1928 yil 26 iyulda Boris Pavlovich Grabovskiy rahbarligidagi toshkentlik bir guruh olimlar tarixda ilk bor harakatlanayotgan tramvayning telefototasvirini eksperimental televizion qurilmada namoyish etishgan. O‘shandan beri bu sana hozirgi televideniyening tug‘ilgan kuni, uning vatani esa Toshkent deb hisoblab kelinadi.

Foto: O‘zbekiston MTRK arxivi

1956 yil noyabr oyida poytaxtda birinchi televizion markaz hamda balandligi 180 metr va efir radiusi 100 km ni tashkil etuvchi teleminora qurilishi yakunlandi. «Telemarkaz» loyihasi televideniyening asosiy paviloni, diktorlik hamda kinoproyeksion studiyalardan tashkil topgan edi. Loyiha joriy yilda o‘zining 65 yilligini nishonlayotgan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining (O‘zMTRK) paydo bo‘lishiga zamin yaratgan.

«Gazeta.uz» mamlakatning birinchi «O‘zbekiston» telekanalida 30 yildan ortiq mehnat qilgan xodimlar bilan suhbatlashdi va televideniye tashkil etilganining dastlabki yillarida u yerda qanday muhit hukm surgani bilan qiziqdi.

Mahfuza Hamidova, rejissyor. Ish tajribasi — 30 yil

Men televideniyega ishga 1956 yilning yanvar oyida kelganman. O‘shanda bor-yo‘g‘i bittagina telekanal bor edi. Jamoa kichik, hamma bir-birini yaxshi tanirdi. Taniqli muharrirlar Nadejda Krikun, Maxsuma Sa’dullayeva, Tursunboy Yo‘ldoshev, Nelya Teplekova menga ustozlik qilishdi. Dastlab bolalar tahririyatida tajribali rejissyor Viktorina Nikolayevna Raykovaning yordamchisi bo‘lib ish boshladim, keyinchalik uning sharofati bilan mustaqil ravishda ko‘rsatuvlar tayyorlashga o‘tdim.

Mening ilk mualliflik loyiham o‘zbek tilida efirga uzatiladigan «Yulduzcha» ko‘rsatuvi bo‘lgan. Ko‘rsatuvning dastlabki versiyasida qahramonlar bobo va uning nabiralari edi. Ular birgalikda topishmoqlar topishar, turli hikoyalar aytishardi. Mening nazarimda, bunday shakl eskirgan, uni o‘yin shaklidagi yanada qiziqarliroq ko‘rsatuvga aylantirish mumkin edi. Bunday imkoniyatni menga ko‘rsatuv rejissyori Akmal Haydarov taqdim etdi.

Mahfuza Hamidova (o‘rtada) hamkasblari bilan. Rejissyorning shaxsiy arxividan

Ssenariyga xalq ertaklari asos qilib olingan. Yangilangan ko‘rsatuvning boshlovchisi sifatida Yulduz obrazi uchun juda mos tushgan Dilorom Ismoilovani tanladik. Qahramonlar rollarini ijro etish uchun Yosh tomoshabinlar teatri aktyorlarini taklif etardik, maktablar va dramaturgiya to‘garaklaridan tanlab olingan o‘quvchilar o‘rtasida kastinglar o‘tkazardik. Tasvirga olishda ishtirok etganlik uchun haq to‘lanardi. Kattalarga ham, bolalarga ham pochta orqali kvitansiya jo‘natilardi.

