28 iyun kuni Toshkentda Markaziy Osiyoning beshta davlati ombudsmanlari AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan qo‘llab-quvvatlangan mintaqada inson huquqlari himoyasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ikkita bitimni imzoladi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur hujjatlar O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tashkiloti tomonidan USAID ko‘magida tashkil etilgan «Markaziy Osiyo davlatlari ombudsmanlarining inson huquq va erkinliklarini ta’minlashdagi hamkorligi» forumi doirasida imzolandi.

Inson huquqlari bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning inson huquqlarini himoya qilish, qiynoqlarning oldini olish choralarini ko‘rish va mintaqa fuqarolarining inson huquqlari bo‘yicha huquqiy madaniyatini oshirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi. Hamkorlik haqidagi bitim esa xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va inson huquqlari sohasida doimiy tajriba almashishni ko‘zlaydi.

«Inson huquqlari bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasining imzolanishi kelajakda inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarga turtki bo‘ladi. Ushbu turtki harakat bilan qo‘llab-quvvatlanganda esa imzolovchilar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha umumiy taraqqiyotimizga amalda intilishlarini namoyish etadi», — deya ta’kidladi USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit.

Forumda Markaziy Osiyoning beshta davlatidan ombudsmanlar, shuningdek, davlat va xalqaro tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining 150 nafar vakili ishtirok etdi. Qayd etilishicha, forum va imzolangan bitimlar mintaqa ombudsmanlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha muhokamalar uchun xalqaro platforma bo‘lib xizmat qildi.

USAID Ombudsman tashkilotini uzoq vaqtdan beri qo‘llab-quvvatlab keladi, shuningdek, u mazkur institutning mustaqil faoliyat yuritish vakolatlarini kengaytiruvchi qonun loyihasini ishlab chiqishga ko‘maklashdi.

Qolaversa, Ombudsman institutiga butun mamlakat bo‘ylab fuqarolarga murojaat qilish va ularga xizmat ko‘rsatish imkonini beruvchi uskunalarni taqdim etdi. Ombudsman idorasi USAID ko‘magida Advokatlar palatasi va milliy nodavlat notijorat tashkilotlari bilan barcha fuqarolar uchun odil sudlovdan fondalanish imkoniyatini yaxshilash maqsadida davlat-jamoatchilik sheriklik asosida ishlaydi.