Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida bo‘lib turibdi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Yakshanba kuni tongda videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, barcha tumanlar bilan muloqot qilindi. Tuman hokimlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.

Milliy gvardiya qo‘mondoni, Qoraqalpog‘iston komendanti Rustan Jo‘rayev hamda mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov.

Ta’kidlanishicha, davlat rahbarining kechagi murojaatidan keyin «vaziyat barqarorlashgan, hayot o‘z maromiga qaytmoqda».

«Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududining komendanti ushbu holat bo‘yicha axborot berib, vaziyat to‘liq nazoratga olinganini ta’kidladi», — deyiladi xabarda.

Shundan so‘ng, davlat rahbari Nukus shahridagi Jeketerak mahallasi aholisi bilan uchrashdi.


Jeketeraklik yoshullilar kechagi ko‘ngilsiz voqealarda ba’zi yoshlar adashgani va qonunga zid harakatlar sodir etgani, tashqi g‘arazli kuchlar ta’siriga tushib, his-hayajonga berilganini afsus bilan aytishdi, deyiladi xabarda.


Shuningdek, o‘zbeklar va qoraqalpoqlar ikki tilli bir el ekani, mamlakat birligi va tinchligini qadriga yetish kerakligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, shanba kuni prezident farmoni bilan Qoraqalpog‘istonda 2 avgustga qadar favqulodda holat joriy etilib, 21:00 dan soat 7:00 ga qadar bo‘lgan muddatda komendantlik soati o‘rnatilgandi.