Yozning issiq kunlari boshlangach, yuqori harorat ko‘pchilik uchun haqiqiy sinovga aylandi. Issiq ob-havo oqibatida insonlarda yurak-qon tomir kasalliklari jiddiylashishi, infarktga uchrashi yoki o‘pka yallig‘lanishi kabi boshqa jiddiy muammolarga duch kelishi va bu o‘limgacha borishi mumkin. Misol uchun, JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 1998 yildan 2017 yilgacha muddat davomida dunyoda 160 mingdan ortiq inson jaziramadan halok bo‘lgan. Gap ob-havoda o‘zgarishlar kuzatilmaganida tirik qolishi mumkin bo‘lgan insonlar haqida ketmoqda. Lancet tomonidan e’lon qilingan xabarlarga ko‘ra, 1980 yildan 2016 yilgacha dunyo bo‘yicha yuqori harorat sababli kuzatilgan o‘lim holatlari 74% ga oshgan. So‘nggi yillarda vaziyat yanada yomonlashmoqda. 2021 yilning o‘zida dunyoning turli chekkalarida yuqori harorat ko‘rsatkichlari borasida bir qator rekordlar yangilandi, deya ma’lum qiladi BBC.

«Gazeta.uz» ushbu maqolada issiq ob-havoda qanday qilib xavflardan holi bo‘lish va sog‘likni saqlash borasida turli mutaxassislar tomonidan berilgan tavsiya va maslahatlarni jamladi.

Organizmning qizib ketishiga qanday yo‘l qo‘ymaslik kerak?

  • Maksimal darajada yuqori harorat kuzatilayotgan kunlarda soat 12:00 dan 16:00 gacha ko‘chaga chiqish tavsiya etilmaydi. Agar ko‘chaga chiqilsa ham soyali tomonda bo‘lish tavsiya qilinadi.
  • Agar yopiq joyda, ya’ni xonada bo‘lsangiz, albatta xonada havo aylanishiga sharoit yarating — derazalarni oching, agar imkoni bo‘lsa, ventilyator yoki konditsionerni yoqib qo‘ying.
  • Issiqda ko‘chaga chiqayotganda tabiiy matodan tikilgan ochiq rangdagi va yengil kiyim kiyish kerak bo‘ladi. Shuningdek, bosh kiyimdan (yozgi shlyapa, kepka, panama va boshqalar), quyosh nurlaridan saqlovchi ko‘zoynak va soyabonlardan foydalanish tavsiya etiladi.
  • Ko‘proq suyuqlik: suv, choy, yaxna ichimliklar ichish tavsiya etiladi. Alkogolli ichimliklar, shuningdek, tarkibida ko‘p miqdorda shakar, kofeini bor ichimliklar, energetiklarni ichish tavsiya qilinmaydi. Tanadagi suyuqlik miqdorini me’yorida saqlash uchun sutkasiga 2,5−3 litr suv ichish kerak bo‘ladi. Issiq ko‘k choy (shakarsiz) chanqoqni boshqa ichimliklarga qaraganda yaxshiroq bosadi.
  • Kun davomida imkon qadar issiq yoki salqin vanna qabul qilish tavsiya etiladi.
  • Agar ish shahar bo‘ylab harakatlanishni taqozo qilsa, salqinlanish uchun do‘konlarga yoki boshqa konditsionerli hududlarga vaqtincha kirish tavsiya etiladi. Jazirama ob-havo jaroitida yoningizda bir shisha suv olib yurganingiz ma’qul.

Organizm qizib ketgan bo‘lsa, nima qilish kerak?

Organizmning qizib ketishi, odatda, quyidagi sabablarga olib keladi:

  • Qattiq bosh og‘rig‘i;
  • Holsizlik;
  • O‘zini yomon his qilish;
  • Harakatlanish koordinatsiyasining buzilishi;
  • Taxikardiya
  • Nafas olishning qiyinlashishi;
  • Qayd qilish holatlari;
  • Yuqori tana haroratining kuzatilishi (39 darajagacha);
  • Xushdan ketish holatlari.