Ko‘rsatuvning ilk mehmoni topishmoqlarni juda yaxshi ko‘radigan Yalmog‘iz kampir bo‘lgan. Uning topishmoqlariga to‘g‘ri javob topish va jodugarni yengish uchun boshlovchi va ishtirokchi bolalar yosh tomoshabinlarga murojaat qilishga majbur bo‘lardi. Ularning iltimosiga respublikaning barcha hududlaridan bolalar javob qaytarishardi. Bu yaxshi an’analardan biriga aylandi. Har oy efirdan keyin tahririyatimizga besh-yetti qop xatlar kelardi. Bir daqiqa bo‘sh qoldik deguncha, men va hamkasblarim birgalikda o‘tirib, ularni o‘qib chiqardik va eng yaxshilarini ajratib olardik. Tanlab olingan maktublarni boshlovchi ko‘rsatuv paytida o‘qib, barcha tomoshabinlarga yordam uchun minnatdorchilik bildirar edi. Shunday qilib, biz bolalarda eng yaxshi insoniy fazilatlarni tarbiyalashga harakat qilardik. Ularni do‘stlik, mehr-oqibat va boshqalarga yordam qo‘lini cho‘zishga o‘rgatardik. Bolalar chizib jo‘natgan rasmlarni maxsus stendga osib, dekoratsiya sifatida studiyaga o‘rnatardik.

Mahfuza Hamidova (o‘ngda). Rejissyorning shaxsiy arxividan

Bolalarning bilim doirasini oshiradigan, kelajakda kasb tanlashga yordam beradigan ko‘rsatuvlar ham tayyorlanar edi. «Yoshlar ijodidan» dasturining qahramonlari turli to‘garaklarga qatnaydigan bolalar edi. Ular o‘z ijodiy ishlarini studiyaga olib kelib, ularning qanday yaratilganini ko‘rsatib va gapirib berishar edi: taburetka yasashdan boshlab, qo‘g‘irchoqlarga liboslar tikishgacha. Dastur mehmonlariga qarab, kichik tomoshabinlar juda ko‘p yangi ma’lumotga ega bo‘lishar, har xil faoliyat turlariga qiziqib, o‘zlarini sinab ko‘rishar edi.

«Svetofor» ko‘rsatuvi bolalarga yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatardi. Ko‘rsatuvni yo‘l harakati xavfsizligi xodimi olib borardi. Tahririyatga bo‘lgan ko‘plab qo‘ng‘iroqlardan, maktab o‘quvchilari va hatto butun maktablar o‘rtasida musobaqa tarzida o‘tkazilayotgan ko‘rsatuvlarimiz tufayli bolalarning yo‘l-transport hodisalariga duchor bo‘lish holatlari kamayganligi ma’lum bo‘ldi.

Bolalarning sevimli ko‘rsatuvlaridan yana biri «Ugadayka» (Topag‘on) bo‘lgan. Boshlovchimiz Olga Polevaya uchta teatr qo‘g‘irchoqlari: sho‘h bolakay Bilmasvoy, mehribon qizaloq Yulduz va ayiqcha Rim-Tim-Ti bilan birgalikda bolalarga o‘zini tutish qoidalari to‘g‘risida hikoya qilardi. Ayniqsa, kattalarga quloq solmaydigan, boshlovchining gapini bo‘ladigan yoki ko‘rsatuvga kechikib keladigan shum-bola misolida, u nima uchun bunday qilmaslik kerakligini tushuntirib, bolalarga odob-axloq qoidalarini o‘rgatardi.

Mahfuza Hamidova. Rejissyorning shaxsiy arxividan

70-yillarning oxirida biz yangi telemarkazga ko‘chib o‘tdik va rangli televideniye davri kirib keldi. Rang bizga bergan imkoniyatlardan tashqari, birinchi mobil televizion stansiyalar (MTS) paydo bo‘ldi. Ilgari biz faqat jonli efirda ishlagan bo‘lsak, endi videoyozuvlar bilan birgalikda montaj rivojlana boshladi. Biz nafaqat kadrlarni bir-biriga qo‘shib, ko‘rsatuvni professional darajada tayyorlashni, balki maxsus effektlarni ham ishlatishni o‘rgandik. Masalan, aktyorlarimizni ko‘k fondagi gilam ustiga o‘tqizib, ventilyatorni yoqardik — huddi shamol esib turgandek. Rassomlar va dekoratorlar ustiga aylana bo‘ylab paxtadan yasalgan bulutlar yopishtirilgan barabanga o‘xshash aylanuvchi uskunani yaratdilar. Biz aktyorlar va bulutlar ishtirokidagi sahnalarni suratga tushirib, montaj xonasida shu ikki kadrni bir biriga qo‘shib, sehrli gilamda uchayotgan bola va chol Xottabichning tasvirini olardik.

