O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy islohotlar komissiyasi matbuot kotibi Odiljon Tojiyev 1 iyul kuni ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tgan Qoraqalpog‘istondagi vaziyat yuzasidan bayonot berdi.

«Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari ham vaziyatni diqqat bilan kuzatdi, tarmoqda yangrayotgan fikrlarni tahlil qilib bordi. Bir guruh populistlar provakatsion harakatlar natija berishidan umid qilib, shiorbozlikka berilib, xalqni ko‘chaga chiqishga chorladi», — dedi deputat.

«Ta’kidlaymizki, Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan taqdim qilingan qonun loyihasi oxir-oqibat O‘zbekiston xalqining, jumladan, Qoraqalpoqlarning ham orzu-intilishlari ifodasi bo‘ladi. Ommaviy tartibsizlik keltirib chiqarishga uringan ig‘vogarlar qoraqalpoq xalqining umumiy fikrini ifoda qilmaydi», — deya ta’kidladi u.

«Hujjat tor doirada muhokama qilinmayapti, umumxalq muhokamasi o‘tkazilayapti, -deya qayd etdi vitse-spiker. — Shu omilning o‘ziyoq davlatning ochiqlik siyosati, har bir ishda xalq fikri bilan hisoblashishini ko‘rsatadi. Demokratiya va oshkoralikni ommaviy tartibsizlikka aylantirish qanday oqibatlarga olib kelganiga hozir o‘nlab misollab keltirishim mumkin. Lekin, shusiz ham hammasini his qilib turibsiz, deb o‘ylayman».

Odiljon Tojiyev komissiya ushbu holatga doir rasmiy munosabatini berishiga umid bildirdi. «Hozir esa qisqacha qilib bir gapni aytishimiz mumkin: xalq fikrini ifoda qiladigan minbarlar, muhokama maydonlari — provakatorlarning resurslari emas. Biz bu vaziyatga yanada jiddiy yondashishimiz lozimligini tobora ravshanroq tushunayapmiz», — deya ta’kidladi parlament quyi palatasi vitse-spikeri.