqolalarga havolalar quyida keltirilgan.