Hukumatning 5 iyuldagi [360-son] qarori bilan Paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlar uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Nizomga muvofiq, paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlar uchun 13 ta tumandagi yerdan foydalanuvchilarga har bir gektar maydonga 1 mln so‘m subsidiya beriladi.

Yerdan foydalanuvchilar qishloq xo‘jaligi bo‘linmasiga «Agrosubsidiya» axborot tizimi orqali subsidiya oluvchilar ro‘yxatiga kiritish uchun 2022 yil 25 iyulgacha ariza bilan murojaat qilishi kerak bo‘ladi.


Shundan so‘ng, hududdagi qishloq xo‘jaligi bo‘linmasi arizalarga asosan 2022 yil 1 avgustgacha yerdan foydalanuvchilarning nomi, manzili, paxta maydoni to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ro‘yxatni viloyat hokimliklariga taqdim etadi. Hokimliklar 2022 yil 5 avgustgacha yerdan foydalanuvchilar ro‘yxatini tasdiqlaydi.

Belgilanishicha, qishloq xo‘jaligi bo‘linmasi 2022 yil 10 avgustgacha yerdan foydalanuvchilarni ularning ro‘yxatga kiritilganligi yoki ro‘yxatga kiritish rad etilganligi to‘g‘risida xabardor qiladi.

Ro‘yxatga kiritilgan yerdan foydalanuvchi 2022 yil 5 sentabrgacha «Agrosubsidiya» AT orqali subsidiya ajratish bo‘yicha ariza bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligiga murojaat qiladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ro‘yxatni umumlashtiradi va ularni 2022 yil 20 sentabrgacha Moliya vazirligi va Davlat statistika qo‘mitasiga taqdim etadi.

Moliya vazirligi ro‘yxatga muvofiq subsidiyaning dastlabki 70 foizini 2022 yil 1 oktabrgacha quyidagi taqsimotga ko‘ra tashkilotlarning hisobvaraqlariga o‘tkazib beradi:

  • 60 foizini — yerdan foydalanuvchilarga;
  • 6 foizini — Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutiga;
  • 4 foizini — Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutiga.

Davlat statistika qo‘mitasi 2023 yil 25 noyabrgacha yerdan foydalanuvchilarning 2023 yildagi paxta hosildorligini avvalgi yil bilan taqqoslagan holda ma’lumot tayyorlaydi va Moliya vazirligiga taqdim etadi.

Moliya vazirligi Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotiga asosan paxta hosildorligi avvalgi yilga nisbatan 15 foiz yoki undan ko‘p miqdorda oshganda, subsidiyaning qolgan 30 foizini 2023 yil 20 dekabrgacha yerdan foydalanuvchilarning hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.

Mazkur vaqtinchalik nizom 2024 yil 1 yanvargacha amal qiladi.