Iqlim o‘zgarishi nafaqat tabiat hodisalari, balki turli global muammolarning yuzaga kelishiga ham sabab bo‘lmoqda. Xususan, havo quruqlashishi tufayli termitlar aholi yashash joylari va turli inshootlarga ko‘chib o‘tib, ularga jiddiy ziyon yetkazyapti. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bu zararkunanda yiliga dunyo bo‘ylab 40 mlrd dollar zarar keltirmoqda. O‘zbekistonda ham termitlar bilan zararlangan aholi turar-joylari, tarixiy-madaniy obidalar, ijtimoiy soha obyektlari soni ortib bormoqda.

Xo‘sh, nega mamlakatda termitlar kirib borayotgan inshootlar ko‘paymoqda, hukumat bu holatning oldini olish va unga qarshi kurashish uchun nima qilmoqda, yechimini kutayotgan qanday mummolar mavjud? «Gazeta.uz» muxbiri mazkur mavzu yuzasidan Respublika termitlarga qarshi kurashish markazi direktori Qahramon Rustamov bilan suhbatlashdi.

Termit qanday hasharot?

Yer yuzida termitlarning uch mingga yaqin turi aniqlangan. Ulardan 120 turi kuchli zararkunanda sifatida qayd etilgan bo‘lib, Markaziy Osiyoda to‘rtta turi uchraydi. O‘zbekiston hududida Anacanthotermes avlodiga mansub ikkita tur: Turkiston va katta kaspiy orti termitlari tarqalgan.


Qahramon Rustamov. Foto: «Gazeta.uz»

Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti huzuridagi Respublika termitlarga qarshi kurashish markazi direktori Qahramon Rustamovning ta’kidlashicha, termitlar O‘zbekiston hududida ilk bor 1858 yili Termiz atrofida aniqlanib, fanga kiritilgan.

«Termitlarning asosiy ozuqasi sellyuloza hisoblanadi. Mazkur modda yog‘och, karton kabi qurilish va uy-joy materiallarida ko‘p bo‘lgani uchun termitlar shularni yeb, kun kechiradi. Bu zararkunanda azaldan agrotexnik ishlov berilmaydigan joylar: cho‘l va adirlarda tabiiy ko‘paygan. Vaqt o‘tishi bilan odamlar saksovul, yantoq kabi o‘simliklardan yoqilg‘i sifatida o‘z xonadonida foydalangan. Natijada termitlar aholi uy-joyiga kirib kelgan», — dedi olim.

Uning ta’kidlashicha, termitlar bir qancha tabiiy yo‘llar orqali tez tarqaladi. Erta bahorda havo iliq bo‘lib, yomg‘ir yog‘gan paytda yoppasiga ikki, uch metrgacha uchadi. Agar shamol yo‘nalishiga tushib qolsa, bir necha kilometrgacha uchishi mumkin. Bundan tashqari, qurilish mollari shahobchalarida termit bilan zararlangan materiallarni sotish orqali ham bu hasharot tarqaladi.


Foto: pro-dachnikov.com

«Termit O‘zbekiston hududlarida turlicha: „sariq chumoli“, „qir chumoli“, „qabr chumolisi“, „vahmat“ kabi nomlar bilan ataladi. Bu zararkunanda odamni tishlashi mumkin. Lekin chaqmasligi, kishi sog‘lig‘iga zarar yetkazmasligi ilmiy tomonlama isbotlanmagan», — deya ta’kidladi Qahramon Rustamov.

Uning qayd etishicha, termitlar ko‘p qavatli uylarda uchramaydi. Mebel jihozlariga tushadigan parmalovchi qo‘ng‘iz hasharotlarni ular bilan adashtirmaslik kerak.

«Termitlar arilar, chumolilar singari jamoaviy ko‘rinishda yashaydigan hasharotlar toifasiga kiradi. Ularda ham shoh, malika, ozuqa tashuvchi ishchilar bo‘ladi. Qisqasi, termitlarning yashashi, uyasi o‘ziga xos va mukammal tuzilgan. Shu bois ham ularga qarshi kurashish murakkab jarayon hisoblanadi», — dedi olim.