Agar siz yoki sizning yoningizdagi inson o‘zini yomon his qilishni boshlasa, darhol quyidagi choralarni qo‘llash lozim:

  • Barcha toliqtiruvchi harakatlarni to‘xtatish;
  • Quyosh nuri to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushadigan joydan qochish — soyaga o‘tish yoki salqinroq joyga kirish;
  • Bosh kiyim va ustki kiyimni yechish;
  • Tanani sovutishga harakat qilish: bosh va bo‘yinga sovuq salfetkalarni qo‘yish, ularni tez-tez almashtiring; oyoq-qo‘llarga sovuq kompresslarni qo‘llash samarali bo‘ladi;
  • Suyuqlik va mineral tuzlar miqdorini to‘ldirish, ozroq miqdorda suyuqlik qabul qilish: bir ichishda 100 ml dan ko‘p bo‘lmagan suv (unga ozgina tuz qo‘shish mumkin) iste’mol qilish tavsiya etiladi;
  • Imkoni bo‘lsa, oyoqlarni 10−20 sm balandlikka ko‘targan holda, tinch holatda yoting.

Agar bu choralar yarim soat ichida ahvolni yaxshilamasa yoki jabrlanuvchi hushidan ketsa, darhol tibbiy yordamga murojaat qilish kerak. Har qanday nazoratsiz gipertermiya (tana haroratining oshishi) shoshilinch tibbiy yordamni talab qiladi.

Qanday qilib jaziramada uyda konditsionersiz jon saqlash mumkin?

Jazirama ob-havo kuzatiladigan kunlar davomida hattoki uyda ham qiynalish, uxlay olmaslik va boshqa oqibatlarga duch kelish mumkin. Ayniqsa, agar uyda konditsioner bo‘lmasa, bunda uyda salqinlikni saqlash uchun qo‘shimcha choralar talab etiladi. Bunda, qo‘yidagilarni bajarish tavsiya qilinadi:

Xonaga tushadigan yorug‘lik miqdorini cheklang. Buning uchun pardalar yoki qalin pardalari juda mos keladi. Pardalarni erta tongdan quyosh botguncha yopiq holda saqlash va kechasi ochish tavsiya etiladi.

Elektr jihozlarini o‘chiring. Barchamiz bilamizki, elektr tarmog‘iga ulangan har qanday uskuna o‘zidan issiqlik chiqaradi. Kvartiradagi haroratni ko‘tarmaslik uchun foydalanilmayotgan uskunalarni o‘chirib qo‘yish kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, issiq kunda, olovda yoki pechda ovqat pishirmagan ma’qul.

Xonani keraklik vaqtda shamollatib turing. Ko‘pchilik xona derazalarini kun bo‘yi ochiq holda qoldirishni maslahat beradi. Ammo tajriba shuni ko‘rsatadiki, eng yuqori issiqlik paytida (12:00 dan 16:00 gacha) derazalaringizni ochiq holda qoldirmaganingiz ma’qul. Kunning issig‘ida derazani ochiq qoldirgan holda, siz xonadoningizga qizib ketgan havoni kiritasiz, bu esa haroratning yanada oshishiga olib keladi. Shuning uchun, kvartira derazalarini kechasi (optimal ravishda soat 2:00 dan ertalab 5−6 gacha) va kechqurun 16:00 dan keyin ochish tavsiya etiladi.

Uydagi namlik darajasini nazorat qiling. Issiq paytda uydagi namlik darajasi katta ahamiyatga ega. Shuning uchun, pol va yuzalarni tez-tez artib turing yoki kuniga bir necha marta pulverizator orqali salqin suv sepib turing. Ho‘l choyshabda uxlash yoki o‘ranib yotish tavsiya etilmaydi. Bu shamollash va shu kabi boshqa kasalliklarning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Ventilyatordan foydalaning. Uylarda ventilyatorlar konditsionerlardan ko‘ra ko‘proq uchraydi. Kvartiradagi haroratni pasaytirish, lekin shu bilan birga shamollamaslik uchun siz ventilyatorni o‘zingizga emas, balki mebel joylashgan tomonga yo‘naltirganingiz ma’qul (sovutayotganda, u o‘zini o‘rab turgan narsalardagi issiqlikni o‘ziga torta boshlaydi). Ventilyator oldiga bir shisha yoki chelak sovuq (yoki muzlatilgan) suvni ham qo‘yishingiz mumkin — bu xonani tezroq sovutishga yordam beradi.

O‘zingizni o‘simliklar bilan o‘rab oling. Agar uyingizda kichkina bo‘lsa ham ochiq joy, terrasa, balkon yoki bog‘ bo‘lsa (ayniqsa uyning quyoshga eng ko‘p ta’sir qiladigan qismida), uni o‘simliklar bilan to‘ldiring. Ular issiqlikdan himoya sifatida xizmat qiladi.

Tungi issiqda qanday uxlash mumkin?

