Bugun, 10 iyul kuni OTMning chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari hamda akademik litseylarga qabulning so‘nggi kuni hisoblanadi. Biroq, Qoraqalpog‘istonda internet bilan bog‘liq muammolar tufayla abituriyentlar OTMlarga hujjat topshira olmayapti.

Mazkur holat yuzasidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati bayonot berdi.

«Hozirda Qoraqalpog‘iston hududida internet tizimida ayrim texnik nosozliklar tufayli hujjatlarni onlayn topshirishda uzilishlar kuzatilmoqda. Ammo xavotirga o‘rin yo‘q», — deyiladi vazirlik xabarida.

Bu jarayon hukumat tomonidan to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, hozirda hujjat topshirishga ulgura olmagan qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish muddati uzaytirilishi kutilmoqda.

Ushbu masala tez orada ijobiy yechimini topadi va bu haqidagi ma’lumot qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar hamda ularning ota-onalariga (Beeline, Uzmobile, Ucell, UMS, Perfectum mobile) SMS xabar tarzida, shuningdek, hududiy telekanallar orqali yetkaziladi, deyiladi bayonotda.