90-yillarda telemarafonlar vaqti yetib keldi. 24 soat davomida to‘xtovsiz jonli efirda ko‘rsatuvlar uzatilar edi. Menga ham ulardan birida yangi tayyorlangan «Nihol» ko‘rsatuvi bilan ishtirok etish nasib etdi. Jarayon qiyin va qiziqarli edi. O‘sha payt Telemarkaz binosida ikkita katta studiya joylashgan edi va ikkinchisida 24 soat davomida uzluksiz telemarafon davom etardi. Uchinchi studiyada esa men, oldindan bildirilgan iltimosimga ko‘ra, o‘z ko‘rsatuvimni tayyorlardim. Efirga chiqish vaqti kelganda, muhandis baland ovozli aloqada: «Uchinchi studiya, tayyormisizlar?» — deb so‘rardi. Mening monitorimda signal paydo bo‘lar, ishoram bo‘yicha administrator tugmachani bosib: «Uchinchi studiya tayyor!» — deb javob berardi. «Boshlang, siz efirdasiz!» jumlasi bilan biz ko‘rsatuvni boshlardik.

Mahfuza Hamidova (o‘rtada) hamkasblari bilan. Rejissyorning shaxsiy arxividan

1996 yilda televideniye jamoasi meni tantanali ravishda nafaqaga kuzatdi va ko‘p vaqt o‘tmay tahririyatimiz yopilgani haqida eshitdim. Yangi kanallar ochila boshladi. Televideniye butunlay o‘zgarib ketdi. Garchi men barcha o‘zgarishlar yaxshilikka deb ishongan bo‘lsam ham, qalbimning tubida chuqur qayg‘u va afsus bor edi. Chunki men yaratgan barcha ko‘rsatuvlarim o‘zim bilan birga ketgandi.

Hozirgi kunda shogirdlarimning ijodini kuzataman, ularning ko‘rsatuvlarini tomosha qilib, yuragimda chinakam iftixor sezaman. Ularga qarab, vaqti-vaqti bilan o‘ylab qolaman: yoshligim ortga qaytganida, qanday qiziqarli ko‘rsatuvlar yaratishim mumkin edi. Menimcha, televideniyeda bolalar uchun ta’lim va tarbiyaviy xarakterga ega ko‘rsatuvlar yetarli emas. Alohida Bolajon telekanali ochilgan bo‘lsa ham, uning ekran vaqtining ko‘p qismi ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar va multfilmlar bilan o‘tadi. Lekin bolalar televizor ko‘rish barobarida nimanidir o‘rganishlari kerak axir.

Marat Asadullayev, telejurnalist. Ish tajribasi — 40 yil

Mening televideniyedagi faoliyatim 11 yoshimdan boshlangan — rejissyor Akmal Xaydarovning bolalar dasturlarida qatnashganman. 1970 yilda, 3-kurs talabasi bo‘lgan vaqtimda, yana studiyaga qaytdim va o‘sha paytdagi rejissyor Maxsud Yunusovning yordamchisi sifatida olti oylik amaliyot o‘tadim. Bo‘sh ish joylari bo‘lmaganligi tufayli amaliyotim bir yilga cho‘zildi. 1971 yilda rasman ishga qabul qilindim.

