«Gazeta.uz» 2022 yil 1 iyuldan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Yengil avtomobillarning orqa yon oynalarini qoraytirish bepul bo‘ldi

Prezidentning 28 iyundagi [PQ-298-son] qarori bilan 1 iyuldan boshlab yengil avtotransport vositalarining orqa yon oynalari tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun ruxsatnoma olish tartibi bekor qilindi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning yengil avtotransport vositalari old yon oynalari tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berganlik uchun to‘lov miqdori BHMning 8 baravari — 2,4 mln so‘m etib belgilandi.


2. Qoraqalpog‘istonning ayrim tumanlariga borib ishlagan shifokorlarning maoshiga 100 va 200 foizlik ustamalar to‘lanadi

Prezidentning 17 maydagi [PF-136-son] farmoniga asosan viloyatlar hamda Toshkent shahridan, shuningdek, xorijiy davlatlardan Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir, Chimboy, Qorao‘zak, Bo‘zatov, Shumanay, Qo‘ng‘irot tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshiga dastlabki uch yil davomida 100 foiz, Mo‘ynoq tumanida esa 200 foiz miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama to‘lanadi.

Mablag‘lar Davlat budjetidan ajratiladi. Bunda, mazkur bandda ko‘rsatilgan ustamani olish uchun shifokor boshqa hududda kamida ikki yil ishlagan hamda kamida ikkinchi darajali malaka toifasiga ega bo‘lgan bo‘lishi lozim.


3. Olis va chekka hududda ishlayotgan shifokorlarga ipoteka kreditining 50 foizi qoplab beriladi

Prezidentning 24 apreldagi [PQ-215-son] qaroriga ko‘ra, olis va chekka hududlardagi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlar oylik ish haqiga qo‘shimcha 2 million so‘m miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.

Bundan tashqari, ularga ipoteka asosida uy-joy sotib olishda uy-joy qiymatining 50 foizigacha qismi, biroq BHMning 500 barobari — 150 mln so‘mdan oshmagan miqdorda mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.


4. Barcha tuman va shaharlarda «Xavfsiz yo‘l» indeksi yuritiladi

Prezidentning 4 apreldagi [PQ-190-son] qaroriga muvofiq, respublikaning barcha tuman (shahar)lari kesimida «Xavfsiz yo‘l» indeksi yuritiladi. Bunda:

  • indeks doirasida yo‘l infratuzilmasi va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilinishining holati 29 ta indikator bo‘yicha har chorak yakunida baholab boriladi;
  • tuman (shahar)lar indeks ko‘rsatkichlari asosida yo‘llarda harakat xavfsizligini tashkil etishning holati bo‘yicha «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratiladi.

5. Davlat muzeylari 22:00 gacha ishlashi va pullik xizmat ko‘rsatishi mumkin

Prezidentning 25 maydagi [PQ-261-son] qarori bilan O‘zbekistondagi davlat muzeylariga qo‘yidagilarga ruxsat berilmoqda:

  • davlat muzeylariga har kuni soat 22:00 gacha xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi;
  • zaruratga ko‘ra, davlat muzeylari tungi ish vaqti muddatlarini belgilashi mumkin;
  • pulli xizmatlar ko‘rsatishda ishtirok etgan muzey xodimlariga qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanadi va ular moddiy rag‘batlantiriladi;
  • davlat muzeylariga fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida qo‘shimcha xodimlarni jalb etishga ruxsat beriladi.

6. Mahallalarda ijtimoiy xizmatlar kompleks yondashuv asosida ko‘rsatiladi

Prezidentning 29 iyundagi [PQ-300-son] qaroriga asosan 1 iyuldan Mahallalarda kompleks yondashuv asosida ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinadi. Buning uchun mahallalarda kompleks yondashuv tizimi asosida ijtimoiy xizmatlarni joriy qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabi tashkil qilindi.

