O‘zbekiston musulmonlari idorasi ijtimoiy tramoqlarda tarqalgan «Qurbon Hayiti namozi o‘qilmaydigan bo‘ldi» mazmunidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

«Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda „Qurbon Hayiti namozi o‘qilmaydigan bo‘ldi, bu borada O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi fatvosi e’lon qilindi“ degan mazmundagi yolg‘on xabar (feyk)lar tarqalmoqda. Mazkur xabarlar asossiz va haqiqatga mos kelmaydi», — deyiladi xabarda.

Idoraning ma’lum qilishicha, ushbu feyk xabar bundan bir yil avval, pandemiya davrida 2021 yil iyul oyida e’lon qilingan ma’lumot bo‘lib, takroran tarqatilmoqda. Joriy yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi bunday fatvo chiqarmagan.

«O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish ko‘rsatkichlarida o‘zgarishlar bo‘layotgan bo‘lsa-da, lekin ommaviy tadbirlarni cheklash yuzasidan Respublika maxsus komissiyasining qarori e’lon qilingani yo‘q. Qurbon Hayiti namozini o‘qish yuzasidan biror o‘zgarish bo‘ladigan bo‘lsa, rasmiy nashrlarda e’lon qilinishini bildiramiz. Mo‘min-musulmonlardan asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan bunday xabarlarni tarqatmaslikni iltimos qilamiz», — deyiladi xabarda.

Idora aholi orasida asossiz va yolg‘on xabar tarqatish Islom dini ko‘rsatmasiga ko‘ra, katta gunoh, qonunchilikda esa javobgarlikka sabab bo‘lishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda Qurbon Hayitining birinchi kuni 9 iyul — shanba kuniga to‘g‘ri kelishi to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan qarorni inobatga olib, mamlakatda 2022 yil 9 iyul kuni Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlash bo‘yicha prezident farmoni imzolandi.

Unga ko‘ra, Qurbon Hayiti arafasida barcha uchun (ish haftasining turidan qat’i nazar) ketma-ket 4 kun dam olish kunlari bo‘ladi:

  • 9 iyul — Qurbon hayiti bayram kuni;
  • 10 iyul — yakshanba, odatiy dam olish kuni;
  • 11 iyul — dushanba, qo‘shimcha dam olish kuni;
  • 12 iyul — seshanba, ko‘chirilgan qo‘shimcha dam olish kuni (16 iyul — shanba kunidan).