Salkam 19 mingta aholi uy-joyi zararlangan

O‘zbekistonda termitlar zararlantirgan aholi uylari yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Tahlillarga ko‘ra, 2009 yilda 2,5 ming atrofida odamlar xonadoni zararlangan bo‘lsa, 2022 yil yarmiga kelib bu ko‘rsatkich 19 mingga yaqinlashdi.

Qahramon Rustamov bu zararkunandaning tarqalishi haqida gapirarkan, shunday deydi: «Termitlar Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Samarqand viloyatlarida juda ko‘p uchraydi. Zararlangan aholi uy-joylarida favqulodda holatlar kelib chiqish ehtimoli kundan-kunga kuchaymoqda. Chunki termitlar tufayli qurilish materiallarining mexanik og‘irlikni ko‘tarish darajasi keskin zaiflashadi. Sal yer silkinishi natijasida o‘sha uy-joylarga zarar yetishi shubhasiz».

Tarixiylik xususiyatini yo‘qotayotgan obidalar

Respublika termitlarga qarshi kurashish markazi montironing natijalariga ko‘ra, madaniy-tarixiy obidalarda 46 ta zararlanish holati kuzatilgan. Misol uchun, butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan, YUNESKO muhofazasidagi «Ichan-Qal’a» tarixiy yodgorlik majmuasidagi 33 ta tarixiy obidaning yog‘och o‘ymakorligi ishlanmalariga termitlar jiddiy darajada zarar yetkazmoqda. Juma masjidi, Paxlavon Mahmud maqbarasi, Muhammad Inoq va boshqalar shular jumlasidan.


Juma masjidining ichki ko‘rinishi. Foto: novotours.uz

Bundan tashqari, Termiz tumanidagi I-III asrlarga tegishli Buddaviylik ziyoratgohlaridan biri Fayoztepa obidasi hududining 100 foizi termitlar bilan zararlangan. Surxondaryodagi Al Hakim At-Termiziy, Qashqadaryodagi Hazrati Imom masjidi, Navoiydagi Imom Xasan-Xusan ziyoratgohi va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Mizdaxkan kompleksi tarixiy obidalarida termitlarning zararli faoliyati qayd etilgan.

«2014−2017 yillarda madaniy meros obektlarini himoya qilish uchun davlat tomonidan mablag‘lar ajratildi. Bu vaqt ichida «Ichan qal’a»da to‘liq monitoring va termitlarga qarshi kurash ishlarini olib bordik, zarar keltirish holati to‘xtadi. Biroq, «Ichan qala» atrofidagi odamlar xonadonlari uchun pul ajratilmadi. Aholi esa bu ishni o‘z hisobidan qilishni xohlamadi. Natijada, 2018 yildan boshlab fuqarolar yashash uylaridagi termitlar «Ichan qal’a»dagi obidalarga yana kirib kela boshladi», — deb aytadi Termitlarga qarshi kurashish markazi direktori.

Bugungi kunda termitlardan tashqari, uchta mo‘ylovli yog‘ochxo‘r qo‘ng‘izlar ham tarixiy obidalardagi yog‘ochlarga zarar yetkazmoqda. Bu holat Shahrisabz, Buxoro va bir nechta shaharlarda kuzatildi. Bu hasharotga qarshi kurashish usullari juda murakkab.

«Aslida qadimiy yodgorliklarda termit bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham monitoring ishlari uzluksiz olib borilishi shart. Bu masalada Madaniy meros agenligiga bir necha marotaba xat chiqarib, ogohlantirganmiz. Afsuski, u yerda ham rahbarlar tez-tez almashyapti, bizning xatlarimiz nazardan chetda qolib ketmoqda», — dedi olim.

Uning aytishicha, Xorazm Ma’mun akademiyasi olimlari tomonidan tabiiy kurashish vositasi ishlab chiqarilmoqda. Ammo bu — kam.


Ichan qal’a. Foto: zen.yandex.ru

«Asrlar davomida bizgacha yetib kelgan qadimiy yodgorliklarning bir qanchasi termitlar sabab tarixiylik xususiyatini yo‘qotmoqda, xavf ostida qolmoqda. Zararlangan ustunlar o‘rniga duradgorlar huddi ana shunday qilib yasashi, o‘rniga almashtirib qo‘yishi mumkindir. Ammo uning jozibadorligi, tarixiy qiymatini qaytarib bermaydi», — dedi Qahramon Rustamov.

