Toshkent viloyatining Bekobodda umumiy 90 ming AQSh dollarini Tojikistonga noqonuniy olib chiqmoqchi bo‘lgan ayolni Davlat xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari to‘xtatib qoldi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Aniqlanishicha, bekobodlik 1979 yilda tug‘ilgan ayol Sh. M. 20 ming dollarni oyoq kiyimlari ichiga yashirib, «Farhod» chegara bojxona posti orqali Tojikistonga olib o‘tmoqchi bo‘lgan. Uning harakatlari to‘xtatilgan va holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgan vaqtda u yana bir bor xuddi shunday noqonuniy harakatni sodir etdi.

Bu safar u egnidagi kiyimlari orasiga yashirgan holda 70 ming dollarni aynan shu chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga olib chiqishga uringan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu ko‘p miqdordagi xorijiy valyuta qimmatliklari Tojikiston fuqarosiga tegishli bo‘lgan. Sh. M. pullarni olib o‘tgani evaziga ma’lum bir miqdorda pul mablag‘i olishi kerak bo‘lgan. Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 182-moddasi (bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.