Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan qarorga muvofiq, 2026 yilda Milan va Kortina-d'Ampetsso (Italiya) shaharlarida bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilari kompleks tayyorlanadi.

2023−2025 yillarda O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida quyidagilar tasdiqlanadi:

  • figurali uchish, konkida uchish, short-trek, kyorling, xokkey, paraxokkey va parakyorling bo‘yicha professional sportchi, malakali trener va boshqa mutaxassislarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hududida zamonaviy muz saroyi barpo etish;
  • Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Chimyon qishlog‘ida fristayl, tog‘ chang‘isi, snoubord, paratog‘ chang‘isi, parasnoubord, paraxokkey, parakyorling kabi sport turlarini rivojlantirish maqsadida sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabiga qarashli «Paxtakor» sport bazasi negizida qishki sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolari uchun 60 o‘ringa mo‘ljallangan Olimpiya tayyorgarlik markazi tashkil etish;
  • Toshkent shahrida Qishki sport turlari bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan sport maktabi tashkil etish.

2023 yildan boshlab har yili qishki Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari (respublika sport musobaqalari, xalqaro sport musobaqalari, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, Osiyo hamda Jahon chempionatlari va kuboklari) uchun 15 mlrd so‘mgacha mablag‘lar ajratiladi (uch yilda jami 45 mlrd so‘mgacha).

Qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan O‘zbekiston sportchilari prezidentning 2022 yil 14 fevraldagi «O‘zbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish to‘g‘risida»gi [PQ-127-son] qarorining 1-bandida ko‘rsatilgan miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Unga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlarga:

  • oltin medal uchun — 200 ming dollar;
  • kumush medal uchun — 100 ming dollar;
  • bronza medal uchun — 50 ming dollar beriladi.

Xarajatlar Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Maqsadli ko‘rsatkichlarga quyidagilar kiradi:

  • qishki Olimpiya o‘yinlari bo‘yicha 29 ta dasturda ishtirok etish hamda 7 ta sport turi bo‘yicha 8 ta litsenziyani qo‘lga kiritish, shu jumladan, 3 ta istiqbolli olimpiya sport turi (chang‘ida yugurish, fristayl va kyorling) bo‘yicha 10 ta dasturda ishtirok etish;
  • qishki Paralimpiya o‘yinlari bo‘yicha 4 ta dasturda ishtirok etish hamda paratog‘ chang‘isi bo‘yicha 2 ta litsenziyani qo‘lga kiritish, shu jumladan, paraxokkey bo‘yicha dasturda ishtirok etish.

Hujjat bilan qishki sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, tasdiqlanadi:

  • Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrini figurali uchish, xokkey, short-trek, kyorling, paraxokkey, parakyorling sport turlariga ixtisoslashtirish;
  • Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining tog‘li hududlarini tog‘ chang‘isi, snoubord, fristayl, ski-alpinizm, paratog‘ chang‘isi, parasnoubord sport turlariga ixtisoslashtirish;
  • ilg‘or va innovatsion texnologiyalarni jalb qilgan holda salohiyatli hududlarda zarur infratuzilmani yaratish, bu borada investorlarni jalb etish, ularga bo‘sh yer maydonlarini belgilangan tartibda ajratish va qurilish ishlariga ruxsat berish;
  • tog‘li hududlarda joylashgan sport-ta’lim muassasalarida tog‘ chang‘isi va ski-alpinizm bo‘yicha bo‘limlar tashkil etish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
  • muz saroylari mavjud hududlarda figurali uchish, konkida uchish, short-trek, kyorling, xokkey, paraxokkey, parakyorling bo‘yicha bo‘limlar tashkil etish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
  • qishki sport turlari bo‘yicha nodavlat sport-ta’lim muassasalarini tashkil qilish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash.

Qarorga muvofiq, 2026 yil Milan va Kortina-d'Ampetsso shaharlarida (Italiya) bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini tayyorlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etildi.