25 iyul kuni Rossiyadan ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, qarovsiz, nazoratsiz qolib ketgan va yordamga muhtoj bo‘lgan bolalar O‘zbekistonga olib kelindi, deb xabar berdi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, 19 nafar bolani O‘zbekistonga olib kelish uchun Vazirlar Mahkamasining «Xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining bolalarini O‘zbekistonga qaytarish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori va IIVning tegishli farmoyishiga asosan ishchi guruh tuzilgan.

«Ishchi guruh a’zolari Rossiyaning turli shaharlarida bolalar qayerda saqlanayotgani, ularning salomatligi qay ahvolda ekanini aniqlab, kerakli hujjatlarni to‘plagan. Safar davomida qabul qilib olingan bolalarning har biri SSV xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va ular vatanga olib kelindi», — deyiladi xabarda.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil RF prezidenti huzuridagi Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil bilan muloqotda bo‘lib, ota-ona qaramog‘isiz qolgan O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan bolalarni, O‘zbekistonga uyushgan holda olib chiqishga ko‘maklashishini so‘rab murojaat qilgan. Shundan so‘ng bolalarning ism-shariflari ilova qilinib, ro‘yxatda ko‘rsatilgan voyaga yetmaganlar avval Moskva shahridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish markaziga, keyin O‘zbekistonga olib kelingan.