O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 iyul kuni Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etayotgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari kun tartibidagi dolzarb masalalar batafsil ko‘rib chiqildi.

Mintaqadagi vaziyatga hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik jihatlariga, jumladan, SHHT sammitiga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani qayd etildi. Yil boshidan tovar ayirboshlash 32 foizga oshdi. Qo‘shma Loyiha ofisining faoliyati doirasida qariyb 40 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Tomonlar mintaqaviy hamkorlik, shu jumladan «Markaziy Osiyo — Rossiya» formatidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.

Afg‘onistondagi vaziyatni tinchlik yo‘li bilan hal etish va ushbu mamlakatning iqtisodiy tiklanishiga ko‘makni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi, deyiladi xabarda.