1−2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istondagi ommaviy tartibsizliklar oqibatida 18 nafar fuqaro vafot etdi, 243 kishi, shu jumladan, 38 nafar huquq-tartibot organlari xodimi turli jarohatlar bilan shifoxonalarga murojaat qildi. Bu haqda dushanba kuni AOKAda o‘tgan brifingda Milliy gvardiya hamda Bosh prokuratura mas’ullari xabar berdi.

Jarohatlangan fuqarolarning 149 nafariga tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.

«Hozirda kasalxonalarda jami 94 nafar bemor davolanmoqda va og‘ir ahvolda bo‘lganlari bor. Shu jumladan, jarohatlanganlar orasida huquq-tartibot xodimlari ham bor. Masalan, Milliy gvardiya Qoraqalpog‘iston bo‘yicha Qo‘riqlash boshqarmasi safdori ko‘krak qismidan o‘qdan jarohatlangan», — dedi Davron Jumanazarov.

Qolaversa, yana bir safdor chap oyoq boldir suyak yopiq sinish jarohatini, jizzaxlik va toshkentlik ikki nafar safdor bosh miya ochiq jarohatini olgan.

Bundan tashqari, 1−2 iyul kunlari Nukus shahridagi tartibsizliklarda qatnashib, voqea joyida ushlangan 516 fuqaro IIBga topshirildi. Ular bilan surishtiruv ishlari olib borilyapti. Surishtiruvdan so‘ng ularning ayrimlari ma’muriy jazo qo‘llanilib, qo‘yib yuborilgan.

Milliy gvardiya matbuot kotibining ma’lum qilishicha, favqulodda holat e’lon qilingandan so‘ng, 3 iyuldan 4 iyulga o‘tar kechasi komendantlik tartibini buzgan 110 nafar fuqaro ko‘chalarda bemaqsad yurgani uchun Ichki ishlar idoralariga topshirilgan. 12 ta transport vositasi jarima maydoniga qo‘yilgan.

Xususan, Nukusdagi patrullik xizmati davomida komendantlik soatiga rioya qilmagan 58 nafar shaxslar ushlanib, ulardan 28 nafariga MJtKning 204-moddasi (favqulodda xolat tartibining talablarini buzish) bilan bayonnoma tuzilgan. Qolganlar bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan va uyiga qo‘yib yuborilgan.