28 iyul kuni Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahar Maktabgacha ta’lim bo‘limi tasarrufidagi 1-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida singlisi bilan kelgan qiz hojatxona eshigi oynasi sinib ketishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotida qatnamaydigan 2014 yilda tug‘ilgan qiz S. X. (bog‘cha yoshidan o‘tgan) singlisi A. X. bilan birgalikda bog‘chaga kelgan. Tarbiyachi maktab yoshiga yetgan qizni ham onasining iltimosiga ko‘ra qonunga zid ravishda bog‘chada olib qolgan.

Tushlik paytida opa-singil S. X. va A. X. hojatxonaga chiqishgan. Opasi hojatxona ichkarisiga kirgan paytda, singlisi tashqaridan hojatxona eshikni ochib-yopib o‘ynagan.

Natijada hojatxona eshigining oynasi sinib, shisha bo‘laklari S.X.ni jiddiy jarohatlagan. Voqeadan xabar topgan tashkilot hamshirasi tezda birinchi yordam ko‘rsatgan. Biroq S.X.ning jarohati chuqurligi sabab, ko‘p qon yo‘qotish natijasida vafot etgan.

Hozirda holat yuzasidan Shahrisabz shahar prokuraturasi o‘rganish olib bormoqda.