2022 yil 1 noyabrgacha mahallalardagi xotin-qizlar faollari har 2 haftada Hududiy shtablarga quyidagi ma’lumotlarni kiritadi:

  • xonadonlar ahvoli, oilalarning ijtimoiy xizmatlarga ehtiyoji;
  • oilalarga aniq ijtimoiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ma’lumotlar;
  • murakkab operatsiyalarga, nogironlarning protez-ortopediya buyumlariga ehtiyoji bo‘yicha buyurtmalar;

7. Har yili 1 mln nafar fuqaro virusli gepatit «V» va «S» turlariga skrining tekshiruvlaridan o‘tkaziladi

Prezident 16 maydagi [PQ-243-son] qaroriga ko‘ra, har yili respublika aholisini virusli gepatit «V» va «S» turlariga skrining tekshiruvlari soni 1 million nafargacha, polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) tekshiruvlari soni 15 ming nafargacha, virusli gepatit «S» turi bilan kasallangan bemorlarni davolash 10,5 ming nafargacha yetkaziladi.

Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi tegishli muassasalarda Qrim-Kongo gemorragik isitmasi bilan kasallanib tuzalganlarning (donorlarning) qon plazmasi banki yaratiladi.

Nodavlat tibbiyot tashkilotlari qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlayotgan xodimlar gepatit «V» infeksiyasiga qarshi emlanadi.

Har yili keng tarqalgan virusli infeksiyalar muammolarining ilmiy yechimini ta’minlashga qaratilgan loyihalarga tanlovlar asosida mablag‘lar ajratiladi.


8. Kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlarga bir martalik subsidiya beriladi

Prezident 21 apreldagi [PQ-214-son] qaroriga muvofiq, kasanachilarga daromad solig‘i kasanachilikdan olinadigan jami daromadni 50 foizga, 1 oyda ko‘pi bilan 1 million so‘mgacha kamaytirgan holda hisoblanadi.

Kasanachilar ijtimoiy soliq to‘lovini o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan tartibda amalga oshiradi.

Olis va chekka hududlardagi mahallalarda (jami 252 ta) kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlarga dastlabki 3 oydagi faoliyati uchun 1 oylik o‘rtacha daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.


9. Bo‘sh turgan binolarga nisbatan yuqori soliq stavkasini belgilash bekor qilindi

Prezidentning 28 iyundagi [PF-162-son] farmoni bilan 1 iyuldan bo‘sh turgan binolar, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun mo‘ljallanmagan inshootlar, tugallanmagan qurilish obyektlariga va ushbu obyektlar bilan band yerlarga mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qo‘llash, soliq imtiyozlari va preferensiyalarning amal qilishini to‘xtatish tartibi bekor qilindi.

Mazkur sanadan boshlab:

  • majburiy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi deb e’tirof etiladigan tadbirkorlarga QQS bo‘yicha guvohnoma avtomatik ravishda beriladi;
  • soliq xavfi yuqori bo‘lgan soliq to‘lovchilarning QQS bo‘yicha guvohnomasining amal qilishi bu haqida soliq organlari tomonidan 5 ish kuni oldin xabarnoma yuborilgandan so‘ng hamda mazkur muddatda kamchiliklar bartaraf etilmagan taqdirda to‘xtatib turiladi.

10. «Oilaviy shifokor» yo‘nalishi bo‘yicha mustaqil faoliyat amalga oshirishga ruxsat beriladi

Prezidentning 27 yanvardagi [PF-60-son] farmonining dasturiga asosan 1 iyuldan «oilaviy shifokor» yo‘nalishi bo‘yicha mustaqil faoliyat amalga oshirishga ruxsat beriladi.

2022 yil 1 iyulgacha 2022 yilda iqtidorli o‘qituvchi va shifokorlarning ish haqlari malaka toifasiga qarab tabaqalashtirilgan holda oshiriladi. Qolaversa, xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘qituvchi va shifokorlarga malaka toifalarini berish tartibi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.


11. Parranda eksporti uchun subsidiya oshiriladi

Prezident 16 iyundagi [PQ-281-son] qaroriga ko‘ra, «Parrandasanoat» uyushmasiga a’zo parrandachilik xo‘jaliklariga 2024 yil 1 yanvargacha davrda parrandachilik xo‘jaliklariga har bir bosh 1 kunlik nasldor jo‘jani import qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun subsidiya miqdori 12 ming so‘m etib belgilandi.

Parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli davlat dasturlari bo‘yicha kredit mablag‘lari 10 yilgacha muddatga 3 yilgacha imtiyozli davr bilan ajratiladi.