Uch yil davomida rejissyor yordamchisi bo‘lib ishladim. Bu muddat televideniye olamini o‘rganish uchun haqiqiy maktab vazifasini o‘tadi, har bir ko‘rsatuv esa men uchun bayramdek edi, garchi dastavval mening ishim uchun haq to‘lanmagan bo‘lishsa ham. Pul hech qachon men uchun asosiy maqsad bo‘lmagan. Men haftada yetti kun ishlab, butun kunimni tasvirga olish maydonchasida o‘tkazishim mumkin edi. Esimda, amaliyotim tugaganidan so‘ng, ustozim menga pul to‘lay olishi uchun, har kuni qo‘shimcha rol ijro etganim yoki dublyajda qatnashganim haqida ariza yozishni so‘ragan edi. Men rozi bo‘lmadim, lekin u baribir o‘zi istaganidek qildi — shunday qilib men ilk gonorarimni oldim.

Marat Asatullayev. Telejurnalistning shaxsiy arxividan

Universitetni tamomlagach, telejurnalist kasbini tanladim. Ko‘rsatuvlar uchun ssenariylar yozardim, rejissyorlik bilan shug‘ullanardim. Xullas, barcha ishlarni o‘zim bajarishga harakat qilardim, ammo kattalar nazorati ostida, albatta. Vaqti kelib mening ismim titrlarda chiqa boshladi. Keyinchalik meni muharrir sifatida adabiy-dramaturgiya bo‘limiga o‘tkazishdi, biroz vaqt o‘tib uning boshlig‘i etib tayinlashdi.

Tahririyatning adabiy-dramaturgiya bo‘limida har dushanba kunlari turli spektakllar ijro etilar va jonli efirda ko‘rsatuvlar berib borilardi. Dastur kamida bir yarim soat, ba’zan ikki yoki uch soat davom etardi. Xaybatullo Aliyev, Maxsud Yunusov, Hamid Qaxromonov, Maxkam Muhammedov kabi atoqli rejissyorlar rahbarligida antik, xorijiy, rus va o‘zbek adabiyoti asarlari sahnada qo‘yilardi. O‘sha paytda televideniye oldida tomoshabinlarni jahon adabiyoti bilan tanishtirish vazifasi turardi.

U paytda barcha ishlatiladigan teleradiouskunalar juda eski edi. Xizmatdan chiqarilgan, ammo hali ishga yaroqli bo‘lgan texnika bizga Markaziy Moskva televideniyasidan yuborilardi. Videomateriallarni tahrirlash uchun har safar montaj stollarini tuzatishga to‘g‘ri kelardi. Texnikaning tez-tez ishdan chiqishi sababli ko‘p vaqt yo‘qotilardi. Bir soatlik ko‘rsatuvni montaj qilish uchun o‘n soatlab vaqt sarflanishi mumkin edi.

Televizion jurnalistik kameralar (TJK) paydo bo‘lishi bilan sohamizda ancha o‘zgarishlar sezila boshlandi. Uch yoki to‘rtta kameraning bir vaqtning o‘zida ishlash imkoniyati tufayli rejissyura rivojlana boshladi. Ular yordamida montaj qilsa bo‘lar edi. Shunday qilib televideniye olamiga kino elementlari kirib keldi. Mualliflar endi o‘z g‘oyalarini videomateriallar orqali «tasvirlash» imkoniyatiga ega bo‘ldilar, bungacha biz barcha sahnalarni qog‘ozga tushirib keyin boshqalarga namoyish qilardik.

Marat Asatullayev (o‘ngda). Telejurnalistning shaxsiy arxividan

Men 2011 yilgacha televideniyeda ish olib bordim. Shu vaqt ichida «O‘zbekiston», «Yoshlar», «Toshkent» telekanallarida 2000 dan ortiq ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy-siyosiy ko‘rsatuvlar yaratdim, O‘zMTRK bosh muharriri lavozimida faoliyat yuritdim. 2002−2013 yillarda O‘zbekiston televideniyesining oltin xazinasiga kiritilgan to‘rtta serialga prodyuserlik qildim.

