So‘nggi yillarda dunyoning aksariyat davlatlari kun tartibida bo‘lib kelgan raqamlashtirish jarayonlari pandemiya fonida keskin jadallashdi. Raqamli texnologiyalarning jamiyat hayotida misli ko‘rilmagan darajada o‘rin egallashi insonlar turmush tarzi va mehnat faoliyatida tub burilish yasadi. Pandemiyaning dastlabki to‘lqinlarida mehnat bozorida kuzatilgan ishsizlikning ortishi keyinchalik ishchi kuchining tarmoqlararo ko‘chishi, aniqroq aytganda, mehnat resurslarining yangi ochilgan ish o‘rinlari yoki ishchi kuchiga talab nisbatan yuqori bo‘lgan sohalarga o‘tishi bilan o‘rin almashdi.

«Gazeta.uz» ana shunday o‘zgaruvchan bozor shartlari fonida «kelajak kasblari» deya e’tirof etilayotgan kasblar to‘g‘risidagi ayrim ishonchli ma’lumotlarni o‘z materialiga jamladi.

Bandlik istiqbollari va «iqtidorlar tanqisligi»

ManpowerGroup kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan «Bandlik istiqbollari tadqiqoti» (The Employment Outlook Survey) butun dunyo bo‘ylab 40 000 dan ziyod ish beruvchilar o‘rtasida 2022 yilning uchinchi choragi uchun ishga yollash bo‘yicha loyihalarni o‘rgandi. Kompaniya o‘zining mazkur tadqiqoti natijalariga tayanib, hozirda dunyo miqyosida eng yuqori talab kuzatilayotgan kasblar va qobiliyatlar, ishga yollashda ish beruvchilar duch kelayotgan muammolar hamda global bandlik istiqbollari bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlarni taqdim etdi.

Xususan, kompaniya tomonidan tuzilgan bugungi kunda eng ko‘p talab qilinadigan kasblarning TOP-5 talik ro‘yxatida IT va Data (ma’lumotlar) sohasi mutaxassislari yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda savdo va marketing (2), operatsiyalar va logistika (3), tovar va xizmatlar ishlab chiqarish (4) hamda mijozlar bilan ishlash va front-ofis (5) bo‘yicha mutaxassislar sanab o‘tiladi.


Shuningdek, kompaniya so‘rov natijalariga muvofiq, ish beruvchilar tomonidan eng ko‘p talab qilinadigan va, ehtimol, eng ko‘p qadrlanadigan shaxsiy xususiyatlar (soft skills) beshtaligini ham ma’lum qildi:

  • ishonchlilik va shaxsiy intizom;
  • chidamlilik va moslashuvchanlik;
  • mulohazakorlik va muammolarga yechim topa bilish;
  • ijodkorlik va o‘ziga xoslik;
  • tanqidiy fikrlash va tahlil qilish.

Tadqiqot xulosasida keltirilishicha, ish beruvchilar orasida ishchi kuchiga bo‘lgan talab optimistik ruhda va pandemiyadan keyingi davrda kuzatilgan eng yuqori darajada qayta tiklanmoqda.

Shu bilan birgalikda, global miqyosda «iqtidorlar tanqisligi» (talent shortage) so‘nggi 16 yillikdagi rekord darajani qayd etmoqda. So‘rovnomada ishtirok etgan ish beruvchilarning to‘rtdan uch qismi (75%) bo‘sh ish o‘rinlarini to‘ldirishda qiyinchiliklarga duch kelayotganligini ma’lum qilgan. Xususan, mazkur ko‘rsatkich 2010−2016-yillar oralig‘ida nisbatan barqaror (31−40% oralig‘ida) kuzatilgan bo‘lsa, 2019−2022-yillar oralig‘ida keskin — 45% dan 75% gacha o‘sganligini ko‘rish mumkin.


Tadqiqot natijalariga ko‘ra, asosan ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ish, davlat xizmatlari, IT va texnologiyalar, telekommunikatsiya, aloqa va ommaviy axborot vositalari, bank ishi, moliya, sug‘urta, ko‘chmas mulk, qurilish, ulgurji va chakana savdo, ishlab chiqarish, restoranlar va mehmonxona xizmatlari sohalarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini zarur malakaga ega kadrlar bilan to‘ldirish eng mushkul vazifaga aylangan.

Yuqori daromad olish uchun oliy ma’lumot talab etilmasligi mumkin

Avvalroq Business Insider nashri AQShda 2020−2030-yillar uchun ishlab chiqilgan bandlik dasturi hamda 2021 yilgi mehnatga haq to‘lash ma’lumotlariga asoslanib, mamlakatda eng yuqori haq to‘lanadigan va eng ko‘p bo‘sh ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan kasblar ro‘yxatini e’lon qilgan edi. Nashrning yozishicha, mazkur kasb egalariga talab kun sayin ortib bormoqda va kelgusi o‘n yillikda mazkur tendensiya saqlanib qolishi kutilmoqda.




