23 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti «Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tizimli isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [PQ-330-son] qarorni imzoladi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Unga ko‘ra, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti 2022/2023 o‘quv yilidan «Smart universitet» konsepsiyasi asosida transformatsiya qilinadi. Universitetda akademik faoliyat ilmiy-tahliliy yo‘naltirilganlik va akademik yaxlitlik ta’lim texnologiyalari hamda ularni ta’minlovchi dasturiy-apparat kompleksi asosida, shu jumladan antiplagiat tizimi bo‘yicha tashkil etiladi.

Bundan tashqari, har yili universitetning kamida 10 nafar professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va magistrantlari xorijiy davlatlarning yetakchi ta’lim muassasalariga ilmiy stajirovka va malaka oshirish uchun yuboriladi.

2025 yil 1 yanvargacha universitet jurnalini Scopus xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasiga kiritish choralari ko‘riladi. Universitetga professor-o‘qituvchilariga ilmiy unvonlarni berish hamda ularni ishga qabul qilishda akademik mustaqillik negizida berilgan ilmiy unvonlar va ilmiy darajalarni tan olish vakolati beriladi.

Shuningdek, 2022/2023 o‘quv yili ikkinchi semestridan boshlab Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda ichki akademik mobillik dasturlari asosida ta’lim olish istagini bildirgan talabalar uchun bir semestr mos ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish tashkil etiladi.

Qolaversa, 2022/2023 o‘quv yilidan universitetning iqtidorli talabalari ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash uchun O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga yuboriladi. Universitet huzurida «Xalqaro munosabatlar: siyosat, iqtisodiyot, huquq» jurnali tahririyati tashkil etiladi.