O‘zbekistonda barcha fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligini ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi «Teng muomala qilish va kamsitmaslik to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda hujjat loyihasini ishlab chiqqan Adliya vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Qonun loyihasida barcha fuqarolarning imtiyozlardan teng foydalanishi va ularni faqat qonunlar bilan belgilash, ishga qabul qilishda meritokratiya, intizomiy choralarni qo‘llash va xodimlarni bajarilgan ishlar uchun rag‘batlantirish sohasida, shuningdek, jamoa shartnomalari va kelishuvlarida kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, bir xil hajmdagi ish uchun teng miqdorda haq to‘lash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat huquqlarini mustahkamlash kabilar o‘rin olgan.

Bundan tashqari, hujjat bilan transport va madaniy-ko‘ngilochar xizmatlardan foydalanish, uy-joy olishda kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, ijtimoiy nafaqalarni tayinlashda kamsitmaslik masalalari mustahkamlab qo‘yilishi nazarda tutilmoqda.

Quyidagilar ushbu qonunning asosiy tushunchalari etib belgilanadi:

  • kamsitish — inson huquqlari va erkinliklarining siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy yoki jamoat hayotining boshqa sohalarida teng asosda tan olinishi, foydalanilishining yo‘q qilinishi yoki kamsitish maqsadida irqi, terisining rangi, milliy va etnik kelib chiqish belgilariga asoslangan har qanday farqlash, chetlashtirish, cheklash yoxud afzal ko‘rish;
  • bevosita kamsitish — jamiyat hayotining barcha sohalarida shaxslarning huquqlari hamda erkinliklarini tan olmaslikka qaratilgan har qanday tarzda farqlash, istisno etish yoki cheklash, shu jumladan, fuqarolarning irqi, millati, ijtimoiy holati, etnik kelib chiqishi va e’tiqodi tufayli kamsitish;
  • bilvosita kamsitish — siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy yoki jamoat hayotining barcha sohalarida taqiqlash, shaxslarni boshqalariga nisbatan noqulay holatga tushirib qo‘yadigan vaziyatlarni, holatlarni yoki mezonlarni yaratish, shuningdek muayyan shaxslar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan noqulay ko‘rinishdagi shart-sharoitlar yoxud talablar belgilash;
  • ko‘p marta kamsitish — ushbu qonunda nazarda tutilgan bir necha asoslar bo‘yicha bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladigan holatlar majmui;
  • tazyiq — sodir etilganligi uchun ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik nazarda tutilmagan, har bir shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakat (harakatsizlik);
  • kamsitishga undash — shaxsni ko‘ndirish, aldash yoki boshqa yo‘l bilan o‘zga shaxslarni kamsitishga majbur bo‘ladigan holatga solib qo‘yish;
  • kamsitishga ko‘maklashish — kamsitishni sodir etishga o‘z maslahatlari, ko‘rsatmalari bilan yordam berish yoki to‘siqlarni yo‘qotish bilan ko‘maklashish, shuningdek, kamsitish paydo bo‘lishiga qaratilgan harakat yoki harakatsizliklarni amalga oshirishga oldindan va’da berish.

Shuningdek, teng muomala qilish va kamsitmaslikni ta’minlashning asosiy prinsiplari qonuniylik, demokratizm, irq bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, barcha shaxslarga kamsitishdan himoya qilish huquqidan foydalanish uchun teng imkoniyatlar taqdim etish hamda ochiqlik va shaffoflik etib belgilanadi.

Mazkur qonunning qoidalari quyidagi holatlarga nisbatan qo‘llanilmaydi:

  • shaxsiy va oilaviy munosabatlarga;
  • nodavlat notijorat tashkilotlarga a’zolik va ishlash to‘g‘risida qaror qabul qilishda, agar ular tomonidan belgilangan tartib oddiy, qonuniy va oqilona bo‘lsa;
  • chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston qonuni yoxud xalqaro shartnomasida nazarda tutilgan muomaladagi farqlar mavjud bo‘lganda;
  • protsessual qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solingan munosabatlarga;
  • muayyan lavozimni egallash va faoliyat bilan shug‘ullanish uchun zarur malaka tavsiflari va kasbiy talablarni belgilash asosida shaxslar bilan ishlashda farqlar mavjud bo‘lishi talab etilgan holatlarda;
  • pensiyaga chiqish uchun qonunda nazarda tutilgan yoshga va xizmat muddatiga qo‘yilgan talablar mavjud bo‘lganda;
  • qonunchilik hujjatlarida yetim bolalarning, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning, alohida ehtiyojga ega bo‘lgan voyaga yetmaganlar, yolg‘iz ota-onalar, ko‘p bolali va kam ta’minlangan oilalarning huquqlari va manfaatlarini alohida himoya qilish belgilangan taqdirda.

Teng muomala qilish va kamsitmaslikni ta’minlash sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari ham ushbu qonun loyihasida belgilab berilgan bo‘lib, u quyidagilardan iborat bo‘ladi:

  • teng muomala qilish va kamsitmaslikni ta’minlash sohasida normativ-huquqiy bazani shakllantirish va takomillashtirish;
  • teng muomala qilish va kamsitmaslikni ta’minlash sohasida davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
  • mamlakatdagi barcha shaxslar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar madaniyatini shakllantirish;
  • inson huquqlari buzilishi to‘g‘risidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish va hal etish uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratining tashkiliy- huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish;
  • teng muomala qilish va kamsitmaslikka erishish maqsadida milliy, mintaqaviy va xalqaro darajalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish.

