7 iyul kuni prezidentning «Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022−2024 yillarda aholi salomatligini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qoraqalpog‘istonda surunkali kasalligi va nogironligi mavjud bo‘lgan bolalar uchun 120 o‘rinli Bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi quriladi. Shuningdek, 80 o‘rinli Bolalar ftiziatriya sanatoriysi barpo qilinadi.

Bundan tashqari, Nukus shahar tibbiyot birlashmasi tarkibida 20 o‘rinli xirurgiya bo‘limini tashkil qilish ham qarorda belgilangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining xirurgiya bo‘limi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Nukus filiali ochiladi. Nukus shahar tibbiyot birlashmasi tarkibida mavjud o‘rinlar doirasida umidsiz og‘ir bemorlar uchun 20 o‘rinli palliativ yordam ko‘rsatadigan xospis tashkil etiladi.

2022 yil yakunigacha:

  • birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan uzoq masofada joylashgan mahallalarda qo‘shimcha 34 ta mahalla tibbiyot punktlari tashkil etiladi;
  • tez tibbiy yordam xizmati 63 ta yangi tez tibbiy yordam maxsus avtotransportlar bilan ta’minlanadi.

2022 yil 1 sentabrdan:

  • ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va oilaviy poliklinika filiallari negizida 16 ta oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi;
  • bolalar orasida ko‘p uchrayotgan kasalliklarni erta aniqlash maqsadida 2−10 yoshli bolalar orasida gelmintoz, 12−15 yoshli qizlar orasida kamqonlik kasalligi bo‘yicha skrining dasturlari joriy etiladi.

Qarorga ko‘ra, sog‘liqni saqlash vazirining Orolbo‘yi mintaqasida tibbiy xizmat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. Vazir o‘rinbosari Orolbo‘yi mintaqasida sohaga oid muammolarni shahar va tumanlarning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda joyida hal etib borish uchun tegishli choralar ko‘radi.

Shuningdek, 1 iyuldan leprozoriylarda ishlaydigan barcha xodimlarning lavozim maoshiga 50 foiz miqdorida ustama belgilanadi.

Qarorga ko‘ra, kamida 3 yillik ish stajiga ega oilaviy shifokorlarni birlamchi bo‘g‘inda tor soha mutaxassisi sifatida ishlashi uchun mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qayta tayyorlash kurslarida o‘qitiladi.

Tibbiyot OTM bitiruvchilari hamda tibbiyot muassasalari mutaxassislari ham tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmatida ishlashi uchun Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qayta tayyorlash kurslarida o‘qitiladi.

2022−2024 yillarda kamida 75 nafar tibbiyot xodimlari nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlariga malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun yuboriladi.

Qaror bilan Qoraqalpog‘istonda 2022−2024 yillarda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordamining sifat va samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlangani ma’lum qilindi.