Men har doim televideniye tarixini kitob sahifalariga muhrlab, uning ijodkorlarining nomlarini abadiy saqlab qolishni orzu qilganman. Bu orzuyimnm oradan 40 yil o‘tib ro‘yobga chiqardim. O‘tgan yili «Televideniye nazariyasi va amaliyoti asoslari» kitobini nashr ettirdim. Buni oynai jahonning narigi tomonidagi dunyo haqida ko‘proq ma’lumot olishni xohlaydiganlar uchun haqiqiy ensiklopediya deb atash mumkin.

Marat Muslimov, teleoperator. Ish tajribasi — 45 yil

Bolaligimda do‘stim Po‘lat bilan hovlida kino qo‘yishni yaxshi ko‘rardik. Oq choyshabni tortib, oldindan qisqa multfilmlar yoki o‘quv videolari yozib olingan qo‘l proyektorimni rozetkaga ulardik va bolalar yig‘ilishini kutardik. Kino olamiga sayohatni boshlash uchun besh-o‘nta odam kifoya qilardi.

Po‘latning kamerasi bo‘lardi, ba’zan men unga mahalla hayotidan ayrim lavhalarni suratga olardim. Meni suratga olish jarayoni va lahzani «tutib olish» imkoniyati qiziqtirar edi. Ehtimol, mendagi operator bo‘lish va atrofdagi voqelikni tasvirga tushirish orzusi ham aynan o‘shanda tug‘ilgandir.

Marat Muslimov. Teleoperatorning shaxsiy arxividan

1966 yilda shu orzuimni ro‘yobga chiqarish maqsadida kinostudiyaga bordim. Xronika bo‘limiga ishga kirishga qaror qildim, lekin ustozim, mashhur kinooperator Feruz Alimov televideniyega borishni maslahat berdi. U kelajak aynan o‘sha yerda ekanligiga ishonardi. Shunday qilib, O‘zMTRKda operatorlik mahoratini o‘rgana boshladim.

O‘sha paytda televideniyeda ishlaydigan operatorlar jamoasi ikki guruhga bo‘linar edi: kinooperatorlar va teleoperatorlar. Meni ikkinchi guruhga olishdi. Jamoada 18 kishi edik. Ish jarayonida nafaqat qo‘llar, balki televizion uskunalar ham yetishmasdi. Telemarkazga olib kelingan birinchi kameralarni ham ishlatib ko‘rganman. Bu to‘rtta obyektivli oq-qora kameralar bo‘lib, obyektivlar ish jarayonida doimiy ravishda almashtirib turilardi. Ularning har birining og‘irligi taxminan 60 kilogramni tashkil etardi. Kamera o‘rnatiladigan shtativlar ham juda og‘ir bo‘lardi. Ularni joyidan qo‘zg‘atayotganda simlarga tegib ketmaslik yoki biron-bir narsani sindirmaslik uchun imkon qadar ehtiyotkorlik bilan harakat qilishimizga to‘g‘ri kelardi. 70-yillarda esa O‘zMTRKga rangli kameralar olib kelindi va biz odatlangan oq-qora manzara o‘rnini rangli va yanada jonli tasvir egalladi.

Marat Muslimov (o‘rtada). Teleoperatorning shaxsiy arxividan

80-yillarda yelkada olib yuriladigan telejurnalistlik kameralar (TJK) paydo bo‘lishi bilan suratga olish jarayoniga yolg‘iz borish imkoniyati tug‘ildi. Men birinchi TJKni 1979 yilda qo‘limga oldim. Bunga Toshkentda o‘tkazilayotgan Lyudmila Zikinaning konserti sabab bo‘ldi. Undan bir-ikki kun avval bizga Markaziy Qo‘mitadan qo‘ng‘iroq qilishdi va Sharof Rashidovning topshirig‘iga ko‘ra, men va yordamchilarim xonandaning chiqishiga ikkita yangi kamera bilan bordik. Avgustning jaziramasida 14 kilogramlik kamera, 30 kilogramlik magnitofon va 15 metrlik kabelni ko‘tarib, ikki soatlik konsertni suratga oldik. Men qo‘shiqchini suratga oldim, qolgan ikki operator esa diqqatini tomoshabinlarga qaratdi. Keyin olingan kadrlar montaj qilinib, efirga berildi.

