Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontoxur tumanlarida yashovchi bir guruh shaxslar «Hizb ut-Tahrir» diniy-ekstremistik tashkiloti a’zosi ekanligi gumon qilinmoqda. Bu huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari o‘tkazgan tadbirda aniqlandi, deb xabar berdi IIV matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, «Hizb ut-Tahrir» diniy-ekstremistik tashkiloti a’zosi deb gumonlanayotgan «I.A» 10 nafardan ortiq sinfdoshlarini Telegram orqali tashkil qilgan «Choyxona» va «Iymonlashaylik» nomli virtual guruhlarga qo‘shib, taqiqlangan materiallarni tarqatib kelgan.

Shuningdek, «I.A.» yaqinlari va ko‘plab tanishlarini «tahrirchilar» safiga a’zo bo‘lishga da’vat qilib, internet orqali ekstremistik mazmundagi audio va video materiallarni tarqatib kelgani aytildi. O‘z navbatida guruh a’zolari mazkur materiallar bilan tanishib, «Hizb ut-Tahrir» DET faoliyatini qo‘llab-quvvatlab kelishgan, deyiladi xabarda.

«Mazkur guruhning faoliyati ayni paytda Polshada yashirinib kelayotgan „Hizb ut-Tahrir“ diniy-ekstremistik tashkilotning g‘oyaviy yetkachilaridan biri bo‘lgan „Mahmud Abdulmo‘min“ taxallusli Xoldarov Maxmudjon Abdumalikovich tomonidan boshqarilgan. U 1980 yilda Qirg‘izistonda tug‘ilgan, mazkur davlat fuqarosi, sodir etgan jinoyatlari uchun xalqaro qidiruvda», — deyiladi xabarda.

Ushbu shaxs O‘zbekistondagi va xorijdagi o‘zbekistonliklarni radikallashuviga hamda jinoyatchiga aynalib qolishlariga sababchi sifatida ko‘rilmoqda.

Hozirda qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, tergov harakatlari amalga oshirilmoqda.