Yana qaysi sohalar zarar ko‘rmoqda?

Termitlar O‘zbekistonda aholi yashash uylari va qadimiy yodgorliklardan tashqari bir qancha sohalarga ham ziyon yetkazmoqda. Jumladan, arxiv bo‘limlari (ularda saqlanayotgan hujjatlar), markaziy kutubxonalarning ayrimlari xavf ostida qolmoqda. Strategik obyektlardan Termiz xalqaro aeroporti kuchli zararlangan.

Qahramon Rustamov bu haqda gapirarkan, «Aeroport rahbariyatiga ikki marta murojaat bilan chiqdik. Ammo ular bunga jiddiy ahamiyat qaratmayapti. Aeroportga yaqin mahallalardagi aholi uylariga termitlar o‘tib, ko‘payish ehtimoli katta», — deya izoh berdi.

Respublika termitlarga qarshi kurashish markazi tahlillariga ko‘ra, strategik ahamiyatga ega obyektlarda 15 ta holat, ijtimoiy soha obyektlarida 98 ta holat, dala va cho‘l zonalari, qabristonlar va boshqa ochiq joylarda 1082 ta maydonda termitlar mavjudligi aniqlangan.

Yem-xo‘raklar patentlashtirilgan, ammo sotilishi sust

Qahramon Rustamovning ta’kidlashicha, termitlarga qarshi tabiiy yo‘l bilan kurashilsa ham bo‘ladi. Masalan, chumoli, kaltakesak kabi hasharotlarni ko‘paytirish mumkin, ular termitlarni yeb, oziqlanadi. Ammo bu yo‘l orqali kurashishdan hamma ham xabardor emas, biladiganlar esa samarasiz usul, deb hisoblaydi. Biroq o‘zbekistonlik olimlar zamonaviy qurilmalar yasab, izlanishlar olib boryapti.

2005 yili O‘zbekistonda ilk bor termitlarga qarshi kurashish maqsadida Zoologiya institutining Entomologiya laboratoriyasi mudiri, proffesor Alouddin Xamrayev rahbarligida zaharli yem-xo‘raklar ishlab chiqilgan. Mazkur vosita o‘sha vaqtlarda yilda ikki marta mamlakatdagi aholi turar-joylari, tarixiy obidalar va strategik obyektlarda termitlarga qarshi keng doirada qo‘llanilgan va yuqori samaradorlikka erishilgan.


Proffesor Alouddin Xamrayev rahbarligida ishlab chiqilgan zaharli yem-xo‘rak. Foto: Respublika termitlarga qarshi kurashish markazi.

2020 yili Respublika termitlarga qarshi kurashish markazi va Entomologiya laboratoriyasining bir guruh olimlari tomonidan bir santimetrlik yem-xo‘rak ishlab chiqildi. Ushbu qurilmaning avvalgisidan farqi shundaki, buning ichida 30−35 gramm ozuqasi bor. Oldingida esa 50−55 gramm ozuqa bo‘lgan. «Biz xajmini kamaytirib, narxini arzonlashtirdik. Shuningdek, tarkibiga jalb qiluvchi xususiyatga ega bo‘lgan — attraktant, ta’m beruvchi va namlikni saqlab turuvchi qo‘shimchalar kiritdik», — deya tushuntiradi olim.

«Mazkur amaliy loyiha bajarilib, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan patentlashtirildi. Lekin bizda ushbu yem-xo‘raklarni ishlab chiqaradigan asbob-uskuna yo‘q. Texnika uchun esa mablag‘ kerak. Agar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib olsak, qurilmaning narxi 2 ming so‘m atrofida bo‘ladi».


2020 yili bir guruh olimlar tomonidan ishlab chiqilgan yem-xo‘rak. Foto: Respublika termitlarga qarshi kurashish markazi.

