Samarqand shahri va Samarqand tumanida yashovchi «Hizb ut-Tahrir» diniy-ekstremistik tashkiloti a’zolarining faoliyatiga chek quyildi. Bu huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda aniqlandi, deya xabar bermoqda viloyat IIB.

Ma’lum bo‘lishicha, jinoiy guruh tashkilotchilari bo‘lgan «G.S.» va «R.A.» sheriklariga «Hizb ut-Tahrir»ning «Islom nizomi» nomli kitobi va «Al-Va’y» jurnalidan foydalangan holda boshqalarga dars o‘tib kelgan. Ular respublikada konstitutsion tuzumni ag‘darib tashlab, halifalik davlatini tiklashga targ‘ib qilib kelishgan.

Shuningdek, «G.S.» va «R.A.» ota-onalari, yaqinlari va ko‘plab tanishlarini ham o‘z saflariga a’zo bo‘lishga da’vat qilib, internet orqali ekstremistik mazmundagi audio va video materiallarni tarqatgan, deyiladi xabarda.

«Mazkur guruhning faoliyati ayni paytda Polshada yashirinib kelayotgan „Hizb ut-Tahrir“ diniy-ekstremistik tashkilotning g‘oyaviy yetkachilaridan biri bo‘lgan „Mahmud Abdulmo‘min“ taxallusli Xoldarov Maxmudjon Abdumalikovich tomonidan boshqarilgan. U 1980 yilda Qirg‘izistonda tug‘ilgan, mazkur davlat fuqarosi, sodir etgan jinoyatlari uchun xalqaro qidiruvda», — deyiladi xabarda.

Keltirilishicha, mazkur shaxs O‘zbekistondagi va xorijdagi o‘zbekistonliklarni radikallashuviga hamda jinoyatchiga aynalib qolishlariga sababchi sifatida ko‘rilmoqda.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari amalga oshirilmoqda.