Ayrim OTMlarda talabalardan «aylanma varaqa» («obxodnoy»)ni qog‘oz shaklda to‘ldirib kelishni talab qilinayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Adliya vazirligi matbuot xizmati mazkur holatga munosabat bildirib, bu prezidant farmoni talabiga nomuvofiq ekanligini ma’lum qildi.

Prezidentning 2021 yil 23 martdagi [PF-6191-son] farmoni bilan tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi»ga ko‘ra, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga, Xalq ta’limi vazirligiga hamda tizimida ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarga 2021 yil may oyiga qadar ta’lim muassasalarini tugatganda yoki o‘qishni bir ta’lim muassasasidan boshqasiga ko‘chirganda aylanma varaqani to‘ldirish amaliyoti bekor qilingan.

Bunda to‘lov shartnomasi bo‘yicha majburiyat bajarilganligi, axborot resurs markazidan qarzi yo‘qligi, o‘quv bo‘limidan akademik qarzdor emasligi, talabalar turar joyidan qarzdor emasligi haqidagi ma’lumotnomalar ichki idoralararo elektron hamkorlik yoki o‘zaro axborot almashinuvi yo‘li bilan olinadi.

Oliy ta’lim vazirligi 2021 yil 28 aprelda Adliya vazirligiga farmonning ijrosi ta’minlangani va barcha OTMlarda «HEMIS» axborot tizimida tashkil etilgan «aylanma varaqa» moduli asosida elektron shaklda ma’lumotnomalar yig‘ilishi yo‘lga qo‘yilganligi haqida axborot berilgan.

«Biroq, o‘tkazilgan tahlillar va OAVlarda e’lon qilinayotgan maqolalar ayrim oliy ta’lim muassasalari tomonidan O‘zbekiston prezidentining farmonida belgilangan talablar bajarilmayotganini hamda farmon talabiga zid ravishda aholidan ortiqcha va asossiz hujjatlar talab qilinayotganini ko‘rsatdi. Oliy ta’lim muassasalarining talablardan «aylanma varaqa»ni barchadan birdek «qog‘oz shaklda» to‘ldirib kelishni talab qilishi noto‘g‘ri va farmon talablariga nomuvofiq hisoblanadi», — deyiladi bayonotda.

Adliya vazirligi tomonidan mazkur holatlar tahlil qilinib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga prezident farmonida belgilangan talablar ayrim oliy ta’lim muassasalari tomonidan bajarilmayotganini ko‘rsatib, qisqa muddatda yuklatilgan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash choralarini ko‘rish, bu bo‘yicha barcha davlat oliy ta’lim muassaslariga ko‘rsatmalar kiritish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilmoqda.

Adliya vazirligi barcha oliy ta’lim muassasalarini hamda tizimida ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar rahbarlarini aholini ovora qilmaslikka, ulardan qonunchilik hujjatlarida belgilanmagan hujjatlarni, shu jumladan «aylanma varaqa»ni qog‘oz shaklda to‘ldirishni talab qilmaslikka, farmonda belgilangan talablar ijrosini so‘zsiz ta’minlashga chaqirmoqda.

Shuningdek, aholidan asossiz va ortiqcha hujjat talab qilinishi yoki ularning ovoragarchiligiga yo‘l qo‘yilishi mansabdor shaxslar uchun javobgarlikni keltirib chiqarishi to‘g‘risida ogohlantiradi, deyiladi xabarda.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, 2020−2021 yillarda byurokratiya va qog‘ozbozlikni qisqartirish maqsadida aholi va tadbirkorlardan 73 turdagi hujjat va ma’lumotnomalarni talab qilish bekor qilinganini eslatib o‘tdi. Tegishli ma’lumotlar zaruratga ko‘ra davlat organlari tomonidan «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda olish amaliyoti joriy etilgan.

«Birgina mazkur 73 ta hujjatlarni aholidan talab qilinishi bekor qilinishi natijasida yiligi 15 mln.dan ortiq aholini turli idoralarga borish va kutish bilan bog‘liq ovoragarchiligiga chek qo‘yildi. Ularning ushbu idoralarga borish-kelish bilan bog‘liq 200 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lari tejalishiga erishildi», — deyiladi xabarda.