O‘zbekistonda ijro intizomi bo‘yicha elektron tizim — Ijro.gov.uz orqali belgilangan prezident hujjatlari ijrosini ta’minlamagan 12 nafar davlat xizmatchisiga intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.

Bu haqda 27 iyul kungi matbuot anjumanida Adliya vazirligi Prezident hujjatlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i No‘’mon Muhammadiyev ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, 6 oy davomida 313 ta hujjat, xususan 36 tasi qonun, 46 tasi farmon, 172 tasi qaror, 9 tasi farmoyish va 50 tasi yig‘ilish bayoni ro‘yxatga olindi hamda undagi 16 599 ta topshiriqlar nazoratga olinib, Ijro.gov.uz portali orqali ijroga qaratildi.

«Yagona elektron tizim hamda yangi mexanizmlar joriy qilinishi natijasida ortiqcha ovoragarchilik, qog‘ozbozliklarning oldi olindi, topshiriqlar mas’ul ijrochilarga tezkor tarzda yetkazilib, ularning ijrosi o‘z vaqtida va to‘g‘ri tashkil etish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, uzoq vaqtlar davomida bajarilmasdan kelinayotgan topshiriqlarning bajarilishi ta’minlanib, bu kabi salbiy holatlar keskin kamayishiga erishildi», — Adliya vazirligi vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mart oyidan boshlab xattoki prezident Administratsiyasi rahbarining topshiriqlari ham ro‘yxatga olinib, ijrosi nazorat qilinmoqda.

Bundan tashqari, muddati o‘tib, bajarilmagan topshiriqlar ijrosini ta’minlash hamda kelgusida bu kabi holatlarni takroran sodir etilishining oldini olish yuzasidan Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Energetika vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va boshqa idoralarga 10 dan ortiq taqdimnomalar kiritildi.

«Natijada ijro intizomi buzilishiga yo‘l qo‘ygan jami 12 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi. Shundan 5 nafari egallab turgan lavozimidan ozod qilingan bo‘lsa, 6 nafari hayfsan va 1 nafariga jarima jazosi qo‘llanildi», — dedi No‘’mon Muhammadiyev.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida muddati o‘tib, bajarilmagan topshiriqlar soni 1 iyun holatiga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 204 taga yoki 69 foizga kamaytirishga erishildi.