Ukrainaning Chuguyev shahrida mahalliy aholiga palov ulashib kelgan 36 yoshli o‘zbekistonlik Sardor Hakimov raketa zarbasi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda «Ozodlik» radiosiga tayanib, «Nastoyaeye vremya» nashri yozmoqda.

«Uni butun Chuguyev tanirdi. Hamma Sardor Hakimovning hali tirik ekanligiga oxirigacha umid qilgandi. U doim jilmayib turar, juda pozitiv odam edi», — deydi Xarkov viloyati ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov.

Mahalliy imom Timur Beridzening keltirishicha, Sardor Hakimov otishma paytida yerto‘lada bo‘lib, u yerda palov pishirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar.

«Otishma paytida ukasi Mansur u bilan birga bo‘lib, uni yordamga chaqirgan. Uning ukasi tirik, u bilan hammasi yaxshi», — deya ta’kidlagan u.

Ma’lum bo‘lishicha, Hakimov 2000 yildan beri Lugansk viloyatining Severodonetsk shahrida istiqomat qilgan. Urushdan keyin, 2014 yilda Chuguyevga ko‘chib o‘tgan. U yerda o‘zbek oshxonasi va ziravorlar do‘konini ochgan. Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin Hakimov oilasini O‘zbekistonga yuborib, o‘zi Chuguyevda qolib, odamlarga yordam berishni boshlagan.

Sardor Hakimov 25 iyul kuni vayronalar ostidan qutqarilgan Mansur Hakimovning ukasi hisoblanadi.