28 iyun kuni Markaziy saylov komissiyasining Konstitutsiyaviy referendum o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan majlisi o‘tkazildi.

MSK raisining o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov kun tartibiga qo‘yilgan Referendum okruglari hamda referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari to‘g‘risidagi, Referendum uchastkalari hamda uchastka komissiyalari to‘g‘risidagi nizomlar haqida ma’lumot berdi.

«Yangilik ixtiro qilganimiz yo‘q. Referendum komissiyalari tizimi saylov komissiyalari tizimiga o‘xshash shaklda tuziladi. O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovida shakllantirilgan okrug va uchastkalar tizimi shu referendumni o‘tkazish jarayonlarida ham ish olib boradi», — dedi rais o‘rinbosari.

Bahrom Qo‘chqorov. Foto: MSK matbuot xizmati.

Majlisda «Referendum to‘g‘risida»gi qonun bundan 30 yil oldin qabul qilingani, unga 2001 yilda tegishli o‘zgartirishlar kiritilgani aytildi.

Ma’lum qilinishicha, 2019 yilda Saylov kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan referendum to‘g‘risidagi qonunga saylov kodeksidan kelib chiqadigan o‘zgartirishlar kiritilib, bir-biriga moslashtirildi. 2021 yilda esa Saylov kodeksiga yana ikki marta o‘zgartirishlar kiritildi.

Referendum komissiyasi tarkibida ayol va erkaklarning teng vakilligi ta’minlanadi. Referendumni o‘tkazishda avvalgi saylovlardagi kabi aholini barcha qatlamlariga, jumladan, nogironligi bo‘lgan va ko‘zi ojizlarga ovoz berish uchun kerakli sharoitlar yaratib beriladi.

Shuningdek, nizomning 87 va 97-bandlariga ko‘ra ovoz berishni tashkil qilish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi faoliyati joylashgan binoda kimlar bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida alohida qoida belgilangan. Unga ko‘ra, tegishli uchastka komissiya a’zolari, okrug a’zolari, MSK, mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar, OAV vakillari, referendum uchastkasidagi ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxati bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etuvchi fuqarolar bo‘lishi mumkin.

Majlisda ta’kidlanganidek, referendum o‘tkazuvchi komissiya a’zolarining malakasini oshirish 10 nafar yuqori malakali ekspertlar guruhi shakllantiriladi. Mazkur ekspertlar tomonidan dastlab referendum o‘tkazuvchi okrug va uchastka komissiyalari raisi, rais o‘rinbosari va kotibi lavozimlariga nomzodlarni 2 bosqichda o‘qitish maqsadida Adliya, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, AKT vazirliklari, Davlat boshqaruv akadkmiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Sudyalar oliy maktabi, IIV akademiyasi, Bojxona instituti hamda boshqa tashkilotlardan 104 nafar amaliyotchilardan iborat respublika trenerlar ro‘yxati shakllantiriladi.

Shuningdek, hududiy shtatlar yordamidan foydalangan holda 944 nafar hududiy trenerlar ro‘yxatini shakllantirish, tuman-shaharlarda tashkil etiladigan shtablar yordamidan foydalanib, uchastka komissiyalari raisi, rais o‘rinbosari va kotibiga jami 33 mingga yaqin nomzodlar ro‘yxatini shakllantirish belgilandi.

Qayd etilishicha, ularni navbatma-navbat iyul-avgust oylarida ikki kunlik o‘quv dasturiga asosan kaskad usulidan foydalangan holda o‘qitish, saylov uchastkalari tuzilgandan so‘ng referendum uchastkalarining o‘zida qolgan 110 ming nafarga yaqin uchastka komissiyalarining boshqa a’zolarini o‘qitish taklifi ishlab chiqildi.

Ko‘rsatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, seminar-treninglar 3 bosqichli bo‘ladi, barcha a’zo nomzodlar Konstitutsiyaviy referendum o‘tkazish uchun tayyorgarlik ko‘radilar.

«Qonun bo‘yicha, referendum o‘tkazish kunini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin, uni o‘tkazish uchun 1 oydan 3 oygacha muddat belgilangan. Konsepsiya bo‘yicha 3 bosqichda tashkil qilinadigan o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar ko‘lami esa katta. Qisqa muddat ichida 140 mingdan ortiq uchastka-okrug komissiya a’zolarini o‘qitish kerak», — dedi MSK raisi Zayniddin Nizamxodjayev.

Majlis so‘nggida barcha masalalar bo‘yicha qaror loyihalari MSK a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlarni referendum yo‘li bilan qabul qilish taklifini bildirgandi