Qahramon Rustamovning aytishicha, ikkala yem-xo‘rak ham davlat budjeti hisobidan patentlashtirilgan, ammo amaliyotga keng tadbiq etilmayapti. Sababi aholi o‘z hisobidan ikkisini ham xarid qilmaydi. «Surxondaryo viloyatining ko‘plab mahallalarida reklama qilish, odamlarni jalb etish maqsadida minglab yem-xo‘rakni bepulga tarqatdik, qanday foydalanishni o‘rgatdik. Ammo vaqt o‘tsa-da, odamlar baribir sotib olmadi. Bu ularning xohishi, majbur qilolmaymiz», — dedi u.

Termitning makro surati. Foto: Sanjay Acharya / CC BY-SA 4.0.

«Biz yaratgan yem-xo‘raklarni bir yilda ikki marta yog‘och-taxtalarga o‘rnatish kerak. Termitlarga sekin ta’sir etadi. Chunki zararkunanda uni yeyishi, oshqozinini ishdan chiqishiga ko‘p vaqt ketadi. Uch oydan olti oygacha bo‘lgan vaqt ichida termitlar yo‘qoladi. Balki, shu sababli aholida xarid qilishga qiziqish sustdir», — dedi olim.

Hukumat qarorini bajarmayotgan hokimliklar

Vazirlar Mahkamasining 2019 yilda qabul qilingan 725-qarorida termitlar tarqalishining oldini olish va ularga qarshi kurashish tadbirlari tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining mahalliy budjetlari mablag‘lari doirasida moliyalashtirilishi qayd etilgan.

Ammo Qahramon Rustamov mazkur tartib amalda o‘z aksini topmayotganini aytadi: «Hokimliklar termitlardan kuchli zararlangan hududlariga mablag‘ ajratishi kerak. Asosan, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar xonadoniga mablag‘ yo‘naltirish lozim. Shu orqali fuqarolar xavfsizligi ta’minlangan bo‘lardi. Lekin hokimliklar qarordagi ko‘rsatmani bajarmagani uchun zararlangan xonadonlar soni ortib bormoqda».

Aholi yashash joyida zararlanish holati aniqlandimi, unga qarshi uch yildan besh yilgacha kurashilmasa, yengil ta’mirlanadi. Agar besh yildan o‘n yilgacha e’tibor berilmasa, zarar kattalashadi. Xonadonning zararlanish holatiga qarab, xarajat miqdori ham o‘zagaradi.

«Biz har yili viloyat, tuman va shahar hokimliklariga hududdagi termitlardan zarar ko‘rayotgan aholi soni, birgalikda kurashish va moliyalashtirish bo‘yicha xat yozamiz. Qarorning 4-bandi bajarilishini so‘rab, ogohlantiramiz. Lekin murojaatlarimiz ochiq qolib ketadi», — dedi olim.

«Termitlarga qarshi jiddiy va o‘z vaqtida kurashilmasa, avj olib ketadi. Bu ham epidemiologik bir holat. Maksimal darajaga chiqqanidan keyin boshqarish qiyin, xuddi koronavirus bilan kurashilganidek katta mablag‘ talab etadi».

Qurilishdan avval termitlar bo‘yicha xulosa olinishi kerak

Qahramon Rustamovning ta’kidlashicha, har qanday qurilish jarayoni boshlanishidan oldin o‘sha hududda termit bor yoki yo‘qligi bo‘yicha xulosa berish tartibini joriy etish kerak.

«Har yili aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirining topshirig‘i chiqadi. Viloyat hokimi viloyatda, tuman (shahar) larda esa o‘sha hudud rahbari fuqaro xavfsizligi shtabi boshlig‘i hisoblanadi. Respublika dezinfeksiya stansiyasining filiallari xodimlari, kadastr, arxitektura, qurilish bo‘limlari vakillari ishtirokida tushuntirish, targ‘ibot ishlarini olib boramiz».

Respublika termitlarga qarshi kurashish markazi kadastr, arxitektura bo‘limlari rahbariyatiga o‘ta xavfli hudud sifatida qayd etilgan hududlarda termitlar to‘liq bartaraf etilmagunicha uy-joy qurish uchun ruxsat berilmasligi kerakligini ta’kidlaydi. Ammo bunday holatlar baribir takrorlanadi.


