O‘zbekiston IIV Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridagi fuqarolarning noqonuniy namoyishlari yuzasidan ma’lumot berdi.

Unda qayd etilishicha, joriy yilning 1 iyul kuni soat taxminan 15.00 lardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar, respublikamizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilishlari oqibatida, kutilmaganda ko‘cha yurishlarini tashkil qilib, Nukusning Markaziy dehqon bozorida to‘planib, namoyishlar uyushtirishgan.

Mazkur holat yuzasidan, jamoat tartibini buzilishini oldini olish hamda fuqarolar tomonidan turli tartibbuzarliklarni sodir etishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, dehqon bozori hududiga huquqni muhofaza qilish organlarining kuch va vositalari jalb etilgan, deyiladi xabarda.

Hozirda jamoat tartibi tiklanib, fuqarolarning qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari va barcha murojaatlari o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilishi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

«Gazeta.uz»ning Nukusdagi manbalari hozirda shahar markazida odamlar tarqala boshlaganini xabar qildi. Namoyishchilar bilan uchrashish uchun Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Murat Kamolov keldi. U namoyishchilar ozod etilishini talab qilgan faol Dauletmurat Tajimuratovning yonida gapirdi.