O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesida so‘zga chiqib, deputatlarning o‘zlari Konstitutsiyada Qoraqalpog‘istonning maqomini o‘zgartirishga oid taklifni kiritgani va ma’qullaganini tanqid qildi. Bu aks etgan videoyozuvni davlat rahbarining matbuot xizmati e’lon qildi.

«Salgina e’tirozim. Mana shu o‘zlaring bosh bo‘lib, o‘zlaring tashabbus bilan chiqib, o‘zlaring so‘zga chiqib, o‘zlaring tasdiqlagansizlar», — dedi u.

«Men har doim ochiqman-ku. Nimaga menga odamlar norozi deb, telefon qilib aytmadinglar. Men ham odam-ku. Menga ham Qoraqalpog‘istonni ertangi kuni, tinchligi kerak-ku. Shuncha qilgan mehnatimizni endi, sharmanda qilish kimga kerak?», — deya savol bilan yuzlandi prezident.

«Maqsad-muddaomiz nima o‘zi?, — deya so‘zida davom etdi u. — Maqsadimiz emin erkin yashash. Har bir odam o‘zini erkin tutishi, millatidan, elatidan, tilidan, dinidan qat’iy nazar Vatanimizda emin-erkin yashash».

«Konstitutsion islohot faqat xalqning ertangi kunini yaxshi qilish uchun. Qoraqalpoq xalqi norozi bo‘lsa, birorta modda hech qachon o‘zgarmaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Shuning uchun har bir deputat yana bir marta o‘zining taklifini aytsin. 70, 71, 72, 73, 74, 75-moddalarga bironta o‘zgartirish kiritilmaydi», — dedi davlat rahbari.

Alohida nutqlar va fleshmoblar bilan boshlangan respublika aholisining noroziligi 1 iyul kuni Nukus markazida ommaviy namoyishlarga aylanib ketdi. Vafot etganlar va jarohatlangan haqida xabarlar tarqalmoqda.

Prezident farmoni bilan Qoraqalpog‘istonda 3 iyul kuni soat 00:01 dan 2 avgust kuni soat 00:00 ga qadar bo‘lgan davrda favqulodda holat joriy etildi. FV davrida soat 21:00 dan 7:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi. Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev Qoraqalpog‘iston Respublikasi komendanti etib tayinlandi. Qoraqalpog‘istonga kirish va undan chiqish cheklandi. Barcha ommaviy tadbirlar taqiqlandi.