Vazirlar Mahkamasining 30 iyundagi qarori bilan yoqilg‘i-energetika resurslarining 2022 yil 15 iyuldan kuchga kiradigan yangi narxlari tasdiqlandi.

Elektr energiyasi

Aholi uchun 1 kVt soat elektr energiyasi narxi o‘zgarishsiz, ya’ni — 295 so‘m bo‘lib qoldi.

1 kVt soat elektr energiyasi Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun — 800 so‘m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun — 600 so‘mda sotiladigan bo‘ldi.

Tabiiy gaz

Aholi uchun 1 kub m tabiiy gaz iste’moli narxi o‘zgarishsiz, ya’ni — 380 so‘m bo‘lib qoldi.

1 kub m tabiiy gaz Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun — 1300 so‘m, avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun — 1150 so‘m, issiqlik elektr stansiyalari uchun — 1000 so‘m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun — 1100 so‘m etib belgilandi.

Suyultirilgan gaz narxi esa aholi uchun o‘zgarishsiz, ya’ni — 1120 so‘m miqdorida belgilanishi nazarda tutilgan.

2023 yil 1 apreldan kuchga kiruvchi tariflar

Shuningdek, korxonalarni uzoq muddatli rejalashtirishga moslashtirish, operatsion samaradorlikni va energotejamkorlikni oshirish maqsadida 2023 yil 1 apreldan kuchga kiradigan yangi narxlar ham belgilandi.

Unga ko‘ra, elektr energiyasi bo‘yicha tariflar Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun 850 so‘m, qolgan yuridik shaxslar uchun — 700 so‘m etib belgilanadi.

Tabiiy gaz bo‘yicha tariflar esa issiqlik elektr stansiyalari uchun — 1200 so‘m, Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun — 1350 so‘m, avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun — 1350 so‘m, qolgan yuridik shaxslar uchun — 1350 so‘m etib belgilanadi.

2023 yil 1 apreldan o‘rnatiladigan yoqilg‘i-engergetika resurslarining narxlari kelgusi yillarda qayta ko‘rib chiqilishida inflyatsiya darajasiga indeksatsiya qilib boriladi. 2026 yildan boshlab esa elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning ulgurji bozoriga o‘tiladi hamda narxlar erkin shakllanishi ta’minlanadi.

Muhokamaga chiqarilgan qaror loyihasi bo‘yicha aholi tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib, qaror loyihasida aholi uchun joriy etilishi nazarda tutilgan «ijtimoiy me’yor»ning joriy qilinishi mutaxassislar tomonidan qayta ko‘rib chiqilmoqda va mazkur qaror bilan aholi uchun narxlar o‘zgarishsiz qoldirilmoqda.