Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy yakshanba kuni bosh prokuror Irina Venediktova va xavfsizlik xizmati rahbari Ivan Bakanovni ishdan bo‘shatilganini e’lon qildi.

U o‘z qarorini «davlat milliy xavfsizligi asoslariga qarshi ko‘plab jinoyatlar hamda Ukraina huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va Rossiya maxsus xizmatlari o‘rtasidagi aloqalar» bilan izohladi. Bu «mas’ul rahbarlarga nisbatan juda jiddiy savollar tug‘diradi. Bu savollarning har biriga munosib javob beriladi», — dedi Ukraina prezidenti.

Vladimir Zelenskiy, shuningdek, Davlat tergov byurosi Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) bilan birgalikda UXXning Qrimdagi bosh boshqarmasi sobiq rahbarini hibsga olganini aytdi. «Bu shaxs keng ko‘lamli bosqinning boshidayoq men tomonimdan lavozimidan ozod etilgan edi va ko‘rib turganingizdek, bu qaror to‘liq o‘zini oqladi. Bu shaxsni davlatga xiyonat qilishda gumon qilish uchun yetarli dalillar to‘plangan. Uning barcha jinoiy harakatlari hujjatlashtirilgan. Uning shu oylarda va bundan oldin qilgan barcha ishlariga tegishli huquqiy baho beriladi», — dedi u.

«Xavfsizlik sohasi va huquqni muhofaza qilish organlaridagi har bir mansabdor shaxsning aniq harakatlari va har qanday harakatsizligi baholanadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tegishli tekshiruvi o‘zining dastlabki natijalarini berdi. Bugungi kunga qadar davlatga xiyonat qilish hamda prokuratura, dastlabki tergov organlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining hamkorlikdagi faoliyati yuzasidan 651 ta jinoyat ishi qayd etilgan. 198 ta jinoiy ish bo‘yicha tegishli shaxslarga gumon qilinayotganligi haqida xabar berilgan. Xususan, prokuratura va UXXning 60 dan ortiq xodimi bosib olingan hududda qolib, davlatimizga qarshi ishlamoqda», — dedi Vladimir Zelenskiy.

Ukraina bosh prokurori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi sifatida Ukraina prezidenti bosh prokuror o‘rinbosari Oleksiy Simonenkoni tayinladi.