Marat Muslimovning shaxsiy arxividan

Yillar o‘tib, ko‘chma televizion stansiya (KTS) tizimiga kiradigan zamonaviy harakatlanuvchi kameralar ham bizgacha yetib keldi. Tomga yoki tekis maydonga maxsus shtativ yordamida mahkamlangan kamera avtomatik ravishda ko‘tarilib, tushirilar edi. Shuning uchun teleuskunalarni ko‘chirishda hech qanday muammo paydo bo‘lmasdi. Lekin uning barcha imkoniyatlarini o‘rganish uchun uchta operator, jumladan men ham, bir haftaga Moskvaga amaliyotga ketdik. Markaziy televideniyeda malaka oshirish kursini tamomlab qaytdik. U yerda bizga asosiy ma’lumotlarni berishdi, lekin bunday qisqa vaqt ichida hamma narsani eslab qolish qiyin bo‘lgani uchun biz ko‘p qurilmalarni mustaqil ravishda o‘zlashtirishimizga to‘g‘ri keldi.

Yangi telemarkaz qurib bitkazilgach, yangi televizion uskunalar ham olib kelindi. Yillar o‘tgan sayin televideniyedi texnika rivojlanib borar edi. Ish faoliyatim davomida men ixtiyorimizda mavjud bo‘lgan barcha kameralarda suratga olishga muvaffaq bo‘ldim.

Marat Muslimov shogirdlari bilan (o‘rtada). Teleoperatorning shaxsiy arxividan

1985 yilda men O‘zMTRKning bosh operatoriga etib tayinlandim va 21 yil shu lavozimda qoldim. U paytda televideniyeda 150 ta operator mehnat qilardi. Ularning ko‘pchiligi kelardiyu maoshi kam bo‘lgani uchun ketib qolardi. Lekin biz o‘z ishimizni yaxshi ko‘rardik, shogirdlar tayyorlardik. Ularning qanchadan-qancha ishlari mening qo‘limdan o‘tdi! Hozirgacha ular menga ko‘rsatuvlarini ko‘rish va baho berish iltimosi bilan qo‘ng‘iroq qilishadi.

Televideniye — bu mening hayotim. Garchi biz sahna ortida bo‘lsak ham, operatorlarni doimo tanishardi. Mening ismimni esa butun respublika bilardi. 45 yillik faoliyatim davomida o‘zbek kinosining barcha afsonalari: Shukur Burxonovdan tortib Tamaraxonimgacha suratga olishga muvaffaq bo‘ldim. Yevropa, Turkiya, Rossiya kabi davlatlarga sayohat qildim. 1989 yilda birinchi o‘zbekistonlik operator sifatida Afrikaga tashrif buyurdim. 1991 yilda esa birinchi prezident Islom Karimovning Hindistonga tashrifini tasvirga tushirdim. Kamera obyektivida men butun dunyoni ko‘rdim.

Ra’no Jo‘rayeva, suhandon-boshlovchi. Ish tajribasi — 46 yil

Televideniyeda 1976 yildan beri ishlab kelaman. O‘sha paytdagi «Axborot» dasturining rejissyori Valeriy Tverdoxlebov tomonidan o‘tkazilgan suhandonlar tanlovida ishtirok etish uchun kelganimda 29 yoshda edim. Boshlovchilarni butun respublika tanigani uchun ishtirok etishni hohlaganlar ko‘p bo‘lgan. Taniqli suhandonlar qatorida Galina Melnikova, Olga Polevaya, Larisa Yershova, Davron Zunnunov, Nasiba Maxsudova, Nasiba Ibragimova, Nasiba Qambarova, shuningdek, katta suhandonimiz O‘ktam Jobirov ham bor edi.