Kelgusida talab o‘sib borishi va yuqori haq to‘lanishi kutilayotgan kasblar (AQSh)

O‘rtacha yillik daromadi
(2021 yil, may holatiga)
1.
Dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilar hamda dasturiy ta’minot sifat kafolati bo‘yicha tahlilchilar va sinovdan o‘tkazuvchilar
$120,730
2.
Umumiy va operatsion menejerlar
$97,970
3.
Litsenziyaga ega bo‘lgan hamshiralar
$77,600
4.
Moliyaviy menejment bo‘yicha mutaxassislar
$131,710
5.
Tibbiy va sog‘liqni saqlash xizmatlari menejerlari
$101,340
6.
Amaliyot hamshiralari
$120,680
7.
Menejment bo‘yicha tahlilchilar
$93,000
8.
Bozor tadqiqotlari tahlilchilari va marketing mutaxassislari
$63,920
9.
Huquqshunoslar
$127,990
10.
Kompyuter va axborot tizimlari menejerlari
$159,010
11.
Hisobchilar va auditorlar
$77,250
12.
Boshlang‘ich maktab o‘qituvchilari (maxsus ta’limdan tashqari)
$61,400
13.
Sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassisliklari bo‘yicha o‘rta maxsus ta’lim o‘qituvchilari
$102,720
14.
Og‘ir va traktor-tirkama yuk mashinalari haydovchilari
$48,310
15.
Xizmatlar sohasi savdo vakillari (reklama, sug‘urta, moliyaviy xizmatlar va turizmdan tashqari)
$60,550
16.
Qurilish menejerlari
$98,890
17.
Sanoat mashinasozligi mexaniklari
$59,840
18.
Shifokor yordamchilari
$121,530
19.
O‘rta maktab o‘qituvchilari (maxsus va kasbiy/texnik ta’limdan tashqari)
$61,820
20.
Axborot xavfsizligi bo‘yicha tahlilchilar
$102,600
21.
Fizioterapevtlar
$95,620
22.
Inson resurslari (HR) bo‘yicha mutaxassislar
$62,290
23.
Logistika bo‘yicha mutaxassislar
$77,030
24.
Kompyuter tizimlari bo‘yicha tahlilchilar
$99,270
25.
Marketing menejerlari
$135,030
26.
Elektriklar
$60,040
27.
Kompyuter texnologiyalari bilan bog‘liq boshqa kasblar (xususan, veb-administratorlar, blokcheyn muhandislari va boshqalar)
$95,240
28.
Sanoat muhandislari
$95,300
29.
Ulgurji va ishlab chiqarish savdo vakillari (texnik va ilmiy mahsulotlardan tashqari)
$61,600
30.
Alkogolizm va narkomaniya, xulq-atvor buzilishi va ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha konsultantlar
$48,520

Business Insider ma’lumotiga ko‘ra, mazkur ro‘yxatda sanab o‘tilgan kasblarning har uchtadan ikkitasi bo‘yicha ishga yollanish uchun (eng kamida) bakalavr darajasi talab etiladi. Tibbiyot sohasi vakillarining aksariyati hamda huquqshunoslar magistrlik yoki doktorlik darajasiga ega bo‘lishlari lozim. Savdo vakillari, haydovchilar, elektriklar kabi ayrim kasb egalaridan esa oliy ma’lumot talab etilmaydi. Biroq, shuni unutmaslik kerakki, ma’lumot darajasi ortishi bilan mos ravishda (to‘liq asosda) ishga yollanish ehtimoli ortadi.

E’tiborli jihati shundaki, mazkur ro‘yxat ManpowerGroup tomonidan taqdim etilgan, talab yuqori bo‘lgan mutaxassislar hamda malakali kadrlar yetishmayotgan sohalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning qay darajada haqiqatga yaqin ekanligini to‘liq tasdiqlaydi.

Ayni paytda, ayrim manbalar kelajak kasblari qatoriga, bugungi kunda global miqyosda ustuvorlikka ega bo‘lgan muqobil energiya sektori, raqamli marketing, elektron savdo (e-commerce) sohalari vakillari hamda vaksina bo‘yicha mutaxassislarni ham kiritishgan.

Talab yuqori bo‘lgan malakalarni «o‘zlashtirish mumkin»

Jahon iqtisodiy forumi (WEF) hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yilga kelib, odamlar va mashinalar o‘rtasidagi mehnat taqsimoti 85 million ish o‘rinlari yo‘qotilishiga olib kelishi, shu bilan bir paytda, odamlar, mashinalar va algoritmlar o‘rtasidagi yangi mehnat taqsimotiga moslashgan 97 million yangi kasblar paydo bo‘lishi mumkin.

Mehnat bozori xususiyatlari va talablarining kun sayin o‘zgarib borishi ishchi kuchi malakasini muntazam oshirib, bozor talablariga moslashtirib borilishi zaruratini tug‘diradi. So‘nggi tadqiqotlar hozirda yuqori talab mavjud bo‘lgan malakalarni «o‘zlashtirish mumkin» ekanligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, Coursera ta’lim platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, platforma yordamida ayrim zamonaviy kasblar uchun zarur malakalarni o‘rganishda o‘rtacha 1−5 oylik muddat yetarli bo‘lishi mumkin: savdo va marketing — 1−2 oy, ma’lumotlar va sun’iy intellekt — 2−3 oy, bulutli hisoblash va muhandislik — 4−5 oy.

Shu nuqtai nazardan, istiqbolli sohalarda kar’era qurish uchun zarur bilim va malakalarni egallash bilan kifoyalanib qolmay, ularni uzluksiz yangilab borish, zamonaviy mehnat bozori chaqiriqlariga o‘z vaqtida javob qaytarish munosib mehnat sharoitlarida ishlash hamda moliyaviy barqarorlikka erishishning kafolati bo‘lib xizmat qiladi.