Umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasida davlat va fuqaro o‘rtasida yuzaga kelgan nizolarni inson foydasiga hal qilishni qayd etish taklifi bildirildi.

Yangi tahrirga ko‘ra, insonning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida qonunchilikda yuzaga keladigan, bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha qaramaqarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinadi.

Amaldagi KonstitutsiyaYangi tahrirdagi Konstitutsiya

II bob. Xalq hokimiyatchiligi


II bob. Xalq hokimiyatchiligi
13-modda.

O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.

Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.

13-modda.

O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga muvofiq inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.

Insonning sha’ni va qadr-qimmatini, huquq va erkinliklarini hurmat qilish, ularga rioya etish, ularni himoya qilish davlatning majburiyatidir.

Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi, qonunlarning ma’nosini, mazmunini va qo‘llanilishini, davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining faoliyatini belgilaydi.

Insonga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi davlat organi tomonidan ko‘zlanadigan qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tug‘dirmasligi kerak.

Insonning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida qonunchilikda yuzaga keladigan, bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha qaramaqarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinadi.

Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.

14-modda.

Davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi.
14-modda.

Davlat o‘z faoliyatini inson farovonligini hamda jamiyatning barqaror rivojlanishini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi.

Mazkur taklif meningkonstitutsiyam.uz sayti foydalanuvchisi Shoxruz Xayitov tomonidan bildirilgan bo‘lib, uni 1100 dan ortiq foydalanuvchi qo‘llab-quvvatlagan.

Shunga o‘xshash qoida Jinoyat protsessual kodeksining 23-moddasi 3-qismida (Aybsizlik prezumpsiyasi) ham qayd etilgan: «Aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak».

Qolaversa, «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasida shunday deyilgan: «Mulkdorning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida mulkdor huquqlarining ustuvorligi prinsipi amal qiladi, unga muvofiq qonunchilikdagi xususiy mulk huquqini amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar mulkdorning foydasiga talqin etiladi».

Bundan tashqari, shu kabi normalarni Bojxona kodeksining 4-moddasi, Soliq kodeksi 13-moddasi, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasi hamda «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasida ko‘rish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasi doirasida yana 6 kun mobaynida fikr bildirish mumkin.