Foto: chudo-prirody.com.

«Bitta misol, 2012 yili Buxoroning Kogon tumanidagi qishloqlarning birida katta hududga kottejlar qurilgan. Odamlar xonadonlarga ko‘chib, yashay boshlaganida termitlar chiqqan. Aholi o‘z xavfsizligini o‘ylagan holda tegishli joylarga murojaat qilgan. Qurilish ishlarini olib borgan tadbirkor „Talab bo‘yicha ko‘rsatilgan hamma tashkilotdan xulosa olganman. Lekin hech kim termitlar to‘g‘risida ma’lumotnoma olish kerakligini aytmagan, bu haqda bilmaganman. Aholiga yetkazilgan zararni qoplashga va bu uylardagi termitlarga qarshi kurashishga javobgar emasman“, degan. Uning ham gapi to‘g‘ri va haq edi», — deya ta’kidlaydi Qahramon Rustamov.

Uning aytishicha, bunga o‘xshash holatlar ko‘p uchraydi. Xavfli hududlardagi binolar betondan qurilsa-da, uning tom qismi yoki poli baribir yog‘och-taxtadan bo‘ladi.

«Shunday holatlarning oldini olish va aholi xavfsizligini o‘ylagan holda har qanday qurilish jarayoni boshlanishidan avval o‘sha hududda termit bor yoki yo‘qligi bo‘yicha xulosa berish tartibini joriy etish lozim», — dedi Respublika termitlarga qarshi kurashish markazi direktori.

«Pandemiya tufayli ishlab chiqarishimiz sekinlashdi»

Respublika termitlarga qarshi kurashish markazi 2012 yilda tashkil etilgan. Markaz xo‘jalik hisobidan faoliyat olib boradi. Ayni paytda bu yerda uch kishi ishlaydi. Hududlarda bo‘limlari ham, xodimlari ham yo‘q. Boshqa mamlakatlarda termitlarga qarshi kurashish uchun davlat tashkiloti yo‘lga qo‘yilmagan, bu masala bilan xususiy firmalar shug‘ullanadi.

2014−2021 yillar mobaynida markaz tomonidan 180 mingga yaqin termitlarga qarshi zaxarli yem-xo‘raklar ishlab chiqarildi. Ular aholi turar joylari, madaniy-tarixiy obidalar, ijtimoiy soha obyektlari va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarga o‘rnatilib, termitlarning zarari bartaraf etilishiga oz bo‘lsa-da erishilgan.

«Afsuski, koronavirus pandemiyasi tufayli 2020−2021 yillarda aholi bilan munosabatlarimiz uzildi, xo‘jalik hisobidan faoliyat yuritganimiz bois ishimiz sekinlashdi. Ya’ni biz qancha ko‘p yem-xo‘rkalar ishlab chiqarsak, shuncha sotiladi va ishchi o‘rinlari yaratiladi, shunga yarasha maosh olamiz. Pandemiyaga qadar har bir viloyat hokimligi kamida 100 ta xonadonni nazoratga olib, yem-xo‘rak uchun to‘lov qilardi. O‘sha sabab bizning hisobraqamimizga pul tushardi, olti nafargacha mutaxassis va ikki nafar ilmiy xodim ishlardi», — dedi olim.

Hukumatga taklif

Qahramon Rustamovning aytishicha, hukumat tomonidan aholiga ko‘mak sifatida mablag‘ ajratilsa, termitlardan zararlangan 19 mingga yaqin uylar to‘liq tozalanadi.

«Yiliga o‘rtacha 250 ming dona yem-xo‘rak ishlab chiqarsak, termitlardan zararlangan aholi uylarini sakkiz yilda to‘liq himoyaga olib, termitlardan bartaraf etishimiz mumkin. Ammo hozirgi paytda yiliga 50 ming dona ham yem-xo‘rak ishlab chiqara olmayapmiz», — dedi u.

«Agar davlat tomonidan xalqqa yordam sifatida 5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratilsa, termitlardan zararlangan barcha aholi uylari himoyaga olinadi. Xizmat ko‘rsatish, dori-darmonlar bilan ta’minlash shu mablag‘ hisobidan amalga oshiriladi».