Uyda va ko‘chada kuzatiladigan yozgi jazirama uxlashga halaqit berishi, uxlaganda ham to‘yib uxlashga qo‘ymasligi mumkin. Somnologlar yozning issig‘ida uyquni yaxshilash uchun bir nechta tavsiyalar bergan:

  • Choyshablar tabiiy matodan, ya’ni paxta yoki zig‘irdan tayyorlangan bo‘lishi kerak.
  • Yotishdan oldin salqin dush qabul qiling. Bu tana haroratini pasaytiradi va qulayroq uxlashga yordam beradi.
  • Yostiq ham muhim ahamiyat kasb etadi — yostiq o‘zingiz uchun qulay va havoni yaxshi ventilyatsiya qiladigan bo‘lgani ma’qul. Shuningdek, yostiq choyshabi ham ipakdan bo‘lsa uxlash uchun qulay bo‘ladi. Ipak tabiiy harorat regulyatoridir, shuning uchun yostiq ipak bilan qoplangan bo‘lsa, bosh terisi va yuz oson «nafas oladi» hamda issiqlik unchalik ham bilinmaydi.
  • Ishga yoki ishlar bilan tashqariga chiqish oldidan derazalarni yoping, shunda kun davomida xona harorati qizib ketmaydi va siz salqinroq xonada uxlaysiz. Ammo uyg‘onganingizdan so‘ng, birinchi navbatda pardalarni oching. Tanangiz quyosh nurlaridan qimmatli D vitaminini olishiga imkon bering, bu serotonin darajasini oshiradi va kayfiyatni yaxshilaydi.

Issiq ob-havo sharoitida qanday qilib sport bilan shug‘ullanish kerak?

Agar siz doimiy tarzda ko‘chada mashq qilishga, yugurishga odatlangan bo‘lsangiz, jaziramada sharoitning o‘zgarishini hisobga olishingiz va bunga ko‘nikishingiz kerak bo‘ladi. 30−35 daraja issiq istalgan jismoniy harakatlarni xavfli qilib qo‘yadi. Yurakka og‘irlik tushadi, organizmning qizib ketishi va quyosh urishi xavfi paydo bo‘ladi, shuning uchun havo haroratini ham hisobga olish va mashqlar uchun to‘g‘ri vaqt tanlash kerak bo‘ladi.

Ertalabdanoq og‘ir mashqlarni qilish yoki yugurish tavsiya etilmaydi, chunki bu vaqtda organizmda qon aylanishi sust bo‘ladi. Agar kechqurun mashq qilish imkoniyati bo‘lmasa, ertalab mashq qilish mumkin, ammo faqat uyg‘onishdan 1−2 soat o‘tgandan keyin. Shuningdek, bunda ertalab havo harorati 30 daraja issiqdan yuqori bo‘lmasligi kerak. Ayniqsa jaziramada mashq qilishda bu jihatlarga gipertoniya va boshqa yurak-qon tomir kasalliklaridan hamda semizlikdan aziyat chekadigan insonlar e’tibor berishi lozim. Bunday sharoitda ularga og‘ir bo‘lmagan, oddiy mashqlarni bajarish tavsiya qilinadi.

Jazirama sharoitida hisobga olish kerak bo‘lgan boshqa tavsiyalar

Doimiy tarzda qabul qiladigan dori vositalaringizni yoningizda olib yurishingiz, umuman, uydagi dori vositalarini salqinroq joyda saqlash tavsiya etiladi.

Yog‘li va go‘shtga boy ovqatlarni bunday sharoitda kamroq iste’mol qilish kerak bo‘ladi.

Shuningdek, jaziramada kichik miqdorlarda, tez-tez ovqatlanish maslahat beriladi. To‘yib ovqatlanish, issiq haroratda organizm uchun og‘irlik qilishi mumkin.

Issiq ob-havo sharoitida iloji boricha kamroq chekish (yoki chekmaslik) tavsiya qilinadi. Chekish — organizmning qizib ketishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, yoz faslida alkogolli ichimliklar iste’moli ham yomon oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Umuman, jazirama issiq sharoitida boshni salqin saqlash lozim, ya’ni yopiq joylarda bo‘lish, quyosh nurlari ostida ko‘p qolib ketishdan qochish kerak. Shu bilan birga, konditsionerdan foydalanishda ham ehtiyotkor bo‘lish, haroratni birdaniga eng pastki ko‘rsatkichga tushirib yuborish tavsiya etilmaydi.