Ra’no Jo‘rayeva. Suhandonning shaxsiy arxividan

O‘sha yili ilk bor televideniyeda dasturlarni o‘zbek va rus tillarida chiqarishga qaror qilishdi. Ularga ikki tilni yahshi biladigan suhandon kerak edi. Men bu talablarga javob bergan holda, tanlovning uchta bosqichidan birinchi bo‘lib muvaffaqiyatli o‘tdim.

Birinchi bor efirga 15 may — tug‘ilgan kunimda chiqdim. «Axborot» dasturini e’lon qildim.

Shundan so‘ng to‘rt yil davomida oq-qora ekranda ko‘rsatuvlarni olib bordim. Har bir suhandonning o‘z ish jadvali bo‘lar edi. Yosh boshlovchi sifatida, meni ko‘pincha kechqurunga qo‘yishardi. Chunki aynan o‘sha paytda hamma ishdan qaytar, oila dasturxon atrofiga o‘tirar va televizor yoqilar edi. Barcha yoshdagi tomoshabinlar boshlovchini ko‘rish va tinglashdan mamnun bo‘lishlari kerak edi. Biz uzoq vaqt ishlashga, ba’zan esa kechasi 10−12 gacha qolishga majbur bo‘lardik.

Ra’no Jo‘rayeva (o‘rtada) hamkasblari bilan. Suhandonning shaxsiy arxividan

Ko‘rsatuvlarni ikki tilda olib borishni boshlaganimda, ishimda qiyinchiliklar paydo bo‘ldi. O‘zbek tilidagi katta matnlarni o‘qish men uchun qiyinchilik tug‘dirardi. Lekin men taslim bo‘lmaslikka qaror qildim. Har safar uyga ketayotganimda o‘n varaq bosma matnni o‘zim bilan olardim, uni oson va xatosiz talaffuz qilish uchun qayta-qayta o‘qirdim va yod olardim. Vaqt o‘tishi bilan til bilan bog‘liq to‘siqlar barham topdi.

Yana bir murakkablik tezkor xabarlarni efirga uzatuvchi «Axborot» kabi yangiliklar dasturlarini olib borish edi. Odatda, har bir dastur efirga chiqishidan oldin bizga yangiliklar ro‘yxati berilar edi. Ba’zan ular bizga bosma shaklda to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir paytida olib kelinar edi. Ikkinchi boshlovchi o‘z qismini e’lon qilguncha, men hozirgina olib kelingan va ilk bor ko‘rib turgan matnim bilan tanishishga ulgurishim, keyin esa uni boshidan oxirigacha yoddan bilgandek aytib berishim zarur edi. Ushbu tajriba tufayli suhandonlar juda yaxshi vizual xotiraga ega.

Ra’no Jo‘rayeva (o‘rtada). Suhandonning shaxsiy arxividan

Suhandonlarni jonli efir tarbiyaladi. Biz yozib olishlarsiz va montajsiz jonli efirda boshlovchilik qilardik. Ekranda ko‘rinish bergan har bir soniyamda meni minglab tomoshabinlar kuzatar edi. Xato qilishga haqqimiz yo‘q edi, chunki odamlar bizni ko‘rib, tinglab, ishonib, yaqinlaridek qabul qilishar edi. Ekranda o‘yin va yolg‘onga o‘rin bo‘lmasdi. Hammasi chin dildan edi. Biz televideniye bilan yashardik, televideniye esa biz bilan tirik edi.

Men, eslashimcha, butun umrim davomida ishlaganman. Nafaqaga chiqqan bo‘lsam ham, o‘zim yoqtirgan ish bilan shug‘ullanishda davom etaman. Meni davlat va xususiy kanallarda turli ko‘rsatuvlarga taklif qilishadi. Televideniye sabab men o‘zimni topdim. Ushbu joy men uchun doimo — odamlar ijod qiladigan joy bo‘lib qoladi.