Qoraqalpog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston mobil operatorlari abonentlari tunda, ham o‘zbek tilida, ham qoraqalpoq tilida Qoraqalpog‘istonning maqomi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaning 70−75-moddalari amaldagi tahrirda qolishi va o‘zgarmasligi haqida SMS-xabarnomani olishdi. Bu haqda «Gazete.uz»ga Nukus aholisi xabar berdi, mazkur ma’lumot mobil aloqa operatorlari vakillari tomonidan tasdiqlandi.

Respublikada internetga kirish hali ham cheklangan. Ko‘plab aholi SMS`ni faqat ertalab ko‘rishganini xabar qilishdi.

Asosiy Qonunning yuqorida qayd etilgan moddalari o‘zgartirilmasligi haqida kecha noroziliklar bo‘lib o‘tgan Nukusga borgan prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qilgandi. U Jo‘qorg‘i Kenges yig‘ilishidagi nutqida shunday degandi: «Qoraqalpoq xalqi norozi bo‘lsa, birorta modda hech qachon o‘zgarmaydi».

Hududda mobil internet o‘tgan hafta oxiri, Bosh qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar loyihasi haqida ma’lum bo‘lganidan beri deyarli mavjud emas. Shu hafta oxiriga kelib statsionar internet ham ishlamay qoldi. Shu sababli, to‘lov terminallari ishlamayapti, do‘konlarda mahsulotlar mijozlarning ma’lumotlarini daftarga yozib qo‘yib, qarzga berilmoqda. Shunga qaramasdan, mobil aloqa va SMS ishlab turibdi.