Prezident Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 1 iyuldan boshlab avtomobilning orqa yon oynalarini qoraytirish to‘lovlari bekor qilinishi, ya’ni bepul bo‘lishini ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, 2022 yil 1 iyuldan boshlab:

  • yengil avtotransport vositalarining orqa yon oynalari tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun ruxsatnoma olish tartibi bekor qilinadi.
  • jismoniy va yuridik shaxslarning yengil avtotransport vositalari old yon oynalari tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berganlik uchun to‘lov miqdori BHMning 8 baravari — 2,4 mln so‘m etib belgilandi.

Shu kuni kechga yaqin mazkur tartiblarni tasdiqlovchi hujjat — prezidentning «Avtotransport vositalaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi.

«Bu hali boshlanishi. Men prezident maslahatchilari, bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlarga topshiriq berganman. Odamlarimizni qiynayotgan, ahamiyatini yo‘qotgan tartib va cheklovlarni bekor qilish bo‘yicha Ishchi guruhi barcha yo‘nalishlarda muntazam ishlayapti. Joylardan tushgan asoslangan takliflar va yechimlar bo‘yicha doimiy tarzda xalqimizning foydasiga xizmat qiladigan qarorlar qabul qilib boriladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.