Vazirlar Mahkamasiga esa teng muomala qilish va kamsitmaslikni ta’minlash bo‘yicha quyidagi vakolatlarni berish taklif etilmoqda:

  • jamiyat hayotining barcha sohalarida teng muomala qilish va kamsitmaslikni ta’minlashga qaratilgan yagona davlat siyosati amalga oshirish;
  • teng muomala qilish va kamsitmaslikni ta’minlash sohasidagi davlat dasturlari, milliy harakatlar rejalari va strategiyalarning ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi hamda ularni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘lar ajratilishini tashkil etish;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining teng muomala qilish va kamsitmaslikni ta’minlash sohasidagi hamkorligini muvofiqlashtirish;
  • tenglik siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralarni belgilash.

Qonun loyihasida barcha fuqarolar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar teng muomala qilish va kamsitmaslik bo‘yicha imtiyozlardan foydalanishda teng huquqlarga ega ekanligi belgilab qo‘yish ko‘zda tutilgan. Fuqarolarga imtiyozlarni berish tartibi O‘zbekiston qonunlari bilan belgilanadi.

Shuningdek, teng muomala qilish va kamsitmaslikni ta’minlash bo‘yicha ta’lim sohasidagi davlat organlari va ta’lim muassasalari mansabdor shaxslari hamda ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi boshqa subyektlarga quyidagi masalalar yuklatiladi:

  • ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar va ma’muriy xodimlar yoki ta’lim oluvchilar tomonidan har qanday darajadagi kamsitishning barcha shakllarining oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rish;
  • ta’lim oluvchilarning ta’lim muassasalaridan asossiz ravishda chetlashtirilishining oldini olish;
  • o‘quv dasturlariga imkoniyatlar tengligi bo‘yicha dars mashg‘ulotlarini kiritish;
  • ta’lim oluvchilarning muayyan bir guruhga mansubligiga asoslangan imtiyoz yoki cheklovlar o‘rnatilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • ta’lim muassasalariga yuqori malakali pedagoglarni teng imkoniyatlar tamoyili asosida ishga tayinlash bilan bog‘liq bo‘lgan kamsitishga qarshi kadrlar siyosatini izchil amalga oshirish;
  • ta’lim olish to‘lovlari, stipendiya va talabalarga yordam berish bilan bog‘liq qonunchilik hujjatlari bilan asoslanmagan farqlar belgilanishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • ushbu qonunning qoidalarini ta’lim muassasalarining ichki qoidalarida mustahkamlash, pedagog va ta’lim oluvchilarning kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida xabardorligini ta’minlash;
  • kamsitish to‘g‘risida shikoyat kelib tushgan taqdirda, uni darhol tekshirish, tugatish choralarini ko‘radilar.

Qonun bilan ish beruvchilarga xodimlarning kamsitishlardan himoyalash, teng sharoitlar, imtiyozlar hamda imkoniyatlar yaratish, teng mehnat sharoitlari va bir xil hajmdagi ish uchun teng miqdorda haq to‘lash, ish joylarida ta’qib qilishni taqiqlash va oldini olish, nogironligi bo‘lgan shaxslar va boshqa kasallikka chalingan shaxslar uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan mehnat huquqlarini amalga oshirishda zarur shart-sharoitlar yaratish belgilanadi.

Qolaversa, xodimlarga nisbatan intizomiy choralarni qo‘llash va bajarilgan ishlar uchun rag‘batlantirish sohasida kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, har qanday shaxs yoki shaxslar guruhining kasaba uyushmalariga a’zo bo‘lish va ular tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozlardan foydalanish va mehnat qonunchiligida belgilangan huquqlarini ta’minlash yuklatilmoqda.

Bundan tashqari, ishga kirish shartlari va erkin kasblarga ega bo‘lish imkoniyatlariga nisbatan kamsitishni amalga oshirish taqiqlanadi.

Shuningdek, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar ma’muriyati o‘rtasida xodimlarning vakillik organi bilan tuziladigan jamoa shartnomalari va kelishuvlarida ma’muriyatning xodimlarga nisbatan kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi majburiyatlari ushbu qonunda belgilangan asoslarda qo‘llaniladi, ish joylarida ishchilarni ta’qib qilish taqiqlanadi.

Sog‘liqni saqlash organlari va tibbiyot muassasalari teng imkoniyatlarni ta’minlaydi va kamsitishga yo‘l qo‘ymaydi. Tibbiy muassasalar har qanday shaxsga sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish, tibbiy sug‘urta, tez tibbiy yordam ko‘rsatish, oilaviy shifokorni tanlash, keksalar, bolalar, ayollar va aholining boshqa zaif toifalariga zarur xizmatlar ko‘rsatishdan bosh tortmasligi hamda har qanday shaxsda tibbiy eksperimentlarni ularni roziligisiz o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaslik choralarini ko‘radi.

Hujjatga ko‘ra, agar shaxs o‘zini teng muomala qilish bo‘yicha kamsitilgan deb hisoblasa, vakolatli organlarga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda, teng muomala qilish bo‘yicha kamsitilgan shaxsdan davlat boji undirilmaydi.

Shaxslarning teng huquqliligi buzilganligi to‘g‘risidagi ishlarni sudlarda ko‘rish chog‘ida advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik xizmatlarga haq to‘lash qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda, ularning xohishiga ko‘ra davlat hisobidan qoplanadi.

Bundan tashqari, teng muomala qilish va kamsitmaslik bilan bog‘liq munosabatlar maxsus qonunlar bilan tartibga solingan hollarda ushbu qonun normalari tatbiq etilmaydi.