Toshkent shahri va viloyatining ayrim hududlarida elektr ta’minotida nosozliklar yuzaga kelmoqda.

Bu borada Markaziy dispetcherlik xizmatining Toshkent shahri va viloyati bo‘yicha murojaatlar uchun tuzilgan Telegram-guruhlarida fuqarolar shikoyatlar yo‘llamoqda.

Aholi xabarlariga ko‘ra, poytaxtning Yakkasaroy, Yunusobod, Chilonzor, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Bektemir tumanlari va boshqa joylarida, Toshkent viloyatining esa Nuravshon shahri, Yuqori va O‘rta Chirchiq, Qibray tumanlari va boshqa hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilayapti.

Markaziy dispetcherlik xizmati vakillari esa fuqarolarga podstansiyada avariyaviy o‘chish holati yuz bergani va mutaxassislar muammoni bartaraf etish ustida ishlayotganini ta’kidlab, noqulayliklar uchun uzr so‘ramoqda.

Fuqarolar esa issiq ob-havoda elektr energiya uzilishidan norozi bo‘lib, o‘zining fikrini bildirmoqda. «Keling yaxshisi biz sizga o‘zimizning uzrimizni yetkazamiz va oldindan to‘lov qilish bas qilamiz», — deya yozdi guruh foydalanuvchilaridan biri.

Energetika vazirligi mazkur holatga munosabat bildirib, «anomal issiq tufayli ayrim hududlardagi elektr ta’minotida yuzaga kelayotgan nosozliklar maxsus brigadalar tomonidan zudlik bilan bartaraf etilishi ta’minlanayotganini» qayd etdi.

«Ma’lumki, shu kunlarda respublikaning barcha hududlarida havo haroratining anomal isib ketishi natijasida ayrim joylardagi transformator punktlari hamda kabel tarmoqlarida iste’mol yuklamasi ortishi kuzatilib nosozliklar kelib chiqmoqda», — deyiladi xabarda.

«Ushbu elektr tarmoqlaridagi favqulodda holatlarni oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida hududlar bo‘ylab tunu-kun ishlaydigan 227 ta avariyaga qarshi maxsus brigadalar tashkil etilgan bo‘lib, yuzaga kelgan nosozliklar zudlik bilan bartaraf etib borilmoqda», — deya qayd etilgan bayonotda.

Energetika vazirligi yuzaga kelayotgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘ramoqda.

Mazkur holatga adliya vaziri maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova ham o‘z munosabatini bildirdi.

«Ketma-ket 6 kun, har kuni 13:30 dan 18:30—19:00 gacha svet o‘chaverganidan bildimki, svetni o‘chirish reja asosida amalga oshmoqda. Eski, almisoqdan qolgan transformatorlar, kabellar va provodlarning yuqori darajadagi iste’mol yuklamasi tufayli kuyib ketishining oldini olish maqsadida», — dedi u.

Uning fikricha yuklamalar yangi qurilayotgani uylar hisobiga yuzaga kelmoqda.

«Chunki ulardan tizimni yangilash, zamonaviy transformatorlarni o‘rnatishni hech kim talab qilmayapti, qilolmayapti. Talab qilishsa, uy quruvchi tadbirkorlar o‘rinli e’tirozini bildiradi: «Biz katta miqdorda pora va «otkat"lar berganmiz, bizda boshqa pul yo‘q». Korrupsiya oqibatlarini ko‘ryapmiz o‘rtoqlar», — deb yozdi u.

U shuningdek, shu kabi muammolarning oldini olish bo‘yicha o‘zining taklifini ham bildirdi.

«Qonun bilan ushbu talabni majburiy qilib qo‘yish kerak: «Ko‘p qavatli uylarni foydalanish uchun qabul qilish faqatgina yangi kommunikatsion tizimlar, yangi transformatorlar, sifatli kabel va o‘tkazgichlar o‘rnatilgan taqdirdagina amalga oshiriladi, mavjud tizimlarga ulanish ta’qiqlanadi!»