Prezident 25 iyul kuni mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik mikromarkazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi [331-sonli] qarorga imzo chekdi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qaror bilan jami 421 ta mahallada yuridik shaxs maqomiga ega sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik mikromarkazlar tashkil etiladi.

Bunda mikromarkaz tashkil qilishi uchun tadbirkorlarga o‘z mablag‘lari hisobidan yerni rekonstruksiya qilishi yoki kapital ta’mirlash yoxud yer uchastkasida bino-inshootlarni qurishi evaziga davlat mulki obyektlari 5 yil muddatga ijaraga beriladi.

Hududda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha kamida 10 ta yoki chorvachilik yo‘nalishi bo‘yicha kamida 3 ta ish o‘rnini yaratish va ta’minlab borish kerak bo‘ladi.

Mikromarkazlar foydalanishga topshirilgan kundan 3 yil muddatga tashkil etilgan mikromarkazlar obyektlari va ular joylashgan yer uchastkalari bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va mol-mulk solig‘i uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qo‘llaniladi.